Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:25

Qozoq faollari Ostonani Gulnora Karimovaga siyosiy boshpana berishga undamoqda


Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi rahbari Murat Telibekov.
Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi rahbari Murat Telibekov.
Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi rahbari Murat Telibekov davlat kotibi Marat Tajin va tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovga zudlik bilan O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga Qozog‘iston fuqaroligini olish bo‘yicha rasmiy taklifnoma yuborish chaqirig‘i bilan maktub yo‘lladi.

Janob Telibekov matbuotda berilayotgan xabarlardan bugungi kunda Gulnora Karimova qatag‘onga uchragan va unga yordam berish lozim, degan xulosaga kelganini aytadi.

- Balki u (Gulnora Karimova demoqchi – tahr.) bu e‘tiborga boshqalardan ko‘ra kamroq loyiqdir. Biz O‘zbekistonda bundan ham og‘irroq sinovlarni boshdan kechirgan ko‘plab odam borligini bilamiz. Shunga qaramay, bu figura (ya‘ni Gulnora Karimova), uning O‘zbekiston siyosiy tizimidagi maqomini hisobga olsak, taqdir taqazosi bilan kelajakda ancha ijobiy rol o‘ynashi mumkin, deb o‘ylayman. Bunday qadam Qozog‘iston hukumatiga ham siyosiy dividendlar olib kelishi mumkin edi, zero, bu ishni amalga oshirish bilan Qozog‘iston jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida inson huquqlariga rioya qilinishi va demokratiya yoyilishiga befarq bo‘lmagan davlat o‘laroq gavdalangan bo‘lardi, - deydi Murat Telibekov.

Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi rahbari fikricha, Gulnora Karimovaning Qozog‘istonda turib o‘z faoliyatini davom ettirishini qator afzalliklari bor.

- Gulnoraning siyosiy ambitsiyalari, O‘zbekiston lideri roliga da‘vogarlik qilayotgani hisobga olinsa, shubhasiz, u o‘zbekistonliklar uchun jozib bo‘lgan qandaydir muqobil kontseptsiyani, modelni taklif qilishga majbur bo‘ladi. Menimcha, Qozog‘iston bu yo‘lda uning uchun yaxshi maydon bo‘lib xizmat qilishi mumkin. O‘z vataniga jo‘g‘rofiy jihatdan yaqinlik va Qozog‘iston tomonidan taqdim etilgan xavfsizlik kafolati unga muayyan ma‘noda konstruktiv faoliyat yuritish imkonini beradi, deb o‘ylayman, - deydi Murat Telibekov.

“Agar Qozog‘iston Gulnora Karimovaga boshpana beradigan bo‘lsa, bu qadam Oqsaroy tomonidan og‘riqli qabul qilinishi va ayni paytda Toshkent bilan Ostona o‘rtasida munosabatlar sovushiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu narsa sizni xavotirga solmaydimi?” deb so‘raymiz Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi rahbaridan.

Bu savolga javoban Murat Telibekov “albatta, har qanaqa xavf-xatar oldindan hisobga olinishi kerak” derkan, so‘zida davom etdi:

- Ammo men hozirgi paytda bu O‘zbekiston rahbariyatini o‘ylanib qolishiga sabab bo‘luvchi ancha qiziq qadam bo‘ladi, deb hisoblayman. Ayni paytda bu yerda tashabbus rasmiylardan emas, jamoatchilik tashkilotidan chiqayotgani ham vaziyatni yumshatadi va ikki davlat o‘rtasida kattaroq ziddiyat kelib chiqishining oldini oladi, deb o‘ylayman, - deydi Murat Telibekov.

Qozog‘iston musulmonlar ittifoqiga rahbarlik qilish bilan bir qatorda Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha musulmonlar qo‘mitasi direktori ham bo‘lgan janob Telibekov o‘z taklifini berishda Gulnora Karimovaning e‘tiqodiy qarashlari mutlaqo rol o‘ynamaganini ta‘kidladi.

- Gap inson huquqlari himoyasi haqida, muhtojlarga yordam haqida ketayotgan paytda biz kishilarning diniga qaramaymiz. Zero, tanasining rangi, millati va diniy mansubiyatidan qat‘iy nazar, barcha muhtojlarga yordam berish musulmonning burchidir, - deydi Murat Telibekov.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boshi uzra qora bulutlar quyuqlasha boshlagan.

O‘tgan bir oy ichida Gulnora Karimovaga tegishli tele va radiokanallar, bir qancha do‘konlar hamda “Fond Forum” yopildi. "Fond Forum" tashkil qilgan "Kelajak ovozi" tadbiri ishtirokchilari qamalgani xabar qilindi. Karimova ham bunga nisbatan o‘z holicha javob choralari ko‘rib kelmoqda.

Uch kun muqaddam Interfax agentligi Karimovaga tegishli “Terra Group” shirkatidagi anonim manba so‘zlariga tayangan holda, O‘zbekiston prezidentining qizi mamlakatdan ketishga taraddud ko‘rayotgani haqida xabar qilgandi. Ammo Gulnora Karimova 23 noyabr kuni bu xabarni Twitter mikroblogidagi o‘z sahifasi orqali rad etgan.
XS
SM
MD
LG