Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:17

Buxorodagi yagona oilaviy “Mehribonlik uyi” yopildi


Rohila opa Muhammadiyevaning xonadonida ulg‘ayotgan 5 bola davlatga qarashli "Mehribonlik uyi"ga olib ketildi.
Rohila opa Muhammadiyevaning xonadonida ulg‘ayotgan 5 bola davlatga qarashli "Mehribonlik uyi"ga olib ketildi.
Buxorodagi qariyb 20 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yagona oilaviy “Mehribonlik uyi” shahar hokimligi tomonidan yopildi. Muassasa rahbari va tarbiyalanuvchilarining o‘z huquqlarini talab qilib chiqishi “Mehribonlik uyi”ning yopilishiga sabab bo‘lgani aytilayapti.

Buxorodagi yagona "Mehribonlik uyi"ning tashkilotchisi Rohila Muhammadiyevaning 26 dekabr kuni Ozodlikka aytishicha, sobiq tarbiyalanuvchilarining uysiz qolayotgani borasidagi shikoyatlari muassasaning yopilishiga sabab bo‘lgan.

- Bolalarning uyi yo‘q deb chiqdik. Shundan keyin birdan kelib, tekshirib, hech qanday nima topmasdan "yopilsin", deyishdi. Menga aytganlari, XDP partiyasi bizga xat bergan "Bolalarni axborot vositalariga jalb qilganlar", deb. Men qanday jalb qilaman, bolalar katta o‘zi. 23-25 yoshga kirishgan. Yopilgandan keyin menga "Xatoingizni bilasizmi", deyishdi. Men "20 yildan buyon birorta xato qilmadim, xatoni sizlar qildingizlar. Bolalar ko‘chada qolishdi", desam, "Siz radioda chiqdingiz", deb aytishdi, deydi Rohila Muhammadiyeva.

67 yashar Rohila Muhammadiyeva oilaviy "Mehribonlik uyi"ni 1994 yili ochgan. Shu davr mobaynida “uchirma” qilingan besh tarbiyalanuvchi hamon uysiz.

Ota-onasiz qolganligi uchun “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanadigan bolalar muassasani bitirib chiqqanidan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining maxsus qaroriga binoan, davlat hisobidan uy-joy bilan ta‘minlanishi kerak.

Rohila opa sobiq tarbiyalanuvchilarining haq-huquqlarini talab qilib, turli tashkilotlarga murojaat qildi. Ozodlik orqali ham ayni mavzusida joriy yilning aprel oyida maxsus eshittirish efirga uzatildi.

Rohila opaga ko‘ra, tashkilotlarga murojaatlar va matbuot orqali chiqishlardan so‘ng Buxoro shahar hokimligidan maxsus guruh kelib "Mehribonlik uyi"da tekshiruv o‘tkazgan. Ushbu tekshiruv natijalari "Mehribonlik uyi"ni yopishga asos bo‘lgan.

Rohila opaning aytishicha, tekshiruv natijasida jiddiy ayblov topilmagan bo‘lsada, maxsus guruh "Mehribonlik uyi"ni yopishga qaror qilgan.

- Hech qanday moliyaviy nimamiz yo‘q. Biron xatomiz yo‘q. Bitta-ikkita dokumentimiz sal kam ekan. Dokument yetishmas ekan. Topgan ayblari shu bo‘ldi. Hokimiyatdan gruppa tashkil qilishgan. Ogohlantirmasdan besh kishi keldi. Sanstantsiyadan bor edi. "Nimaga tualetning teshigi bitta, ikkita emas", deyishdi. Keyin qizimni chaqirib, majbur ariza yozdirib olishgan. Tualet yangi qurilgan edi. Yangi. To‘g‘ri teshigi bitta. Buning uchun "Mehribonlik uyini" yopish kerak emasku, deyishmadi, deydi Muhammadiyeva.

Rohila opa xonadonidagi "Mehribonlik uyi" yopilgach, uning 5 nafar tarbiyalanuvchisi Buxorodagi hukumatga qarashli 32-sonli "Mehribonlik uyi"ga olib ketilgan.

- Uyda beshta bola bor edi. Bu bolalarning ikkitasi 10 yildan buyon mening uyimda edi. Bolamning o‘ligini olib ketganday, olib ketdilar bolalarni. Bu kunni hech tasvirlab bera olmayman. Ular bolam qatori edi. Shunday yomon bo‘ldik. Bolalar shunaqa yig‘ladi. Ularni eshikdan olib chiqib bo‘lmadi. Shunaqa yig‘lashdi. Men uchun o‘lim bilan barobar bo‘ldi, deydi Rohila opa.

Rohila Muhammadiyeva “Mehribonlik uyi”ni 1994 yili tashkil qilganidan buyon 15 nafar bola uning xonadonida tarbiya topdi. Voyaga yetgan bolalarning birinchisi bundan yetti yil avval “Mehribonlik uyi”ni tark etgan. Lekin u va yana to‘rt nafar sobiq tarbiyalanuvchi hanuz boshpanasiz yashayapti.

Ozodlik muxbiri Buxorodagi "Mehribonlik uylari" uchun mas‘ul bo‘lgan Buxoro shahar hokimligining xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Matluba Badriddinova bilan bog‘landi.

Badriddinova o‘zining bu lavozimga yaqinda kelgani bois oilaviy "Mehribonlik uyi"ning yopilish tafsilotlarini o‘rganib ko‘rib, keyin javob berishga va‘da qildi.

Demak, Ozodlik ushbu mavzuga yana qaytadi.
XS
SM
MD
LG