Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:55

Gulnora Karimova Tvitterdagi sahifasi yo‘qolganini fitnaga yo‘ydi


Prezident qizi Gulnora Karimova Instagramdagi Realgoogoosha nomi bilan qayd etilgan blogida Tvitterdagi akkauntining yo‘qolib qolganini navbatdagi fitna, deb sharhladi. Karimova xonim iddaosicha, bu shu oy oxirida Toshkentda o‘tajak Style.uz tadbiriga qarshi qilinayotgan provokatsiyadir.

Instagramda Realgoogoosha nomi bilan qayd etilgan blogida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bilan muloqot qilgan Gulnora Karimova Tvitterdagi akkauntining yo‘qolib qolganiga oid savollarga javob berdi.

“Tvitterdagi akkauntimga nimadir bo‘ldi... Style.uz oldidan bu tadbirni barbod qilishga urinishlar bo‘ladi, bu meni hozir ajablantirmay qo‘ygan. Siyqasi chiqqan yo‘llar bilan menga qarshi qora piarlar qilishadi, Sting bir hovuch boylar davrasida ko‘ngilxushlik qilish va oila uchun qandaydir "saroy"da chiqish qilish uchun keladi va hokazo gaplar..." deb yozdi Karimova xonim.

Shuningdek, u bu tadbirni mamlakat ichkarisi va xorijdan turib buzishga urinayotganlarni "yangi sog‘lom biriga hasad va qo‘rquv bilan qarayotganlar" deb ta‘rifladi.

"Haftalikka keladigan mehmonlar va tadbir qatnashchilariga o‘ylab topilgan tashkilotlar nomidan bog‘lanish va ularni qo‘rqitish bo‘yicha fantaziyalari tugab-bitmaydi, go‘yoki, bu tashkilotlar O‘zbek moda haftaligida ishtirok etgani uchun ularni "sharmanda" qilisharmish... Ayanchliki, buni o‘zimiznikilar, shaxsiy ambitsiyalariga yengilib yangi sog‘lom biriga hasad va qo‘rquv bilan qarayotgan, odatan chet elliklarga suyanganlar qilayapti", deb yozdi Karimova.

Gulnora Karimova o‘z tadbirlariga halaqit qilayotgan fitnakorlar chet ellardagi “O‘zbekistonni kuchli va qaram bo‘lmagan holda ko‘rishni xohlamayotgan” guruhlar ekaniga ishora qildi.

Gulnora Karimovaga tegishli @GulnaraKarimova akkaunti uch kun avval o‘chib qolgan, uning tarafdorlari akkunt hakerlik hujumiga uchraganini aytgandi.

Tvitterdagi Googoosha fan-klubi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, @GulnaraKarimova akkauntining 39 ming folloveri (mushtariysi) bor edi. Unda Karimova yozgan tvitlar soni esa 15 mingdan oshib ketgan.

Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkilotining Bryusseldagi bo‘limi mutaxassisi Endryu Strolayn Gulnora Karimova bilan Tvitterda bir necha marta muloqot qilgan.

- U kimdir akkauntiga hujum qilgani, shu sabab Tvitterdan uzilib qolganini iddao qilyapti. Lekin, u Tvitterda hech qachon ochiq muloqot qilmaganku?! Ancha jiddiy savollarni javobsiz qoldirgan. U bilan yetti, balki sakkiz marta muloqot qilgan bo‘lsak, barchasida O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishi holari bilan bog‘liq savollarga javob bermagan. Men unga ochiq xat ham yozganman, dekabr oyida, haligacha javob yo‘q. Mening nazarimda hamma O‘zbekistondagi qattol rejimga aloqadorligini uning yuziga pesh qilavergach, u Tvitterdan o‘chgan bo‘lishi mumkin, - deydi Strolayn.

Googoosha fan-klubi ham @GulnaraKarimova akkaunt egasining o‘zi tomonidan o‘chirib yuborilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilmoqdalar.

Xususan, Tvitter foydalanuvchilaridan biri @uzchase xabariga tayangan holda, “Gulnara Karimova shaxsiy profilini o‘chirib yuborishi va tez fursatda yangi profil ochishi haqida yozma xabar qoldirgan”ini yozadilar.

O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining Tvitterdagi @GulnaraKarimova akkauntini ayrim kuzatuvchilar uning tashqi dunyoga tuynugi o‘laroq qabul qilgan edi.

Unda Karimova xonimning yarim rasmiy, yarim norasmiy talqinlari-tahlillari-tanqidlari-ta‘nalari aks etib borardi.

Lekin, Endryu Strolayn O‘zbekiston prezidenti qizining Tvitter akkaunti tashqi dunyoga tuynik bo‘lgan, degan fikrdan yiroq ekanini aytadi.

- Yana bir bor aytaman, Karimova O‘zbekistonning BMTdagi elchisi o‘laroq hech qachon o‘z akkauntida inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy savollarga javob bermagan, holbuki o‘zbek rasmiysi o‘laroq u jamoatchilikni o‘ylantirayotgan jiddiy masalalarni chetlab o‘tmasdan, javob berishi kerak edi, - deydi Strolayn.

Gulnora Karimovaning so‘nggi yillarda Tvitterda ancha faol bo‘lgani kuzatildi.

Tvitterdagi sahifasida mushtariylari va ayni damda xorijda tanilgan inson huquqlari faollari, jurnalistlar bilan ochiq muloqotlar yuritdi.

Shuningdek, ayni shu tarmoqda shaxsiy hayoti, jamoatchilikka qorong‘u qolayotgan otasi bilan munosabatlariga oid ba‘zi ma‘lumotlarni ochiqladi.

Tvitterdagi sahifasida Gulnora Karimova O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy-madaniy tadbirlariga oid mamlakat ichkarisi va tashqarisida berilayotgan baholarga ham munosabatlarini bildirib bordi.

Karimova xonimning bu faolligini, ayrim tahlilchilar, uning prezident otasiga voris bo‘lish ishtiyoqidan darak, deb ham baholayotgan edilar.
XS
SM
MD
LG