Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:41

Mehnat muhojiri uchun zo‘ravonlikdan saqlanish yo‘llari (ba‘zi tavsiyalar)


Rossiya poytaxtining G‘arbiy Biryulyovo mavzeidagi voqealar Moskva shahar rahbariyati va kuchishlatar tizimlariga Rossiya poytaxtida “zachistka” va “noqonuniy mehnat muhojirlaridan tozalash” amaliyotlarini yangidan boshlashga asos yaratdi.

Natijada mehnat muhojirlari, shu jumladan o‘zbekistonlik muhojirlar ikki o‘t orasida qoldi: bir tomonda politsiya bosimi, ikkinchi tomonda millatchi guruhlar zo‘ravonligi.

Mana shunday og‘ir sharoitda mehnat muhojiri o‘z xavfsizligini ta‘minlash uchun nima qilishi kerak?

Biryulovodagi vaziyatning og‘irligini o‘sha yerdan 17 oktabr kuni Ozodlik bilan bog‘langan o‘zbekistonlik yigitning mana bu gaplaridan ham his qilsa bo‘ladi.

- Hamma uyida yotibdi. Ishsiz. Ko‘chaga chiqolmaydi. Ko‘chaga chiqsa OMON ushlab olib ketayapti. Kechqurun soat 6 dan keyin o‘rislar bolalarni ushlab olib urayapti, dedi Biryulovoda deyarli uy qamog‘ida o‘tirgan mehnat muhojiri.

Lekin uyda haftalab, oylab o‘tirgan bilan muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi – baribir ko‘chaga chiqish kerak.

Biz mehnat muhojirlari huquqlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanib, politsiya va millatchi yoshlarga duch kelib qolganda mehnat migranti o‘zini qanday tutishi kerakligi to‘g‘risida so‘radik.

Moskvadagi “Fuqarolik ko‘magi” tashkiloti vakili Yelena Burtina politsiya xodimi bilan munosabatga doir bir qator maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.


Politsiya xodimidan uning kim ekanligini so‘rang


- Albatta, vaziyatlar turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham og‘ir-bosiqlik bilan politsiya xodimidan uning kim ekanligini, politsiyaning qaysi bo‘limidan ekanligini so‘rash mumkin, deydi Yelena Burtina
Kimligini so‘ray olmagan bo‘lsangiz,


Politsiya xodimi ko‘kragidagi nishonni eslab qoling


Yelena Burtinaga ko‘ra, ko‘krak nishonidagi nomerni eslab qolish o‘sha nishon egasining g‘ayriqonuniy ishlaridan arz qilish uchun zarurdir.

Moskvadagi “Markaziy osiyolik siyosiy qochqinlarga ko‘mak” tashkiloti vakili Bahrom Hamroyev ham politsiyachining ko‘krak nishoniga e‘tibor berishning naqadar muhim ekanligini uqtirdi.

- Ko‘kragidagi nomerini yozib olsin, munosabat keskin o‘zgaradi, dedi Bahrom Hamroyev.


Politsiya xodimiga “nima uchun to‘xatdingiz”, degan savolni bering


Bu Yelena Burtinaning navbatdagi maslahati. U bu vaziyatda mehnat migranti og‘ir-bosiq, xushmuomala bo‘lishi lozimligini yana eslatdi.

Telefoningizni tortib olishlaridan oldin hech yo‘q yaqinlaringizga xabar berib qo‘yishga shoshiling

Yelena Burtinaning fikricha, politsiyachini bu harakatingiz hushyor torttiradi.


Sizni politsiya bo‘limida 3 soatdan ortiq ushlab turishga haqlari yo‘q


Lekin agar Siz

ma‘muriy huquqbuzarlik qilganlikda yoki jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan bo‘lsangiz, qo‘lga olinganingiz rasmiylashtirilgan daqiqadan boshlab 48 soatgina ushlab turishlari mumkin.

48 soat – sud hukmisiz ushlab turiladigan muddat. Bu muddat ichida qo‘ng‘iroq qilib olish huquqingiz bor.

Telefon qilish huquqingizdan foydalanishga ruxsat berishlarini talab qiling.

O‘zingizga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatma bermaslikka haqingiz bor.

Yelena Burtina, shuningdek,

politsiya xodimi yozgan bayonnomani to‘la tushunmagan bo‘lsangiz, uni imzolamang,
degan masalahatni berdi.

Til bilmasangiz, tarjimon bilan ta‘minlashlarini talab qiling, bunga ham haqingiz bor.

Shuni aytish kerkki, mehnat muhojirlari uchun keyingi paytlarda ko‘plab qo‘llanmalar turli tashkilotlar tomonidan tuzilmoqda.

Ulardan birida mana bunday tavsiyalar berilgan:

Jamoat joylarida rus tilida gapirishga harakat qiling va baland ovozda milliy musiqa qo‘yish, baland ovozda ona tilida so‘zlashish bilan ko‘pchilik e‘tiborini o‘zingizga qaratmang.

Siz yashab turgan joyda vatandoshlaringiz ko‘payib ketgan bo‘lsa ham, vataningizdagi tartiblarni o‘rnatishga urinmang.

Xushmuomala, ozoda, mehnatsevar bo‘ling, spirtli ichimliklar iste‘mol qilmang.

Yolg‘iz yurmang, ayniqsa tunda, hech kim yo‘q xilvat joylarda yolg‘iz yurmang.

Albatta, so‘nggi 4 maslahatning ba‘zilaridan mehnat muhojiriga g‘amxo‘rlikdan ko‘ra, unga hurmatsizlik ufurib turibdi. Lekin shunga qaramay, Biryulovo voqealaridan so‘ng og‘irlashib ketgan bir vaziyatda ularga amal qilish foydadan holi bo‘lmaydi.
XS
SM
MD
LG