Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:51

Qashqadaryolik pensionerlar vaqti naqd pul kutib o‘tmoqda


"Ipoteka bank"ning Qashqadaryo filiali oldida pensionerlarning vaqti har kuni naqd pul kutib, navbat poylab o‘tayotgani to‘g‘risida Ozodlikning norasmiy manbasidan olingan xabarni tilga olingan moliyaviy muassasa vakili tasdiqladi. Bank vakiliga ko‘ra, fuqarolar qo‘lidagi plastik kartalarga o‘tkazilgan mablag‘ni naqdlash uchun naqd pul yetarli emas.

Ozodlikning norasmiy manbasi “Ipoteka bank”ning Qarshi shahridagi filiali oldida tushirgan suratlarda tilga olingan bank, uning hovlisida navbat kutib turgan yoshi ulug‘ erkak va ayollar aks etgan.

Manba fotosuratlarga mana bu matnni ilova qilgan:

“Plastikka tushgan pulni naqd pulga aylantirib olish uchun KUTISHAYAPTI. Kassada ko‘proq pul bo‘lsa, 100% naqd qilib olishadi, pul kamroq bo‘lsa, hech bo‘lmasa 50% ini naqd qilib olishlari mumkin. Avvallariyam (plastik degan narsa yo‘qligida) kutishgan. Hozir ham kimga naqd pul kerak bo‘lsa, KUTADI”,
deb yozdi Ozodlik manbasi.


"Naqd pul yo‘q"

“Ipoteka bank”ning Qarshi shahridagi filiali vakilining aytishicha, naqd pul kutayotganlar pensionerlardir.

- Pensionerlar navbatda turishibdi. Naqd pul yetishmayapti. Naqd pul olishni xohlashadi hammasi. Plastikdagi pulini naqd pul qilishmoqchi, dedi o‘zini tanishtirishni va boshqa savollarimizga javob berishni istamagan bank xodimi.

“Ipoteka bank”ning Toshkentdagi bosh idorasi xodimi ham vaziyatni naqd pul yetishmayotgani bilan izohladi.


Eskirishga ulgurgan gaplar takrori


Biz bir necha qashqadaryolik bilan gaplashdik. Ular shu mavzuda bundan oldin aytilgan gaplarni yana takrorladi:

- plastik kartochkadagi pulni ishlatish uchun hamma joyda ham terminal mavjud emas;

- magazinlarda tovarlar naqd pulga olinsa 5 – 10 foizga arzonroq tushadi.



Natijada pensiyasi yoki ish haqi plastik kartalarga tushiriladiganlar banklarda naqd pul taqchil bo‘lgan sharoitda nasyasini naqd qilish uchun banklar oldidan jilmaydigan ucharlar yoki magazinchilar xizmatidan foydalanmoqda.


Militsiya xodimlari oylikni naqd oladi

O‘zbekistondagi yirik banklardan birining yetakchi mutaxassisidan vaziyatni sharhlab berishni iltimos qildik. Ismini aytmasligimiz va ovozini eshittirmasligimiz sharti bilan savollarimizga javob bergan mutaxassis bunday dedi:

- Aksariyat korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari maoshlari 100% kartochkaga o‘tkazilmoqda. Ayni paytda oylikni naqd pulda oladigan qatlamlar mavjud. Huquq-tartibot organlari (militsiya, MXX) hamda Mudofaa vazirligi xodimlari naqd oladi. Bulardan tashqari pensionerlarning bir qismi ham naqd olishi mumkin, dedi mutaxassis.

Qashqadaryolik II guruh nogironi Ahmadjon aka pensiyasini naqd oladiganlardan.

- Nafaqam ozligi sababli naqd beringlar, deb talab qilganman.

- Naqd oladiganlar ko‘pmi?

- Aksariyati plastikka oladi.

- Qancha pensiya olasiz?

- (Kuladi) Oz. 191 ming so‘m olaman, dedi qashqadaryolik pensioner.


Markaziy bank emissiyadan qo‘rqmoqda


Bank xodimi naqd pul taqchilligi sababalari to‘g‘risida gapirar ekan, bunday dedi:

- Bankdan tashqari naqd pul aylanmasi hajmi katta. Taqchillik sababi shunda va shuning uchun banklar naqd pul yetkazib berolmayapti.

- Bas, shunday ekan, nima uchun davlat qo‘shimcha emissiya qilmayapti?

- Agar emissiya qiladigan bo‘lsa, ya‘ni muomalaga qo‘shimcha naqd pul tashlasa, inflyatsiya sur‘ati keskin ortib ketishidan qo‘rqadi hukumat. Markaziy bank inflyatsiyani jilovlab turish uchun naqd pulsiz hisob-kitob yo‘lini tanlagan. Naqd pul taqchilligi sababi shundan, dedi bank mutaxassisi.
XS
SM
MD
LG