Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:32

Zarafshon qamog‘idan yana bir “hizbchi”ning o‘ligi chiqdi


21 oktabr kuni Toshkent shahrining Samarqand darvoza mavzeida yashovchi Salohiddinovlar oilasiga 35 yashar Samariddinning o‘ligi keltirildi. 1999 yilda “Hizb-ut-Tahrir” diniy-ekstremistik guruhiga a‘zolikda ayblanib¸ 17 yilga qamalgan Samariddinning qamoqda qiynoqlardan o‘lgani taxmin qilinmoqda.

Ozodlikka 23 oktabr kuni o‘z ishonchli manbasidan kelgan ma‘lumotda diniy ayblov bilan 14 yildan beri qamoqdan o‘tirgan yigit janazasining qo‘rquv muhitida o‘tgani aniqlanadi:

“21 oktabr kuni Zarafshon qamoqxonasidan 159 va 244-modda bilan 1999 yilda qamalgan Samarqand darvozasida turadigan 1978 yilda tug‘ilgan Samariddin ismli bolaning o‘ligi keldi. Salohiddinov Samariddin maktabni oltin medal bilan¸ institutni qizil diplom bilan tugatgan.

Olim bola edi. Bolaligidan bilamiz. Janozasiga qo‘rqib chiqmadik. Uni aniq urib o‘ldirishgan. Oyoq-qo‘llari sinib ketgan¸ boshi momataloq bo‘lib shishib ketgan. Uydagilari ikki oy oldin borishganda soppa-sog‘ bo‘lgan”¸ deyiladi Ozodlikka yuborilgan maktubda.

Bu xabar ortidan Ozodlik Salohiddinovlar oilasi bilan bog‘lanib¸ voqeaga oid tafsilotlarni o‘rganishga urindi. Ammo oila a‘zolari o‘zaro maslahatlashib¸ Samariddinning o‘limi tafsiloti haqida matbuotga gapirmasligini bildirdi.

O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov¸ bunday sukut sababi juda jo‘n ekanini ayta turib¸ qamoqdan o‘ligi kelgan mahbusni tuproqqa qo‘yishdan to uning boshqa marosimlarini o‘tkazish davomida MXX xodimlari marhumning uyida turishlari va kelgan-ketganniyu¸ kimning kimga nima deganini nazorat qilib o‘tirishini aytadi:

- Bular (MXX xodimlari nazarda tutilmoqda - tahr) hozirda shunaqa qattiq olishdiki¸ kechqurun o‘likni olib kelishadi¸ uyini o‘rab olib¸ hech kimni kirgizmaydiyam¸ chiqarmaydiyam. Erta saharda majburlab ko‘mdiradi va bir necha kun uyidan ketmay shu yerda o‘tiradi. Qarindoshlarini juda qattiq qo‘rqitishadi. Shuning uchun ular bu haqda gapirmaydi¸ deydi Sur‘at Ikromov.

O‘z arxividan Samariddin Salohiddinov sudiga oid materiallarni qidirb topgan huquq faoli uning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining qator moddalari bilan ayblanib¸ 17 yilga ozodlikdan mahrum etilganini bildiradi:

- Salohiddinov Samariddin Sirojiddinovich. 1978 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Oliy ma‘lumotli. Toshkentdagi Imom Al-Buxoriy nomli diniy institutni tamomlagan. "Hizb-ut-Tahrir"da ayblab¸ avvaliga qidiruvga berishgan¸ 1999 yil 8 sentabrda hibsga olishgan. Jinoyat Kodeksining 159¸ 244¸ 214-moddalarida ayblanib¸ 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan¸ deydi Sur‘at Ikromov.

Avvaliga Jasliqda¸ o‘lishidan oldin esa Zarafshondagi 64/48 jazoni o‘tash muassasasida saqlangan Samariddin Salohiddinovning qamoqda qiynoqlardan o‘lganini taxmin qilish qiyin emas¸ ammo buni isbotlash uchun marhumning oilasi bu haqda ochiq gapirishi kerak¸ deb ta‘kidlaydi huquq faoli:

- Masalan¸ qancha odamning diniy ayblar bilan qamalganini ham kamdan-kam hollarda¸ faqat ularning yaqinlari bizga ma‘lumot bersagina¸ bilamiz. O‘lganlar haqida ma‘lumot yig‘ish juda qiyin. Agar ular yaqinlarining o‘zi qo‘ruvni yengib¸ Ozodlikka yoki huquq faollariga murojaat qilsagina¸ biz bundan xabar topamiz. Aksar hollarda¸ bunday o‘liklar imi-jimida ko‘mdirilmoqda. Ammo bu degani qamoqdan o‘lik kelish hollari kamaydi¸ degani emas. Yiliga 200-300 atrofida qamoqdan o‘lik chiqmoqda va ularning ko‘pi diniy ayblar bilan qamalganlardir. Hozirda O‘zbekiston qamoqxonalarida diniy e‘tiqodi uchun qamalganlar soni¸ bizning hisbomizga ko‘ra¸ 12 mingdan oshib ketdi¸ deydi O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.
XS
SM
MD
LG