Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:05

Prezident Karimov rafiqasining jiyani hibsga olingani aytilmoqda


Farg‘ona vodiysidagi neft oldi-sotdisini boshqarib kelgan yirik tadbirkor Akbarali Abdullayev hibsga olingani xabar qilindi. Prezident Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani bo‘lgan Akbarali Abdullayev moliyaviy jinoyatlarda ayblanayotgani aytilmoqda.


"Prezident qarindoshi hibsga olindi"


Bir paytlari Farg‘ona vodiysidagi biznes tizimining aksar qismini o‘z nazoratiga olgan Akbarali Abdullayevning 10 oktyabr kuni hibsga olinganini Farg‘ona viloyat prokuraturasidagi manba Uznews.net saytiga tasdiqlagan.

Ozodlikning Farg‘onadagi manbasi esa o‘tgan hafta oxirida xalq orasida "Prezident o‘zining qarindoshi Akbarni qamoqqa olgani" haqidagi gap-so‘z paydo bo‘lganini aytdi.

Akbarali Abdullayev prezident Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning singlisi Tamara Akbarovna Sobirovaning o‘g‘li bo‘ladi.

Akbarali Abdullayev poraxo‘rlik, soliqlarni yashirganlik va mulkni o‘zlashtirishda ayblanayotgani va uning hozirda Toshkentdagi hibsxonalardan birida saqlanayotgani aytilmoqda.

Ayni paytda Farg‘onadagi huquq-tartibot idoralari Akbarali Abdullayevning hibsga olingani haqidagi xabarni Ozodlikka tasdiqlaganicha yo‘q.

Farg‘onadagi mabalarimizning o‘rganishicha, Tamara Sobirova oilasiga yaqin bo‘lgan shaxslar ham Akbaralining hibsga olinganini tasdiqlamagan.


Akbarali biznesiga qarshi harakat bir yil avval boshlangan


Akbarali Abdullayev nazoratida ekani aytiladigan Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodida o‘tgan yilning yozida "tozalash ishlari" olib borilib, bir guruh mulozimlar hibsga olingan edi.

Ozodlik muxbiri o‘sha paytda bu mavzuni o‘rganganida zavod direktori Bahodir Toshtemirov ham hibsga olinganlar ro‘yxatida borligini aniqlagan edi.

Mazkur zavodda 30 yildan ziyod ishlab, hozirda nafaqada bo‘lgan Ismoil Mallaboyev Ozodlikka zavodning o‘ttizga yaqin mulozimi hibsga olingani haqida xabar bergandi.

Bir yil oldingi "tozalash" payti mazkur zavod mulozimlaridan tashqari Akbarali Abdullayev boshqaradigan guruh a‘zolari bo‘lgan Sodiq va Akbar degan aka-ukalar ham ushlangan, biroq keyinchalik qo‘yib yuborilgani xabar qilingan.


"Farg‘ona neft - prezident yaqinlari nazoratida"


O‘zbekistonda keyingi yillarda benzin ta‘minotida muammolar yuzaga kelgani ma‘lum.

Ozodlik pochtasiga farg‘onalik bir muxlisdan kelgan maktubda aytilishicha, mamlakatdagi benzin taqchilligi ortida ma‘lum "jinoiy guruhlar" turibdi.

Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini mustaqil tahlil qilgan muxlisga ko‘ra, "Farg‘ona neft zavodi O‘zbekiston prezidentiga yaqin bo‘lgan shaxslar nazoratida bo‘lib, zavodda korruptsiya va o‘g‘irlik holatlari ko‘paygan".

Xat muallifi iddaosiga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi neft oldi-sotdisi prezident Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani Akbarali Abdullayev tomonidan nazorat qilinadi.


Prezident qarindoshlarini ham “ayamaydi”


Akbarali Abdullayev prezident Karimovning hibsga olingan yagona qarindoshi emas.

Islom Karimovning jiyani 44 yoshli Jamshid Karimov 2005 yil sentyabrida hibsga olinib, sud qaroriga ko‘ra ruhiy muolajaga majburlangan edi.

Yetti yil davomida Samarqanddagi maxsus ruhiy shifoxonada “davolangan” Jamshid Karimov o‘tgan yilning noyabr oyida ozod qilinganidan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bergani yo‘q.

Xalqaro tashkilotlar Britaniyadagi Urush va tinchlikni yoritish instituti bilan hamkorlik qilib kelgan jurnalist Jamshid Karimov tanqidiy maqolalari uchun mana shu tarzda jazolanganini aytishgan.

Hibsga olinishidan avval Jamshid Karimov internetda mahalliy va markaziy hokimiyat idoralarini tanqid qiluvchi qator maqolalar e‘lon qilgan edi.
XS
SM
MD
LG