Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:33

AQShda 16 qozog‘istonlik va bir o‘zbekistonlik tovlamachilikda ayblanmoqda


Payshanba kuni AQShning San Diyego shahrida to‘rtta yirik tovlamachilik ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlanadi. Soxta hujjatlar asosida AQSh soliq idorasidan bir necha million dollar o‘margani aytilayotgan 55 nafar ayblanuvchi orasida Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

2000 nafardan ziyod amerikalikka tegishli bo‘lgan shaxsiy ma‘lumotlarni o‘g‘irlab soliq idorasidan katta miqdorda pul undirganlikda gumonlangan 22 kishi o‘tgan hafta AQShning Los Anjeles, San Diyego, Las Vegas shaharlari va Merilend shtatida hibsga olindi.

Mazkur jinoyatga aloqadorlikda gumonlangan yana 33 kishi hozircha qo‘lga olinmadi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, ulardan 21 nafari AQSh hududini tark etgan.

Frans Press axborot agentligi xabariga ko‘ra, o‘n ikkita joyda o‘tkazilgan tintuv davomida politsiya 13 000 dollar naqd pul va to‘rtta o‘qotar qurolni qo‘lga tushirgan. Qurollarning uchtasi ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lgan.

29 shaxs 2000 nafardan ziyod amerikalikka tegishli ma‘lumotni o‘g‘irlab¸ shu ma‘lumotlar yordamida AQSh soliq idorasidan ortiqcha to‘langani iddao qilingan 17 million dollar qaytarib berilishini talab qilgan. Soliq idorasi ularga 7 million dollardan ortiqroq pul qaytargan.

Tergov idoralariga ko‘ra¸ AQSh tarixidagi yirik tovlamachilikda gumonlanayotganlar hatto (hayotda) yo‘q odamlar nomidan soxta hujjatlar tayyorlab soliq idorasiga topshirgan.

Ushbu yirik tovlamachilikka aloqadorlikda gumonlangan shaxslar orasi 26 yashar O‘zbekiston fuqarosi Marsal Medet ham bor.

Moliyaviy firibgarliklarda O‘zbekiston fuqarosining qanday rol o‘ynagani hozircha ma‘lum qilinmadi.

16 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham yirik tovlamachilikka aloqadorlikda gumonlanmoqda¸ hozircha ulardan faqat bir nafari ushlangan.

Tergov materiallariga ko‘ra, jinoiy guruhga Armaniston fuqarolari yoki amerikalik armanlar boshchilik qilgan. Ular to‘rtta sxema bo‘yicha soliq idorasidan pul undirgan.

Birinchi sxema bo‘yicha, AQShga student vizasi bilan kelgan xorijlik yoshlar mamlakatda uzoq muddat qola olmagani sababli jinoyatchilar ulardan ustamonlik bilan foydalangan.

Xususan, xorijlik yoshlar banklarda o‘zlariga hisob raqamlari ochishgan, pochta qutilarni ijaraga olishgan. AQSh soliq idorasi pullarni aynan o‘sha pochta adreslariga jo‘natgan.

Studentlar kelishilgan miqdordagi pulni o‘zlariga olishgan va qolganini tovlamachilarga berishgan. Bu tovlamachilikka aloqadorlikda gumonlangan studentlarning ayrimlari o‘z vatanlariga allaqachon qaytib ketgan.

Ikkinchi sxema bo‘yicha ayblanayotgan uch shaxs o‘g‘irlangan shaxsiy ma‘lumotlar asosida soliq idorasiga 440 ta soxta deklaratsiya topshirgan. Jinoyatchilar bu sxema orqali taxminan 3 million dollar “ishlab olish”ga umid qilgan.

Uchinchi jinoyat ishi bo‘yicha sakkiz kishi ayblanmoqda. Ular Wells Fargo bankining badavlat mijozlariga oid ma‘lumotlarni o‘g‘irlab, katta miqdordagi pulni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Xususan, jinoyatchilar o‘z tashqi ko‘rinishlarini o‘zgartirib banklarga borishgan va ma‘lumotlari o‘g‘irlangan mijozlar hisob raqamlaridagi pullarni oltin oldi-sottisi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar hisobiga o‘tkazishgan.

Keyinroq tavlamachilar tillachilardan oltin tangalarni olib g‘oyib bo‘lishgan. Jinoyatchilar bu sxema bo‘yicha 3 million dollar o‘g‘irlashni rejalagan. Ammo ular 550 ming dollar o‘marishga ulgurgan.

To‘rtinchi jinoyat ishi bo‘yicha 18 shaxs ayblanmoqda. Ular pul bo‘lmagan bank hisob raqamlaridan cheklar yozish orqali Amerika Bankidan 600 ming dollar o‘g‘irlashga mavaffaq bo‘lgan.

AQShdagi tegishli organlar mazkur tovlamachilikka aloqadorlikda gumonlangan va hozircha qo‘lga olinmagan boshqa shaxslarni qidirmoqda.

Ayni paytda, AQShni tark etgan 21 shaxsning kimligini aniqlash ustida ish olib borilmoqda.
XS
SM
MD
LG