Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:34

Gulnora Karimovaning hamkori Yanis Galanos qiynoqqa solinganini rad qildi


Yanis Galanos
Yanis Galanos
13 noyabr kunidan beri O‘zbekistonda hibsda qolayotgan va Gulnora Karimovaga oid tvitlarda qiynoqqa solingani iddao qilingan Gretsiya fuqarosi 31 yoshli Yanis Galanos o‘zining qiynoqqa solinayotganini huquq faollari bilan uchrashtirilgan paytda rad qildi.

Mamlakatda rasman ro‘yxatga olingan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati 4 dekabr kuni tarqatgan 35-sonli matbuot xabarnomasida Yanis Galanos bilan o‘tkazilgan interv yuga tayangan holda, uning qiynoqqa tutilmagani ma‘lum qilingan.

Matbuot xabarnomasida aytilishicha, Yanis Galanos O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining raisasi Vasila Inoyatova hamda jamiyatning Toshkent viloyat bo‘limi rahbari Abdurahmon Tashanovlar bilan uchrashtirilgan.

Uchrashuv paytida Yanis Galanos: “Men aybimga to‘la iqrorman, haqiqatan ham mamlakatingizda yashash bilan bog‘liq qonun-qoidalarga xilof ish tutganman”, deb aytgan.

Galanos bilan uchrashgan Vasila Inoyatova hamda Abdurahmon Tashanovlarning Ozodlikka aytishicha, mahbus iqrorining videotasvirga olinishiga ham izn berilgan.

Yanis Galanos “Ezgulik” vakillari bilan uchrashuv chog‘ida o‘zini qiynoqqa solinayotgani haqidagi gaplarni “bo‘hton” deb atagan.

“Ezgulik” tarqatgan matbuot xabarnomasida Yanis Galanos Gulnora Karimova tvitlaridagi uni qiynoqqa solingani haqidagi gaplarni qat‘iy rad qilgani aytiladi:

“Twitter muallifining: "Yanis Galanosni juda qattiq kaltaklashgan va u kamera oldida ko‘rsatma berishga majbur bo‘lgan - qanday dahshat, bu kabi holatlarni avval faqat fil mlardagina ko‘rardik" qabilidagi gaplarini u bo‘hton, deb atadi. Shuningdek, "Galanos qiynoqlar natijasida 20 kiloga ozib ketgan va uning videosida yuzidagi ko‘kargan va shishgan joylari bilinib turibdi" kabi so‘zlarni qat‘iyan rad etdi", deyiladi “Ezgulik” tarqatgan matbuot xabarnomasida.

Xabarnomada aytilishicha, “Ezgulik” tashkiloti Yanis Galanos kechmishlari bilan bog‘liq tafsilotlarni o‘rganish uchun O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganidan keyin mahbus bilan uchrashtirilgan:

“O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, MXX va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga shu yilning 1 dekabrida rasmiy murojaatnomalar bilan chiqdi", deyiladi xabarnomada.

Ana shu murojaatdan keyin 4 dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi reablitatsiya markazida saqlanayotgan Gretsiya fuqarosi Yanis Galanos bilan “Ezgulik” faollari uchrashtirilgan.

Galanos bilan uchrashgan Abdurahmon Tashanovga ko‘ra¸ Toshkent shahar IIBBda pasport rejimi, O‘zbekistonga kirish va chiqish tartibini buzganlik bilan tergovoldi surishtiruvlarga jalb qilingan Yanis Galanos “Ezgulik” vakillarining savollariga to‘la, samimiy javob bergan hamda uchrashuvni videotasvirga olishga rozilik ham bergan.

Bu uchrashuvdan so‘ng “Ezgulik” tashkiloti maxsus xabarnoma tarqatib, Galanos kasbiy faoliyati uchun emas¸ balki viza rejimini buzganligi uchun hibsga olinganini ma‘lum qildi:

“Gretsiya fuqarosi Yanis Galanos O‘zbekiston madaniyati va san‘ati jamg‘armasida bir muddat dizayner va fotograf bo‘lib ishlagan. Ammo uning hibsga olinishi va tergovoldi surishtiruvlarga jalb qilinishi kasbiy-professional faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmay, aksincha, xorij fuqarosi o‘laroq pasport rejimi qoidalarini buzib kelganligi bo‘lib chiqdi", deyiladi mamlakatda rasman ro‘yxatga olingan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 30 noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Yanis Galanos O‘zbekiston MXX yerto‘lasida “aybiga iqror bo‘lguniga qadar" qiynoqqa tutilgani haqida tvit yozgan edi.

"Yanis Galanosni juda qattiq kaltaklashgan va u kamera oldida ko‘rsatma berishga majbur bo‘lgan - qanday dahshat, bu kabi holatlarni avval faqat fil mlardagina ko‘rardik", deya tvitlagan edi Karimova.

Gulnora Karimova tvitlariga ko‘ra, Yanis qiynoqlar oqibatida Karimova Twitter-folloverlarining 90-99 foizi soxta, deya aytishga majbur bo‘lgan.

Gulnora Karimova o‘z tvitlarida qiynoqlar vositasida Yanis MXX generali Hayot Sharifxo‘jayev to‘qib bergan matnni videokamera oldida o‘qishga majbur bo‘lganini yozadi.

Karimovaning tvitlariga ko‘ra, Yanis Galanosning videoko‘rsatmasini MXX ichidagilar unga sizdirgan.

Karimova o‘z tvitlarida "Galanos qiynoqlar natijasida 20 kiloga ozib ketgan va uning videosida yuzidagi ko‘kargan va shishgan joylari bilinib turibdi", deya iddao qilgan edi.

Yanis Galanos kechmishlari bilan bog‘liq tafsilotlarni Ozodlik muxbiridan olgan elchixonaning jamoatchilik bilan aloqa qilish bo‘yicha mulozimi bu masala borasida Gretsiya Tashqi Ishlar vazirligi bilan maslahatalashuv borayotganini bildirgan edi.

- Shu paytgacha bizning elchixona bunday holat bilan duch kelmagan edi. Agar Yanis Galanos haqiqatan ham Gretsiya fuqarosi ekani aniqlansa, biz unga kerakli darajada huquqiy ko‘mak beramiz. Hozirgi paytda Afina bilan bu masala yechimini muhokama qilishga kirishdik¸ - degandi Ozodlikka gapirgan Gretsiyaning Moskvadagi elchixonasi jamoatchilik bilan aloqa qilish bo‘yicha mulozimi.

Ayni paytda Gretsiya fuqarosi 31 yoshli Yanis Galanosning 13 noyabrdan beri O‘zbekistonda hibsda qolayotganligi masalasini Gretsiyaning Moskvadagi elchixonasi o‘rganishda davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG