Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:30

Mast chortoqlik bir kechada do‘sti, qo‘shnisi va qo‘shnisining qaynonasini pichoqladi


Namangan viloyatining Chortoq tumanida shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi 41 yashar Avaz Aminov birdaniga uch kishini pichoqladi. Jarohat olganlardan biri kasalxonada jon berdi. Ozodlik manbalari operatsiya paytida kasalxonada chiroq o‘chgani va shifokorlar "dvijok"ni ulashga majbur bo‘lganini xabar qildi.

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi 41 yashar Avaz Aminov o‘z uyida birdaniga uch kishini pichoqladi.

Ozodlikning Chortoqdagi ishonchli manbasiga ko‘ra, voqea 23 noyabrdan 24 noyabrga o‘tar kechasi soat 12 larda sodir bo‘lgan:

- Avaz o‘zining uyida o‘rtog‘i 41 yashar Shavkat Yusupov, qo‘shnisi 42 yashar Alisher Suvonov va 31 yashar Ilhom Nazarov bilan birga o‘tirib aroqxo‘rlik qilishgan. Keyin Avaz Ilhom bilan janjallashib qolib unga ikki marta pichoq sanchgan, - deydi manba.

Manbaga ko‘ra, qo‘shni uyda yashovchi Ilhom Nazarovning 47 yashar qaynonasi Hafiza Isomiddinova baqir-chaqirlarni eshitgan zahoti yugurib chiqqan:

- Kuyovimni o‘ldirib qo‘yding, deb unga tashlangan Hafiza opani ham Avaz pichoqlagan. Ularni ajrataman, deb harakat qilgan yana bir qo‘shnisi 29 yashar Muhammadolim ham jarohat olgan, - dedi manba.

Hafiza Isomiddinova qo‘shnilaridan birining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha, Chortoq tumani tez tibbiy yordam markaziga olib borilgan jarohatlanganlardan biri operatsiya paytida chiroq o‘chib qolgani bois vafot etgan.

- Eng og‘ir jarohat olgan Ilhom Nazarov edi. Uning ko‘krak qafasi old qismi va orqasiga ham pichoq sanchilgan. Biroq operatsiya paytida svet o‘chib qoldi va operatsiya tugamasidan Ilhomning joni uzildi. Hafiza opa qo‘ltig‘idan, Muhammadolim qornidan pichoq yegan ekan. Ular hozir reanimatsiyada qolmoqda, - dedi Ozodlik manbasi.

Biroq Chortoq tumani Tez tibbiy yordam markazi bosh shifokori Ishoqjon Vazirov Ozodlik bilan suhbatda Ilhom Nazarovning vafotiga chiroq o‘chishining aloqasi yo‘qligini aytdi:

- U bolaning o‘lishiga svet sabab bo‘lgani yo‘q. Uning bryushnoy arteriyasi kesilib, o‘lib kelgan o‘zi. Qolganlarini dvijokni yoqib operatsiya qildik. Svet o‘chishiga qarshi dvijoklarimiz tappa-tayyor turadi doim, - dedi bosh shifokor Ishoqjon Vazirov.

Biroq, Ozodlik kasalxona bilan bog‘langanida, o‘zini tanishtirmagan mulozimlardan biri muxbir bilan suhbatlashayotgan paytda ham chiroq yo‘qligini aytdi.

- Svet tayinli emas. Mana hozir ham yo‘q. Hozir juda ham ko‘p o‘chayapti, yakshanba kechasi ham bo‘lmagan, - dedi ismi sir qolishini so‘ragan do‘xtirlardan biri.

Ozodlikning Chortoqdagi manbasiga ko‘ra, bu voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-moddasi bir necha bandlari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va tergovni Chortoq tumani prokuraturasi olib borayapti.
XS
SM
MD
LG