Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:41

Vladivostokda to‘lg‘oqdagi o‘zbekistonlik ayol tug‘ruqxonaga kirg‘izilmadi


Seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi Vladivostokdagi 1-tug‘ruqxonaga kelgan O‘zbekiston fuqarosini kasalxona xodimlari na puli va na tibbiy sug‘urtasi yo‘q¸ degan asosda qabul qilmadi. Kechqurun yolg‘iz o‘zi to‘lg‘oq paytida ko‘chaga chiqarib yuborilgan ayol kasalxona atrofida yashovchilar va politsiya aralashuvidan so‘ng ichkariga olindi. Tibbiyot xodimlarining bunday sovuqqonligi hozirda huquq tizimlari tomonidan tekshirilmoqda.

5 noyabr kuni kechqurun to‘lg‘oq holatida Vladivostokdagi 1-tug‘ruqxonaga Tez yordam bilan olib kelingan o‘zbekistonlik ayolni tug‘ruqxona vrach va akusherlari qabul qilishdan bosh tortdi.

Voqea tafsilotlarini o‘rganayotgan Primoryedagi “Adolat” o‘zbeklar jamoat tashkiloti raisi Bahodir Nurakovning Ozodlikka bildirishicha¸ shundan so‘ng ayol tug‘ruqxonani tark etishga majbur bo‘lgan:

- Skoriy olib kelgan¸ lekin bular qabul qilmagan. Skoriy ham ketvorgan¸ videorolikda ko‘rgan bo‘lsangiz¸ bular ham (tibbiy xodimlar-tahr.) baqir-chaqir qilishgan¸ “o‘zingga borib tuqqin¸ nima bor bu yerda” degan gap bo‘lgandan keyin¸ menimcha u ayol chiqib ketgan¸ deydi Nurakov.

Hozircha shaxsi oshkor qilinmayotgan bu ayol bir soatdan ko‘proq davom etgan tortishuv va politsiya aralashuvi bilan ichkariga olinishi hamono o‘g‘il farzand tuqqan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahri bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati o‘zbekistonlik tug‘ayotgan ayolga tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortish voqeasining politsiyachilar aralashuvi bilan hal etilganini bildira turib¸ bunday holning shaharda ilk bor kuzatilganini qo‘shimcha qildi:

- Bizni voqea joyiga chaqirishdi va darhol kelib¸ ayolni tug‘ruq bo‘limiga olib kirishga yordam berdik. Bizning aralashuvimiz shu yerda tugadi. Voqea tafsilotlarini prokuratura¸ Tergov qo‘mitasi va migratsiya xizmati o‘rganmoqda. Ayni paytda¸ kasalxona rahbariyati ham voqea yuzasidan o‘z tekshiruvini o‘tkazmoqda. Balki kasalxonalarda sug‘urtasi va puli yo‘q odamni ichkariga olma¸ degan qandaydir ichki ko‘rsatma bordir. Ammo¸ nazarimda¸ bunday holatda tibbiyot xodimlari ayolga yordam berishlari kerak edi. Ammo xulosani tegishli idoralar chiqaradi¸ biz emas¸ dedi Vladivostok politsiyasi xodimasi.

7 noyabr kuni 1-tug‘ruqxona hamshirasining Ozodlikka aytishicha¸ ona va bola allaqachon kasalxonadan chiqarilgan:

- Ayol tug‘ruqxonadan chiqarildi. Hammasi joyida. Ona ham¸ shiringina bolasi ham sog‘-salomat¸ degan hamshira tafsilotlarni o‘rganish uchun navbatchi vrach bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Ammo matbuot bilan gaplashishdan bosh tortgan 1-tug‘ruqxona vrachi¸ voqea tafsilotlarini jamoatchilik bilan muhokama qilmasligini aytib¸ go‘shakni tashladi.

Primorьedagi “Adolat” o‘zbeklar jamoat tashkiloti raisi Bahodir Nurakovning aytishicha¸ mazkur voqea yuzasidan 7 noyabr kuni maxsus yig‘in o‘tkazilgan va majlisdan so‘ng jurnalistlar bilan uchrashuv ham bo‘lgan:

- Bugun bo‘ldi¸ bir soat bo‘ldi u yerdan kelganimga. Glavvrach bilan uchrashdim¸ u yerda shahar hokimligining ichki ishlar¸ siyosat bo‘yicha xodimlar bo‘lishdi. Qisqa majlis o‘tkazdik. Ularning aytishi bo‘yicha¸ voqea paytida glavvarch bo‘lmagan. Skoriy olib kelganda ayolni qabul qilishmagan¸ ammo priyomniyga kirg‘izishgan. O‘shandan keyin u ayol chiqib ketayotgan paytda to‘lg‘oq tutib¸ ularning aytishi bo‘yicha¸ qo‘shni domda turadigan bir ayol ko‘rib¸ melisa xodimlarini chaqirib¸ birgalikda u ayolni roddomga olib kirishgan. Glavvrach o‘zini oqlashga urinayapti¸ navbatchi vrach operatsiyada bo‘lgan¸ u ayol kutishni xohlamay¸ o‘z xohishi bilan ketgan¸ degan gaplar qilishdi¸ deydi Bahodir Nurakov.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ hozircha qayerda ekani va kimligi haqida aniq ma‘lumot yo‘q bu ayol¸ o‘zbekistonlik lo‘lilardan va 5 noyabr kuni tug‘ilgan chaqaloq uning to‘rtinchi bolasi.

Bu voqea¸ millatchilik kuchayib¸ ayniqsa o‘zbekistonliklarga nisbatan tazyiq va bosimlar kuchayib borayotgan kunlarda yuzaga chiqqaniga qaramay¸ Rossiya matbuoti diqqatini o‘ziga jalb qildi.

Bahodir Nurakovning aytishicha¸ Vladivostokdagi 50 mingga yaqinlashib qolgan o‘zbek diasporasiga nisbatan nafaqat migratsiya va politsiya xizmatchilari¸ balki mahalliy aholi munosabati ham ancha murakkablashayotganiga qaramay¸ aksar jamoatchilik bu konkret voqeada o‘zbekistonlik ayolga xayroxoh bo‘lmoqda.
XS
SM
MD
LG