Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:04

Nyu-Yorkda O‘zbekistondagi ayollar sterilizatsiyasi muammosi muhokama etiladi


Chorshanba kuni, Nyu-York vaqti bilan 18.00da Ochiq jamiyat institutida bo‘ladigan muhokamalarda O‘zbekistonda ayollarning o‘z ixtiyoriga qarshi bichilayotganini o‘rgangan jurnalist Natalya Antelava hamda O‘zbekistonning majburiy mehnatga asoslangan davlat tizimi haqidagi hisobot mualliflaridan biri, “Cotton Campaign” guruhi vakili Mettyu-Fisher Dali o‘z tadqiqotlari bilan o‘rtoqlashadi.

O‘zbekistonda tug‘ish yoshidagi ayollarning o‘z ixtiyorlariga qarshi bichilayotgani haqidagi hujjatli film muallifi, Bi-Bi-Si jurnalisti Natalya Antelava Ochiq jamiyat institutida o‘tkaziladigan anjumanda “O‘zbekistondagi ayollarning majburiy sterilizatsiyasi” mavzusida hozirlagan hisobotini taqdim etadi.

O‘zbekistonda o‘n minglab ayollarning majburiy bichilgani haqida Antelava o‘tkazgan tadqiqot sterilizatsiya qilingan o‘zbekistonlik ayollar, shifokorlar, ginekolog mutaxassilar hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki nafar mulozimi bilan o‘tkazilgan suhbatlarga asoslanadi.

Jurnalist qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati so‘nggi 13 yil ichida tug‘ish yoshidagi ayollarni bichish dasturini amalga oshirib kelmoqda.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda shifoxonalarga ayollarni bichish bo‘yicha kvotalar belgilangan va bundan maqsad O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishini to‘xtatish ekani aytiladi.

Natalya Antelava mazkur muammoni yaqindan o‘rganish uchun o‘tgan yili Qozog‘istondan O‘zbekistonga uchib borgan.

Lekin, u Toshkent aeroportidan kiritilmay, Olmaotaga qaytarib yuborilgandi.

Natalьya Antelavaning ishonishicha. O‘zbekistonda ayollarni sterilizatsiya qilish hozir ham davom etmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari esa mamlakatda ayollar majburiy sterilizatsiya qilinayotganini rad etib keladilar.

“Cotton Campaign” guruhi faollaridan biri Mettyu-Fisher Dali esa Ochiq jamiyat institutida bo‘ladigan tadbirda O‘zbekistonda 2013 yilgi paxta mavsumida bolalar va davlat ishchilarning majburiy mehnatga jalb etilgani hususida hozirlagan hisoboti bilan o‘rtoqlashadi.

Hisobotda ta‘kidlanishicha, O‘zbekistonda har yili bo‘lgani kabi bu yilgi paxta mavsumida ham bir milliondan ziyod o‘zbekistonlik, jumladan yosh bolalar, maktab va kollej o‘quvchilari, talabalar hamda davlat xizmatchilari dala mehnatiga jalb etilgan.

Hisobotda bu yilgi paxta mavsumi kamida 11 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytiladi.

-O‘zbekistonda har yili talabalar o‘qishdan haydalish, davlat ishchi-hizmatchilari esa ishdan haydalish tahdidlari ostida paxta terishga majburlanadi. Ya‘ni O‘zbekistonda bolalar va davlat hizmatchilarini mehnatga majburlovchi davlat tizimi shakllangan, - deydi 2012 yilda O‘zbekiston paxta dalalarini kezib, majburiy mehnat muammosini o‘rganib qaytgan Mettyu-Fisher Dali.

Bu yil ilk bor O‘zbekistonga Xalqaro Mehnat tashkiloti kuzatuvchilariga paxta mavsumidagi majburiy mehnat muammosini o‘rganishlariga ruxsat berildi. O‘zbekiston rasmiylari esa mamlakatda bolalar paxta terishga majburlanishini rad etib kelishadi.
XS
SM
MD
LG