Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:02

"Opa-singil Karimovalar o‘z imiji uchun Sarkozi qarindoshlaridan foydalangan"


Frantsiyada chiqadigan taniqli nashrlardan biri Le Point O‘zbekiston prezidentining qizlari Gulnora va Lola Karimova qanday qilib frantsuz yulduzlari va sobiq prezident Sarkozining yaqin qarindoshlari orqali o‘z imijini tiklashga uringani haqida yozdi.

O‘zbekiston prezidentining qizlariga tegishli Frantsiyadagi uylar tintuv qilinayotgan bir paytda e‘lon qilingan “Diktator Sarkozilar oilasini ishg‘ol qilishga uringanida” nomli maqolada to‘rt yil avval prezident Sarkozining yaqin qarindoshlari dunyoning "eng qattol diktator"laridan birining qizi uyushtirgan hashamatli ziyofatlarda mehmon bo‘lgani eslanadi.

2009 yilning aprel oyida Parijda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning kenja qizi va ayni paytda O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi Lola Karimova-Tillayeva uyushtirgan ziyofatda Frantsiyaning sobiq birinchi xonimi, prezident Jak Shirakning xotini Bernadett Shirak, mashhur kinoyulduz Alen Delon bilan bir qatorda Frantsiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolya Sarkozining tug‘ishgan akasi Giyom Sarkozi ham ko‘ringan edi.

Le Point jurnalining yozishicha, Frantsiyadagi yirik tekstil shirkatining egasi bo‘lgan 58 yoshli Giyom Sarkozi o‘zbek diktatorining qizlari bilan yaqinlashgan sobiq Frantsiya prezidentining yagona qarindoshi emas.

Nashrga ko‘ra, Nikolya Sarkozining jiyani Karolin Sarkozi o‘zbek diktatori qizlarining nafaqat Parijdagi balki Toshkentdagi ziyofatlarida mehmon bo‘lgan.

Asli kasbi dizayner bo‘lgan Karolin Sarkozi 2009 yilda O‘zbekistonda Gulnora Karimovaning Fond Forum jamg‘armasi va YuNESKO tashkiloti homiyligida uyushtirilgan “Asrlar sadosi” festivalida faxriy mehmon sifatida qatnashgan.

Frantsuz nashri yozishicha, o‘zbek diktatori oilasiga yaqinlashgan Nikolya Sarkozi atrofidagi yana bir shaxs Frantsiyadagi UMP siyosiy partiyasi raisi muovini Terri Marianidir.

Keyinchalik Frantsiya Transport vaziri va ushbu mamlakat prezidentining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili lavozimini egallagan Mariani 2012 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurganida prezident Islom Karimov tarafidan shaxsan qabul qilingan.

Le Point jurnalining yozishicha, janob Mariani Gulnora Karimovaga Frantsiyadagi yetakchi uran shirkatlaridan biri bo‘lgan “Avera” guruhi prezidenti Anna Loverjonni ham tanishtirgan.

Frantsiyada “Atom Anna” laqabi bilan tanilgan Loverjon xonim ham sobiq prezident Nikolya Sarkozining yaqin odamlaridan biri bo‘lgan. U Parij hukumati atom reaktorini Liviyadagi Muammar Qaddafiy rejimiga sotish urinishlari bilan bog‘liq ayblovlar markazida ham qolgan edi.

O‘zbekiston prezidentining qizlari sobiq prezident Sarkozining yaqin qarindoshlarini o‘z ziyofatlariga taklif etib, aslida nimaga erishmoqchi bo‘lishgani ma‘lum emas.

Le Point jurnali esa o‘zbek diktatorining qizlari shu orqali o‘z imijini tiklashga uringani haqda yozadi.

Frantsiyada yashaydigan o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Frantsiyaning kazo-kazolari, jumladan, Sarkozi qarindoshlari karimovalar ziyofatiga katta mablag‘ evaziga taklif etilgani ma‘lum.

- Bunaqa katta-katta ziyofatlarga kelishni o‘zi ma‘lum bir miqdorda pul turadi. Aniq tasdiqlangan ma‘lumotga ko‘ra, Monika Beluchchi bir marta kechki ovqat yeyishi uchun Karimovadan 190 ming yevro olgan. Undan ko‘ra, qudratli, prezidentga yaqin turadigan shaxslar bor, masalan Gulnora Karimova yoki Lola Karimovaning Frantsiya sobiq prezidenti Jak Shirakning xotini Bernadetta bilan tushgan rasmlari yoki Giyom Sarkozi bilan birga tushgan rasmlari, o‘ylaymanki, ular faqat kokteyl ichish uchun borishmaydi. Ular katta pullar evaziga bunaqangi ziyofatlarga borishadi. O‘zbekiston sharoitida bu pullar astronomik miqdordagi pullar, deydi Rabbimov.

Tahlilchiga ko‘ra, endilikda Frantsiyada karimovalar pul yuvish ayblovlari qarshisida qolishar ekan, sarkozilarni bu ma‘nan noqulay ahvolga solib qo‘yishi tayin.

- O‘ylaymanki, hozir Gulnora yoki Lola Karimova Sarkoziga yaqin o‘sha shaxslar bilan uchrashaman deydigan bo‘lsa, ularni ko‘pchiligi o‘zini olib qochishi tayin. Chunki hozir Shvetsiya va Shveytsariya qatori Frantsiya huquq – tartibot organlari ham karimovalarning pul yuvish bilan bog‘liq jinoyatga da‘volarni o‘rganmoqda, deydi Rabbimov.

Le Point nashrining yozishicha, frantsuz mahkamasi o‘rganaëtgan ish Shvetsiyaning TeliaSonera uyali aloqa shirkatining O‘zbekiston bozoriga kirish uchun 2007 yilda Gulnora Karimovaga yashirincha 320 million dollar pora to‘lagani ehtimoli bilan bog‘liq.

Hozirda bu ish bo‘yicha tekshiruv Frantsiyadagi taniqli mutaxassis¸ shov-shuvli biznesmen Bernar Tapi va sobiq Ichki ishlar vaziri Klod Gean ishini o‘rganayotgan tergovchi Serj Turner (Serge Tournaire) zimmasiga yuklatilgan.
XS
SM
MD
LG