Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:56

Forbes reytingi: Alisher Usmonovning jahonda nufuzi oshib bormoqda


Namanganda tug‘ilgan milliarder Alisher Usmonov.
Namanganda tug‘ilgan milliarder Alisher Usmonov.
Forbes jurnali tomonidan chorshanba kuni e‘lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli odamlari-2013” reytingida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov 63-pog‘onani egalladi. Bu yilgi ro‘yxatga siyosiy, iqtisodiy, tijoriy va ijtimoiy nufuzga ega bo‘lgan 72 nafar arbob kiritilgan.

Forbes jurnalining avvali yillardagi reytinglari solishtirilganda, Alisher Usmonovning nufuzi yildan yilga oshib borayotgani kuzatiladi. Jumladan, Alisher Usmonov jahondagi eng qudratli odamlarning 2011 yilgi reytingida 70-pog‘onani egallagan bo‘lsa, 2012 yilgi reytingda 67-pog‘onani egallagan, bu yilgi reytingda esa u yana 4 pog‘ona yuqorilagan.

Jahon boylari orasida 34-o‘rinda turuvchi, Rossiyada esa eng boy odam hisoblanuvchi Alisher Usmonov o‘zining 17,6 milliard dollarlik mulkini asosan metall savdosidan topgani aytiladi. Ammo so‘nggi yillarda u telekommunikatsiya, media va texnologiyalar sohasiga ham sarmoya yotqiza boshlagan.

2009 yilda Usmonovga tegishli bo‘lgan DST jamg‘armasi Facebook aktsiyalari oldi-sottisi ortidan qariyb 1,5 milliard dollar foyda ko‘rgan.

Ayni paytda Alisher Usmonov Internetdagi Mail.ru va Megafon uyali aloqa shirkatlari aktsiyalariga hamda Londonning Arsenal futbol klubida ulushga ham ega.

Yaqinda u Apple shirkatining 100 million dollarlik aktsiyalarini sotib oldi.

Alisher Usmonov hozirda “Gazprominvestxolding”ning bosh direktori bo‘lib hisoblanadi.

1953 yilda Namangan viloyatining Chust shahrida prokuror oilasida tug‘ilgan Alisher Usmonov 1976 yilda Moskvadagi Xalqaro munosabatlar davlat institutini tamomlagan.

Forbes jurnali bu yilgi reytingda dunyodagi eng qudratli odami o‘laroq birinchi o‘rinni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bergan. Ikkinchi o‘rinni AQSh prezidenti Barak Obama, uchinchi o‘rinni esa Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin egallagan.

O‘tgan yilgi reytingda AQSh prezidenti Barak Obama birinchi o‘rinni, Germaniya kantsleri Angela Merkel ikkinchi o‘rinni, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa uchinchi o‘rinni egallagandilar.

“Dunyoning eng nufuzli odamlari” reytingi AQShda chiqadigan Forbes jurnalining sub‘ektiv tanlovi asosida tuziladi. Bu yerda reyting ishtirokchisi qabul qilgan qaror qancha odamga ta‘sir qilishi, u nazorat qilayotgan moliyaviy oqimi ko‘lami, uning o‘z hokimiyatidan nechog‘li faol foydalana olishi kabilar nufuzlilik mezoni o‘laroq olingan.
XS
SM
MD
LG