Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:11

Safar Bekjon: G. Karimovaning Jenevadagi uyidan o‘zbek muzeylariga oid noyob asarlar topildi


O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga oid uyni ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu uyda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta o‘zbek tasviriy san‘ati durdonasi borligini bildirdi.

Safar Bekjon bu asarlardan ba‘zi birlari fotosuratini facebook ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasiga qo‘ydi.

Safar Bekjonning aytishicha, u Shveytsariyaning Jeneva kantoni, 1223 ch Chemin de la Prévôté 7 manzilidagi va hujjatlarga ko‘ra Gulnora Karimovaniki, deb tushunilgan uyni ishg‘ol qilganida o‘nlab san‘at asarlari mita tushgan guruch va tashlandiq ashyolar yonida qarovsiz yotganiga guvoh bo‘lgan.



​Kartinalar fotosuratlari bilan tanishgan va Ozodlikka savollariga javob bergan mutaxassislarning iddaosicha, bu asarlar O‘zbekistondagi muzeylar mulkidir va ular mavjud qonunlarga zid tarzda O‘zbekistondan olib chiqilgan bo‘lishi mumkin.

Ozodlik muxbiri O‘zbekistonlik san‘atshunos va rassomlar ko‘magida bu kartinalarning qanday qilib va qaysi asoslarda Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyiga borib qolganini o‘rgandi.

Eng avvalo, san‘atshunoslar diqqati Safar Bekjonning aytishicha, Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyida osig‘lik turgan va fotosuratini Bekjon o‘zining facebookdagi sahifasiga qo‘ygan O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarovning “Sohibjamol” asari fotosuratiga tushdi.

Fotosuratda aynan Chingiz Ahmarovning "Sohibjamol"i aks etganligi ehtimoli juda katta ekanligini Ahmarovning yaqinlari, shogirdlari va san‘atshunoslar Ozodlik muxbiriga aytdi.

Kartina fotosurati bilan tanishgan O‘zbekiston xalq rassomi G‘afur Qodirov, Chingiz Ahmarov bilan shaxsan tanish bo‘lgan va hozir AQShda yashovchi rassom Sergey Ignatьevlar bu fotosuratda Chingiz Ahmarov mo‘yqalamiga oid bo‘lgan asar aks ekanini va asarning o‘zbek madaniyati durdonasi ekanligini e‘tirof qilishdi.

O‘z vaqtida Gulnora Karimova bilan hamkorlik qilgan va hozir Kanadada istiqomat qiladigan san‘atshunos Boris Chuxovich ham fotosuratda aks etgan kartinaning original ekanini mutlaqo tasdiqladi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan mutaxassislarning barchasi O‘zbekiston madaniyati "oltin fondi"ga oid bu asarning qaysi huquqiy asoslarda va nima maqsadda mamlakatdan olib chiqib ketilgani borasidagi savolni o‘rtaga tashladi.

Ozodlik muxbiri bu savolni o‘rganish jarayonida Gulnora Karimovaga nisbat berilgan Jenevadagi uyda o‘zbekistonlik rassomlarning 60 ta tasviriy san‘at asari borligini Safar Bekjon yordamida aniqladi.

Bu uyni ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon e‘lon qilgan kartinalar fotosuratlarini ko‘rgan san‘atshunoslar bu kartinalar "O‘zbekiston tarixidagi eng obro‘li rassomlarning sara asarlaridan iborat shubhali kollektsiya ekanligini" e‘tirof etishdi.

Chingiz Ahmarovning “Sohibjamol”, ”Uyg‘ur go‘zali” va “Ko‘zgu ushlagan qiz” kartinalari, tasviriy san‘atning “Turkiston avangardi” oqimi namoyandasi, 1964 yili olamdan o‘tgan Viktor Ufimtsev mo‘yqalamiga oid uchta rangtasvir asari, O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev va boshqa hozirda marhum bo‘lgan boshqa taniqli rassomlarning asarlarini Jenevadagi villada qarovsiz bir holda yotganini xabar qildi Safar Bekjon.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga oid ekani aytilgan uyni ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon ba‘zi kartinalar ramkasida muzeyga oid temir lavhalar borligini iddao qiladi:

- Masalan, Ro‘zi Choriyevning “Paxta” asarida ana shunday temir lavha bor. Bu rasmlarning birortasini orqasida mamlakatdan olib chiqib ketish uchun izn berilgani haqida muhr yo‘q, deydi Safar Bekjon.

Bekjondan olingan bu ma‘lumotni eshitgach, Kanadada istiqomat qiladigan san‘atshunos Boris Chuxovich bunday dedi:

- Odatda chetga olib chiqiladigan kartinalar orqasiga Madaniyat vazirligi ekspertiza bo‘limi muhr urib beradi. Shu muhr asosida kartinalar bojxonadan o‘tadi. Jenevadagi asarlarning orqa tarafida bunday muhr yo‘q ekan, demak iznsiz olib chiqilgan. Masalan, Viktor Ufimtsev asari noyobligi bilan farqlanadi. Bu asarni qanday olib chiqilgani qorong‘u, deydi Boris Chuxovich.



O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limining ismi sir qolishini istagan mulozimi so‘zlariga qaraganda, Jenevadagi uy ichidan chiqqan kartinalarning mamlakatdan olib chiqilishiga qonuniy asos yo‘q edi:

- Mavjud qonunga ko‘ra,1964 yilgacha chizilgan rasmlarning O‘zbekiston chegarasidan tashqariga chiqarilishiga izn berilmaydi. Siz rasmning egasi bo‘lsangiz ham uni olib chiqa olmaysiz. Bu umumiy qonun. Endi Chingiz Ahmarov, Viktor Ufimtsev kabi taniqli rassomlarning asari bo‘lgan holatda bu taqiq yanada qat‘iylashadi. Ya‘ni bu taniqli rassomlarning asarlari 1964 yildan keyin yaratilgan bo‘lsa ham, ular yaratgan asarlarning durdona ekani bois mamlakatdan chiqarilishiga izn berilmaydi, dedi O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limi mulozimasi.

Shu o‘rinda Jenevadagi uyda turgan Viktor Ufimtsevga oid kartinalar 1959 va 1960 yilda yaratilganini eslatib qo‘yishimiz lozim.

Ozodlik suhbatlashgan rassom Sergey Ignatyev, o‘z tasarrufidagi ma‘lumotlarga asoslanib, bu asarlarning muzey fondlaridan o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligini iddao qildi.

Toshkentlik rassom Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi muzey fondlaridagi asarlar mulozimlar tarafidan o‘g‘irlanayotgani haqida ma‘lumotga ega ekanligini aytdi:

- Bir tanishim muzey eksponatlari bo‘lgan rasmlarning xolstiga urilgan davlat muhrlarini yuvib tashlashga buyurtma olganini gapirib berdi. Men qiziqib tafsilotlarini so‘radim. O‘rganganim shu bo‘ldiki, uyushgan jinoiy guruh O‘zbekiston muzeylaridagi asarlarni mamlakatdan olib chiqib ketish bilan muntazam shug‘ullanmoqda, deydi toshkentlik rassom.



Ozodlik suhbatlashgan rassom va san‘atshunoslar o‘zbek san‘ati va madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan ma‘naviy boylikning Jenevadagi hech kim yashamaydigan uyga shubhali tarzda borib qolishini, boz ustiga qarovsiz tarzda yotishini keskin qoralashdi.

Mavjud voqeani o‘rgangan va ismi matbuotga sizmasligini istagan londonlik huquqshunosning Ozodlikka aytishicha Safar Bekjon o‘zi ishg‘ol qilgan uydan topilgan badiiy kollektsiya haqida politsiyaga ma‘lumot berishi kerak:

- Bu holatda O‘zbekistonga oidligi aniq bo‘lgan badiiy asarlar kollektsiyasi topilgani aniq. Bu kollektsiya Gulnora Karimovaning san‘at asarlari kontrabandasi bilan shug‘ullanganligi borasidagi ayblovlarga isbot bo‘lishi va Safar Bekjonning huquqiy sug‘urtasi uchun ham lozim, dedi huqushunos.

Suhbatdosh Jenevadagi Gulnora Karimovaning uyidan topilgan madaniy boylik ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatish lozimligini ham aytdi.

Ozodlik o‘z surishtiruvi mobaynida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vaziriligida ishlagan va tasviriy san‘at uchun uchun ma‘sul bo‘lgan sobiq mulozimga ham murojaat qildi.

O‘z ismi e‘lon qilishini istamagan bu arbob Ozodlik bilan yozishmada muzeylarga oid san‘at asarlarining mulozimlar tarafidan talon-taroj qilinishi sxemasi tafsilotlarini ochiqladi.

O‘z iddaosini facebook tarmog‘i orqali Ozodlikka yo‘llagan bu sobiq mulozim O‘zbekiston muzeylardagi shoh asarlarni noqonuniy tarzda kim oshdi savdosiga chiqarilgani borasidagi ikkita fakt bilan o‘rtoqlashdi:

- Rassomlar asarlarini tanlash bilan san‘atshunoslik fanlari doktori N. A. (Bu ism va bundan keyin keladigan ismlarni mulozim to‘liq keltirgan, biroq ularning o‘zlari bilan bog‘lanishning hozircha imkoni bo‘lmagani uchun hozircha bosh harflari bilan cheklanamiz - Ozoldlik) bu rassomlarning ko‘rgazmalarini Rossiya va boshka xorijiy davlatlarga olib chiqish va u yerlarda auktsionlar va katta-katta kollektsionerlar bilan oldi-berdi kilishni to‘liq E. A. olib boradi. Bundan ikki yil oldin Axmarovning yubiley kurgazmasi Fond Forum tomonidan katta tantanalar bilan o‘tkazilgan edi. O‘shanda E. A. bu ko‘rgazmani yoritish uchun kelgan respublika televideniyasini tushirishga qo‘ymay, Opa (Gulnora Karimova) ruxsat bermadi, deb haydab yuborgan. Axmarov asarlarining keyingi 100 yildagi eng katta retrospektivasi shu bo‘lgan. Shundan keyin bu ko‘rgazmadagi ko‘plab asarlar Rossiya va chet ellarga ravona bo‘lgan, deb yozdi sobiq mulozim.

Ozodlik bilan yozishmani davom ettirar ekan, sobiq mulozim O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidagi eng mashhur asar bo‘lgan “Ona o‘ylari” asari ham maxsus sxema asosida mamlakatdan olib chiqib ketib, sotib yuborilishiga bir bahya qolgan:

- Moskvada rahmatlik Rahim Ahmedovning katta shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etilgan, unga O‘zbekiston muzeylaridan ham bir qancha shoh asarlarni zo‘ravonlik bilan Opaning nomidan olib borishgan. (Opa deyilganida Gulnora Karimova nazarda tutilgan) Xususan, butun dunyoga mashhur bulgan "Ona o‘ylari” asarini ham Moskvada xususiy kollektsionerlarga sotishga kelishilgan. O‘zbekiston DSM ning bebaho durdonasi bulgan bu asarni 58 mingga (58 ming AQSh dollari) ga sotib olishga E. bilan kelishishgan. (E. - rassom Rahim Ahmedovning qizi) E. otasi Rahim akani bu asaridan Moskvaning o‘zida kopiya ishlab berishga ko‘ndirgan. Biroq ko‘rgazma zalining boshlig‘i bundan xabar topgach,qattiq janjal ro‘y bergan.Moskvadagi ko‘rgazmaga asosiy, muzey fondidan olingan ishlarni zudlik bilan Toshkentga qaytarib jo‘natishgan. Olingan avans evaziga ro‘yxatda bo‘lmagan ishlarni berib qutulishgan.Tansiqboyev va Ufimtsev asarlari ko‘rgazmalari ham shu kabi xufyona va Opa topshiriq berdi, degan templarda o‘tkazib kelingan, deb yozgan sobiq mulozim bunday holatlar kamida bir marta Interpol taftishiga mavzu bo‘lganini ham yozadi:

- Bunday sxemada tashkil kilingan bir-ikki ko‘rgazmalarga O‘zbekistonning davlat muzeylaridan olib chiqib ketilgan ba‘zi shedevrlar bilan bog‘liq ko‘ngilbuzar ChP lar tufayli Vazir Rustam Qurbonov ishdan ketgan deyishadi.(Madaniyat va sport ishlari vaziri nazarda tutilgan) N. va E. Opaga tanishtirgan parijlik (asli bolgariyalik) san‘atshunos Andre Nakov Belgiya chegarasida Interpol tomonidan ushlanib, uning yonidan topilgan 10 ta tasviriy san‘at asari O‘zbekiston Davlat San‘at muzeyidan olindi, deya gumon kilinib tekshirilgan edi, deb yozdi O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligida ishlagan va soha uchun ma‘sul bo‘lgan sobiq mulozim.

Mulozim iddaosiga ko‘ra, aynan Gulnora Karimova yaratgan sxema asosida Angrendagi Ufimtsev galereyasidan Kashina,Tansiqboyev, Labas, Axmarov asarlari sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligiga qo‘ng‘iroq qilib mamlakat muzeylariga oid ekani aytilgan va har qanday holatda ham O‘zbekistondan chiqarishga qonunan izn bo‘lmagan O‘zbekiston rassomlarining 60 ta durdona asarining Jenevadagi hech kim yashamaydigan uyda yotishi borasida izoh so‘radi.

Ozodlik muxbiri o‘z so‘rovida rasmlar turgan uyning Gulnora Karimovaga oid ekani aytilayotganini ham vazirlik vakiliga bildirdi.

O‘zini Dilfuza Qarshiboyeva, deb tanishtirgan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati vakili Ozodlik muxbiriga qisqa javob berish bilan kifoyalandi:

- Bizni ekspertiza bo‘limi aytgan gaplar to‘g‘ri. Durdona asarlar va 1964 yilgacha yaratilgan asrlar mamlakatdan chiqarilmaydi. Boshqa masalalar bo‘yicha qabulxonaga kelib vazirning o‘ziga murojaat qilishingiz kerak, dedi mulozima.

Gulnora Karimovaning uyini ishg‘ol qilgan Safar Bekjonning aytishicha¸ uydan 18 asrda ko‘chirilgan “Qur‘oni karim” nusxasi ham topilgan. Lekin bu - boshqa surishtiruv mavzui.
XS
SM
MD
LG