Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:06

Butunrossiya “Yoshlar” harakati O‘zbekiston elchixonasi ustidan arz qildi


Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan Rossiyadagi o‘zbek yoshlarining “Yoshlar” harakati raisi Maxsud Abdujabborovga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini himoyalash yo‘lidagi o‘z burchini mutlaqo bajarmayapti.

Harakatning elchilik faoliyatidan noroziliklari O‘zbekiston Prezidenti nomiga bitilgan ochiq xatda aks etgan.

O‘zbekiston Prezidentiga arz qilishga majbur qilgan omillar to‘g‘risida Ozodlikka gapirar ekan, Maxsud Abdujabborov bunday dedi:

- Rossiya Federatsiyasi hududida FMS, IIV va boshqa kuch ishlatar idoralar tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga qarshi o‘ta xunuk siyosat olib borilmoqda, migrantlar ular uchun mo‘may pul manbaiga aylanib qoldi, deydi Maxsud Abdujabborov.

Xalqaro huquq me‘yorlariga ko‘ra, deb davom etdi u, Rossiya hududida O‘zbekiston, ya‘ni chet el fuqarosi kuch ishlatar idora tomonidan ushlanar ekan, bu haqda O‘zbekiston konsulligiga ma‘lum qilinishi lozim. Bu me‘yorga Rossiya ma‘murlari amal qilmayapti, O‘zbekiston elchisi va konsulining esa, bu bilan ishi ham yo‘q, dedi Maxsud Abdujabborov.

Butunrossiya “Yoshlar” harakati O‘zbekiston Prezidentiga yozgan ochiq xatda, jumladan bunday deyilgan:

“4 noyabrgi bayram davomida Peterburgda skinxedlar 2 o‘zbekni o‘ldirdi, 20 nafarini kaltakladi. 14 kishi pichoqlandi. Biryulyovoda (Moskva) sodir bo‘lgan to‘polon chog‘ida bir o‘zbek o‘ldirildi, lekin bunga birov e‘tibor bermadi. Vladivostokda o‘zbekistonlik ayolni tug‘ruqxonaga kiritishmadi – u kasalxona ostonasida, itga o‘xshab tug‘ishga majbur bo‘ldi. Rossiyada istiqomat qilayotgan o‘zbeklar bu faktlarning birontasi yuzasidan ham elchi o‘z pozitsiyasini bildirmaganidan g‘azabda. Nahotki o‘zbeklarning himoya qiladigan o‘z davlati yo‘q?” deyilgan xatda.

Ushbu lavha tayyorlanayotgan soatda Rossiyaning Naberejniye Chelni shahridan yana bir o‘zbekning o‘limi to‘g‘risida xabar keldi.

Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi shahrilik 36 yashar Ravshan Haydarov 18 oktabr kuni noma‘lum shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgan.

- Orqasidan hujum qilishgan, qandaydir qattiq jism bilan zarba boshiga urishgan, dedi marhumning opasi. Uning arz qilishicha, huquq-organlari mazkur jinoyatni amalga oshirganlarni izlamayapti.

Butunrossiya “Yoshlar” harakati O‘zbekiston Prezidentiga yozgan ochiq xatda mana bunday ma‘lumotlar ham bor:

“Shu kunda Rossiya Federatsiyasi izolyatorlarida 8 000 nafar atrofida o‘zbekistonlik ushlab turilibdi. Ular vatanga qaytib ketish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarini (sertifikatlar) Elchixona jo‘natishini kutmoqda. Elchixona shoshayotgani yo‘q. Har bir hujjatning rasmiylashtirilishi uchun bir yarim yilgacha vaqt ketishi mumkin. O‘zbeklar hujjat kelgunicha izolyatorda kutib o‘tirishga majbur bo‘lmoqda”, deyilgan maktubda.

Xatda aytilishicha, Elchixona tilga olingan hujjatlarni tayyorlash ishini o‘zbeklar nomidan tuzilgan ayrim tashkilotlar uchun serdaromad biznesga aylantirib bergan.

“Yoshlar” harakati O‘zbekiston Prezidentidan Moskvadagi elchixona ishiga “zudlik bilan aralashishni va uning faoliyatini isloh qilishni” so‘ragan.

Harakat o‘z maktubiga shu kunda Rossiyadagi o‘zbek mehnat muhojirlarining imzolarini yig‘moqda. Maxsud Abdujabborovning aytishicha, maktub O‘zbekiston Prezidentiga 25 noyabrь kuni jo‘natiladi.

O‘zbekiston rahbariga “Yoshlar” harakatining maktubi yetib borgach, Moskvadagi elchixona ishida o‘zgarish yuz beradimi-yo‘qmi – bir narsa deyish qiyin. Chunki Islom Karimov joriy yil yozida qtlgan chiqishida Rossiyada ishlab mehnat muhojirlarini “dangasalar”, leb atagan edi.

Maxsud Abdujabborovning aytishicha, u raislik qilayotgan Butunrossiya “Yoshlar” harakatiga asos solinganiga bir yarim yil bo‘ldi. Yoshi 19 dan 30 gacha bo‘lgan o‘zbekistonlik talaba yoshlar uning a‘zolaridir.
XS
SM
MD
LG