Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:09

Skolari O‘zbekistonga boshqa kelmaydigan bo‘ldi


Braziliyalik futbol murabbiyi Luiz Felipe Skolari (chapda) 2009-2010 yillari Toshkentning "Bunyodkor" futbol klubida faoliyat yuritgan edi.
Braziliyalik futbol murabbiyi Luiz Felipe Skolari (chapda) 2009-2010 yillari Toshkentning "Bunyodkor" futbol klubida faoliyat yuritgan edi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi mamlakatga taklif etiladigan xorij trenerlarining oylik maoshi 9 million 600 ming so‘mdan (4368 AQSh dollari) oshmasligini belgilab qo‘ygani ortidan¸ asosan legioner murabbiylar olib kelinayotgan o‘zbek futbol klublaridan xorij trenerlari oyog‘i uzilishi taxmin etilmoqda.

Ayni paytda¸ futbol mutaxassislari bunday me‘yorning qabul qilinishi milliy trenerlar avlodi paydo bo‘lishiga zamin yaratishiga umid qilmoqda.

"Barselona"ni dog‘da qoldirgan "Bunyodkor"


O‘rtacha oylik 200 AQSh dollariga yetib-etmaydigan O‘zbekiston 2009 yilda Luiz Felipe Skolarini dunyodagi eng qimmatbaho sport murabbiysi maqomiga ko‘tardi.

Birinchi oilaga tegishli bo‘lgani taxmin etiladigan Zeromaks shirkati asosiy homiysi bo‘lgan Toshkentning Bunyodkor klubi asli braziliyalik Skolarini¸ xalqaro futbol kuzatuvchilarining yozishicha¸ 13 million yevrolik shartnoma bilan O‘zbekistonga olib keldi.

Mazkur kelishuv tafsilotlaridan xabardor Ozodlik manbalari¸ Skolarining yillik narxi O‘zbekiston uchun 25 million dollardan qimmatroqqa tushganini ta‘kidlaydi.

Dunyoning eng qimmatbaho treneri o‘zbek klubini deyarli raqobatsiz o‘zbek oliy ligasi chempioni qilishdan nariga o‘ta olmasdan¸ Toshkentdan juftakni rostladi.

Skolari yuki davlat yelkasiga tushdi?


Ozodlik manbalarining ta‘kidicha¸ Skolari bilan tuzilgan shartnomada uning yillik maoshi va boshqa mukofotlariga millionlab dollar to‘lash mas‘uliyati pirovardida davlat tizimlariga yuklangan va Zeromaks sindirilgach¸ va‘da qilingan pullarni oxirigacha to‘lash mojarosi ham davlatga qolgan. (Hozircha Skolarining va‘da qilingan pullarni oxirigacha olganiga oid aniq ma‘lumot yo‘q.)

Ayni paytda¸ germaniyalik murabbiyni oyiga 43 (davlat kursida taxminan 20 ming dollar) million so‘mlik kelishuv bilan olib kelib¸ biror natijaga erisha olmagan “Sho‘rtan” futbol klubidagi turli moliyaviy firibgarliklar ham¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Toshkent hukumati uchun "qimmatbaho" saboq bo‘lgan.

Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan xorij murabbiylarining ishlash tartibi bo‘yicha me‘yorlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijlik murabbiylarga ish haqi davlat byudjeti hisobidan, milliy valyutada to‘lanadi va ularning oylik maoshi miqdori 9 million 610 ming 500 so‘m (4368 AQSh dollari) dan oshmaydi.

Ayni paytda¸ hukumat belgilagan yangi tartibga ko‘ra¸ ish beruvchi xorijlik mutaxassisga oylikni byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan oshirishi mumkin.

Hukumatning¸ qimmatbaho sport¸ xususan¸ futbol trenerlarini O‘zbekistonga olib kelish yo‘liga jiddiy to‘siq qo‘yuvchi bu ma‘yori¸ futbol mutaxassislari va milliy murabbiylar tomonidan olqishlanmoqda.

- O‘zbekistonda hozir o‘zimizda o‘qib¸ ta‘lim olgan 60 dan ziyod futbol murabbiysi bor. Futbol klubi soni esa¸ 14 dona. Bu klublarda aylanayotgan ayni murabbiylar soni 10 dan oshmaydi. Bunday me‘yor¸ xorijlik qimmat trenerlarni O‘zbekistonga kelishini¸ tabiiyki¸ kamaytiradi. Ammo bu katta yo‘qotish emas. Zotan Ziko va Skolari kelib milliy futbolni ko‘tarishda deyarli hech ish qila olmay ketdi. Asosiy diqqatni o‘zimizning talantli murabbiylarga maydon va imkon berishga qaratish kerak va bu me‘yor shunga yo‘l ochadi deb umid qilaman¸ deydi O‘zbekiston futbol federatsiyasining sobiq rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek futboli mutaxassislaridan biri¸ O‘zbekistonda malakali va iste‘dodli murabbiylar yo‘q emasligini ta‘kidlab¸ o‘sib kelayotgan talantlar ichida¸ ayniqsa¸ “Nasaf” klubi bosh murabbiysi Ro‘ziqul Berdiyevni alohida tilga oldi.

2013 yilda O‘zbekiston futbolining "eng yaxshi murabbiysi" deb e‘tirof etilgan 42 yashar Ro‘ziqul Berdiyev Ozodlik bilan suhbatda¸ hukumat qabul qilgan me‘yor mahalliy murabbiylar uchun kengroq maydon qoldirishini e‘tirof etadi. Ayni paytda¸ milliy murabbiylarni xorijning yetuk trenerlaridan o‘rganib¸ malaka orttirishi uchun sharoit yaratish zaruratini ham tilga oladi:

- Men ham mahalliy murabbiylar ko‘proq ish olib borishi tarafdoriman. Lekin mahalliy murabbiylarning malakasini oshirish uchun ham ish qilinishi¸ masalan¸ ularni xorijga chiqarish yo‘lga qo‘yilsa¸ yaxshi bo‘lardi. Shunda chetdan keltiriladigan murabbiy beradigan bilimni o‘zimiznikilar berishi mumkin bo‘ladi¸ deydi Berdiyev.

Ozodlik suhbatlashgan futbol mutaxassisi bu fikrga mutlaq qo‘shiladi.

“Skolariga berilgan 25 millionga yuzlab iste‘dodli o‘zbekistonlik yosh murabbiyni dunyoning yetakchi klublariga malaka oshirishga jo‘natish mumkin edi va bu o‘zbek futboli darajasini ko‘tarishda yuz marta samaraliroq bo‘lgan bo‘lardi”¸ deydi Ozodlik manbasi.

"Agar menga bir yilgina Yevropaning yetakchi klublariga borib¸ ularning mashhur trenerlari bilan bevosita ishlash imkoni berilsa¸ keyingi 10 yil davomida o‘rganganlarimni tinimsiz o‘zbek klublariga tatbiq qilgan bo‘lardim"¸ deb orzu qiladi O‘zbekistonning eng yaxshi futbol murabbiysi.
XS
SM
MD
LG