Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:55

Jizzaxlik tadbirkorlarga “bolalar sportini rivojlantirish” uchun 50 ming so‘m o‘lpon solindi


Jizzax viloyat va shahar hokimliklari buyrug‘i asosida viloyat markazida qurilishi boshlangan hashamatli stadionni bitkizish uchun har bir tadbirkor¸ xususan¸ bozorda savdo qilayotganlarga zudlik bilan 50 ming so‘mdan ajratish buyurildi. Shahar bozorlari va viloyat ma‘muriyati rasmiylari¸ bu jarayonning “ko‘ngilli” tarzda o‘tayotganini iddao qildilar.

29 yanvar kuni Ozodlikka WhatsUp orqali kelgan xabarda “Jizzax shahar dehqon bozorida har bir tadbirkordan 50 000 so‘mdan yig‘ilayapti. Sport jamg‘armasi stadion qurilishiga deb¸ olayapti. Bu pul jamg‘armaga yetib boradimi o‘zi?” deb yozilgan.

Bu xabar ortidan Ozodlik muxbiri Jizzax shahridagi ikki yirik bozor – xalq orasida Eski bozor deb ataladigan Dehqon bozori hamda Ko‘k bozor ma‘muriyati bilan bog‘landi.

Ozodlik suhbatlashgan rasmiylardan biri¸ Jizzax shahrida yaqin yillarda qurib foydalanishga topshirilishi rejalangan stadion qurilishi uchun bozordagi tadbirkorlardan mablag‘ yig‘ilayotganini tasdiqladi. Ammo bu ma‘mur¸ jarayonning hech bir bosim va tazyiqsiz¸ ko‘ngilli tarzda borayotganini ta‘kidladi:

- Biz bolalar sportini rivojlantirishga homiylik qilayapmiz. Hozir shahrimizdagi hamma xususiy tadbirkor shunaqa homiylik qilib¸ bolalar sportiga pul o‘tkazib berayapti. Kim qancha ko‘nglidan chiqarsa¸ 50 ming¸ 30 ming¸ 15 ming berganlar ham bor. Bu hammasi ixtiyoriy. Stadion qurilishi uchun davlat byudjetidan 51 milliard so‘m ajratilgan o‘zi. Lekin viloyat hokimi¸ shahar hokimi prezident ukazlarini ko‘rsatib¸ bolalar sportiga homiylik qil¸ deyapti. Har yig‘ilishda bor bu gap. Biz tadbirkorlarga aytayapmiz¸ o‘zlari bankka borib o‘tkazib kelayapti. Majburlash yo‘q¸ odamlar o‘zi tushunib¸ ertaga shu stadionda o‘zimizning bolalar o‘ynaydi¸ deb berayapti¸ deydi Jizzax bozorlaridan biri ma‘muriyati xodimi.

Jizzax shahridagi stadion qurilishi uchun tadbirkorlardan o‘lpon yig‘ish uchun mas‘ul idora rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda¸ shahar hokimi bu mablag‘ni tezroq o‘tkazishni talab qilayotgani¸ banklar esa¸ har bir xususiy tadbirkor hisobidan “bolalar sportini rivojlantirish uchun homiylik” degan bahona bilan o‘rtacha 50 ming so‘mdan o‘tkazayotganini bildirdi.

“O‘zi qish¸ dehqon bozorida savdoning mazasi yo‘q. Ko‘kbozorning o‘zi remontga yopiladigan bo‘lib turibdi. Har kun shu gap. Bugun ertalab ham bankka borgandim¸ tezlashtir¸ degan gaplar bo‘layapti”¸ deydi Jizzax hokimiyat tizimidagi Ozodlik manbasi.

Jizzaxlik huquq faoli Mamirjon Azimov shahar markazidagi eski stadion buzilib¸ uning o‘rnida hashamatli va kattarog‘ini qurish ishlari o‘tgan yili boshlangani va shu kunlarda bu ob‘ektda ish qiziganini payqash qiyin emasligini ayatdi:

- Jizzax shahri markazida ilgari eski stadion bo‘lgan. Shuni buzib tashlab¸ hozir yangidan zamonaviy¸ 10 ming o‘rinlik stadion qurilayapti. Qurilish 2013 yilda boshlangan va eshitishimcha uni 2014 yil Mustaqillik bayramigacha topshirasan¸ degan topshiriq bor. Hozir shunga asosan juda katta ishlar ketayapti. Qurilishga juda katta davlat mablag‘i ajratilgan va katta qurilish shirkati yollangan. Yana nima uchun tadbirkorlarni pul o‘tkazishga majburlashayapti¸ bunisini hozircha bilmayman¸ deydi huquq faoli.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim jizzaxliklar¸ shahar markazida katta tomosha va tadbirlar uchun mo‘ljallagan yangi stadion qurilishi mazkur hududda yashab kelgan aholi noroziligiga sabab bo‘lgani va bu qurilish bois¸ ko‘plab shaharliklar uysiz qolganini bildirdi.

28 yanvar kuni Oqsaroyda o‘tkazilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga shaxsan prezident Karimov raislik qildi.

2014 yilni “Sog‘lom bola yili” deb e‘lon qilgan prezident O‘zbekiston bo‘ylab¸ xususan¸ viloyatlarda bolalar sportini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotgani¸ sport ob‘ektlari barpo etishga byudjetdan 2013 yil davomida 210 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratilganini ta‘kidladi.

Bolalar sportini rivojlantirish umumiyatla olqishga sazovor ekanini ta‘kidlayotgan mustaqil kuzatuvchilar¸ O‘zbekiston hukumati mamlakat¸ xususan qishloq joylarda sog‘lom bolalar avlodini yetishtirishni astoydil istayotgan bo‘lsa¸ buning uchun birincha navbatda bolalar mehnatiga barham berishi lozimligini ta‘kidlamoqda.

Sport vositasida sog‘lom avlod ulg‘aytirish maqsadi jiddiy bo‘ladigan bo‘lsa¸ buning uchun 10 ming o‘rinlik¸ qimmatbaho stadionlarni tadbirkorlarni qiyratib qurishning hojati yo‘q. Xususiy tadbirkorlarga imkon bersa¸ o‘zlari joylar¸ ayniqsa¸ qishloq joylarda kichik o‘yingoh va sport zallari ochib tashlaydi. Bunday joylarda sport bilan shug‘ullanishni oddiy oilalar uchun ham qo‘l yetadigan qilib qo‘ysa bo‘ldi¸ bolalarimizning sportga qiziqishi o‘z-o‘zidan kuchayadi¸ deydi Ozodlik shu mavzuda suhbatlashgan oddiy o‘zbekistonliklar.
XS
SM
MD
LG