Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:53

"O‘zbekistonda hosildorlik 2050 yilga borib 30 foizga kamayishi mumkin"


Jahon Banki ekspertlari O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va havo haroratining keskin isishi oqibatida 2050 yilga borib qishloq xo‘jalagi hosildorligi 30 foizga kamayishi va bu mamlakat oziq-ovqat sanoatiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

Jahon Banki ekspertlari hisob-kitobiga ko‘ra, 2050 yilga borib Markaziy Osiyoda havo harorati ikki-uch darajaga oshishi, yog‘ingarchiliklar esa keskin kamayishi mumkin.

Bu esa suv manbalari katta bo‘lmagan va aholi soni jadal oshib borayotgan mintaqa uchun fojiali bo‘lishi mumkin.

Jahon Banki chorshanba kuni e‘lon qilgan iqlim o‘zgarishining oziq-ovqat narxlariga ta‘siri haqidagi hisobotida ta‘kidlanishicha, Markaziy Osiyoda iqlim isishi suv taqchilligini yana ham kuchaytirib, mintaqada hosildorlikni kelasi o‘n yilliklarda 30 foizgacha kamaytirib yuborishi mumkinligi bashorat qilinadi.

Asosan bug‘doy va paxta yetishtirishga asoslangan O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik sanoatiga bu katta ziyon yetkazishi tayin. Shuningdek, suv taqchilligi olma, kartoshka, pamidor hosildorligiga ham salbiy ta‘sir ko‘rsatib, oziq-ovqat narxlari oshishiga olib keladi, deyiladi hisobotda

Toshkentdagi Gidrometeorologiya ilmiy markazi matbuot vakili Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini kutilayotgan iqlim o‘zgarishiga moslashtirish bo‘yicha ishlar olib borayotganini aytadi:

-To‘g‘ri, 50-yillarga borib, iqlim ilishini o‘ziga yarasha salbiy ta‘sirimi yoki ijobiy ta‘sirimi bo‘ladi. Salbiy ta‘siri bo‘lsa shunga moslashish, hattoki salbiy ta‘sirdan ham ko‘ra foydali tomonini olish, shunga adaptatsiya bo‘lish, albatta, bu haqda tadbirlar olib borilmoqda. Havo harorati qanday o‘zgarmoqda, buni inson hayoti faoliyatiga qanday ta‘siri bo‘ladi, xalq xo‘jaligimi, qishloq xo‘jaligiga ta‘sir qilishi, buni mutaxassislarimiz doimiy ravishda o‘rganmoqda, deydi Mirjamolova.

Jahon Banki ma‘lumotiga ko‘ra, hozir O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida paxta va bug‘doy yetishtirish asosiy o‘rinni tutadi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi maydonlarning 1.64 million gektari bug‘doy, 1.31 gektari paxta yetishtirishga mo‘ljallangan.

Bu yil O‘zbekistonda¸ rasmiy ma‘lumotga ko‘ra¸ bug‘doy yetishtirish o‘tgan yildagiga qaraganda 12 foizga oshgan va mamlakatda 7,6 million tonna bug‘doy hosili olingan.

Paxta hosilining esa bu yil 3,4 million tonnani tashkil etgani haqida prezident Karimov bayonot berdi.

Jahon Banki iqlim o‘zgarishi oqibatlarini oldini olish uchun ekinlar turini ko‘paytirish, suv inshootlariga ko‘proq sarmoya yotqizish va fermerlarga ob-havo haqida ishonchli axborotni vaqtida yetkazish kerakligini tavsiya qilmoqda.

O‘zbekiston aholisining 70 foizdan ortig‘i qishloqlarda yashagani bois ular aksari qishloq xo‘jaligi hisobiga kun ko‘radi.

Shu bois, iqlim o‘zgarishining oqibatlari, ayniqsa, o‘zbekistonliklar uchun juda og‘ir bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonlik biofizik olim, akademik Bek Toshmuhammedov Ozodlik bilan suhbatda Jahon Banki ogohlantirayotgan salbiy oqibatlarga chap berish uchun mamlakat hozirdan suvni tejash texnologiyalarini joriy qilishga o‘tishi kerakligini ta‘kidlaydi:

- O‘zbekistonda sun‘iy yomg‘ir yog‘dirishni yo‘lga qo‘yish kerak, tuproq ostidan sug‘orish texnologiyalaridan foydalanmoq kerak. Lekin, afsuski, o‘zbek dehqonlari buni o‘zlaricha qila olishmaydi, ularda buning uchun mablag‘ yo‘q. Ekinni ustiga tortiladigan polietilen va tuproq ostidan o‘tkaziladigan yelim trubalar juda qimmat. Lekin, nima bo‘lmasin, suvni tejashimiz kerak. Suv omborlarini ko‘paytrishimiz kerak. Bizda bahor oylarida yog‘ingarchilik payti yig‘ilgan suv saqlanadigan sardobalar bo‘lgan va shu suvdan yozda vegetatsiya davrida sug‘orishda foydlansa bo‘ladi. Menimcha suvni saqlashning shu usulini kengroq qo‘llash kerak, deydi akademik Toshmuhammedov.
XS
SM
MD
LG