Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:00

Jondorda prezident bergan tomorqani hokimiyat tortib olayapti


Buxoro viloyatining Jondor tumanida aholini ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida prezident qarori bilan berilgan 10 so‘tixlik tomorqa yerlar hokimiyat tomonidan olib qo‘yilyapti. Ozodlikka bog‘langan jondorliklar bu yerlarga ekkan bug‘doy, beda kabi kuzgi ekinlari haydab tashlanish arafasida ekanidan arz qildi.

Buxoro viloyatining Jondor tumanida prezident qarori bilan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2010 yilda berilgan 10 so‘tixlik yerlar yana olib qo‘yilyapti.

Oytug‘di qishlog‘ida yashovchi Atoullo Sanayevning Ozodlikka aytishicha, ular uch yil mobaynida unumdorligi tushib ketgan sho‘r ekin maydonlarini “o‘ziga keltirish” uchun ancha uringan.

Biroq tuman hokimligi unumdorligi osha boshlagan yerlarni yana qaytib olmoqchi:

- Bu prezident tomonidan berilgan yerlar edi. Uch yil oldin almashtirishgandi. Yana besh yildan keyin almashtiramiz, degandi. Endi esa bu yil almashtiramiz, deyapti. Hamma kuzgi ekinlarini ekib bo‘lgan. Bug‘doylar bir qarich bo‘lib qolgan, bedalar ko‘kargan. Endi shularni haydab tashlashmoqchi,- dedi Atoullo Sanayev.

Uning aytishicha, aytilgani kabi 5 yil emas, balki 3 yildan so‘ng yerlarni almashtirish haqida hech kim ularni oldindan ogohlantirmagan.

- Hech bo‘lmasa yozda aytishganida, hech kim ekin ekmas edi. Men fermer G‘afur Qurbonovga aytdim. Men 300 ming so‘m xarajat qilib beda ekkanman, buning xarajatini kim to‘laydi, dedim. Fermer aytdiki, men bilmayman, bu hokimning buyrug‘i, deb aytdi, - deydi Atoullo Sanayev.

Ismi sir qolishini so‘ragan oytug‘dilik dehqonlardan birining aytishicha, 200 ga yaqin odam tomorqasiga har xil kuzgi ekinlarni ekib qo‘ygan, endi buning uchun ketgan xarajatni kim qoplashini hech kim bilmaydi.

- Biz hokimiyat qilayotgan ishlarga hayron qolyapmiz. Shuni oldindan aytib qo‘yishsa bo‘lardi. Odamlar bekorga xarajat qilmasdi, ko‘karib chiqqan ekinlar uvol bo‘lmasdi, - dedi oytug‘dilik dehqon.

Biroq fermer G‘afur Qurbonov oytug‘diliklar tomorqasi olinishidan ogohlantirilgan, deb da‘vo qildi.

- Bu mening ixtiyorim bilan bo‘layotgan ish emas, bu butun tuman bo‘yicha bo‘lyapti. Odamlarni avvaldan ogohlantirganmiz, - dedi fermer.

Jondor tumani hokimi yordamchisi Erkin Xudoyqulov Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham bu yerlar almashlab ekish uchun dehqonlardan olinayotganini tasdiqladi.

Shuningdek, u tomorqasiga bug‘doy ekkan aholiga bug‘doy sepilgan paxta maydonlaridan yer ajratib berilishi ham va‘da qildi.

- Agar ular xarajat qilib bug‘doy ekkan bo‘lsa, bug‘doy maydonidan yer beriladi. Lekin aslida o‘zboshimchalik bilan egallangan, tomorqalarga qo‘shib olingan yerlar bor. Ular bu yerlardan noqonuniy foydalanib kelyapti. Bu yoqda fermerni yeri qisqarib ketgan, paxta, don degan narsa bor, - dedi hokimiyat harakatlarini oqlashga uringan hokim yordamchisi.

Bu tomorqa maydonlari jondorliklarga O‘zbekiston prezidentining aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida chiqargan qarori asosida ilk bor 1992 yilda 10 so‘tixdan taqsimlab berilgan edi.

Bu tomorqalar ilk bor 2010 yilda hokimiyat qarori bilan tortib olingan va o‘shanda O‘zbekiston bo‘ylab yo‘lga qo‘yilgan almashlab ekish tizimi bunga sabab qilib keltirilgan edi.

Ya‘ni, ketma-ket paxta ekilishi bois, unumdorligi paysaygan ekin maydonlari aholi uchun tomorqaga berilgan, aholi mahalliy o‘g‘it bilan parvarishlagan yerlar esa tortib olingan edi.

Oytug‘diliklar o‘shandayoq e‘tirozini bildirgan va qishloqda katta norozilik aksiyalari bo‘lgan edi.

Ayrimlar tomorqasining noqonuniy olib qo‘yilishiga qarshi buldozerlar ostiga o‘zini otgan edi.

Natijada 13 oytug‘dilik "mayda bezorilik", "militsiya xodimlarining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik ko‘rsatish va hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik"da ayblanib, jarimaga tortilgan edi.
XS
SM
MD
LG