Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:13

Toshkentda Navro‘z bayrami o‘tkazilganidan shaharliklar bexabar qoldi


Toshkentda Prezident Islom Karimov ishtirokidagi Navro‘z bayrami tantanalari "yog‘ingarchilik kutilayotgani sababli" 21 martda emas, balki ikki kun oldin – 19 mart kuni o‘tkazildi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Toshkentning Navoiy nomli milliy bog‘ida o‘tkazilgan Navro‘z tantanalarida so‘zlagan nutqida "turli mintaqalarda" davom etayotgan mojarolarni faqat tinch yo‘llar bilan hal qilishga chaqirdi.

Lekin, Karimov Qrimni tilga olmadi.

"Bizning xalqimiz nimani istaydi? Avvalo o‘z yurtida, qo‘shni mintaqalarda, butun olamda tinchlik-osoyishtalik hukm surishini, turli-turli hududlarda hali-beri davom etayotgan mojaro va qarama-qarshiliklar kuch ishlatmasdan, takror aytaman, kuch ishlatmasdan, faqatgina tinchlik yo‘li bilan, zo‘ravonlikni chetga surib, siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal qilishni xohlaydi, - dedi Karimov.

Har galgidek prezident Karimov Navro‘z bayrami tantanalarida raqsga tushdi.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazi rasmiylari 21 mart kuni Toshkentda yog‘ingarchilik kutilayotgani sababli Navro‘z bayramining asosiy tantanalari 19 martga ko‘chirilganini aytishdi.

- Bir hafta davomida, 21 mart kuni ham yomg‘ir kutilyapti. Yomg‘irsiz kun faqat bugun edi. Shu sababli bayramni bugunga ko‘chirishdi, - dedi O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazi xodimi.



Toshkentda 19 mart kuni asosiy bayram tantanalari bo‘layotganini poytaxtliklar asosiy yo‘llar to‘sib qo‘yilganidan bildi.

19 mart tongdan Toshkent shahridagi O‘zbekiston Milliy bog‘iga olib boruvchi qator tutash ko‘chalarda avtomobillar harakati cheklandi.

“Milliy bog‘” hamda “Bunyodkor” metro bekatining Navoiy bog‘iga chiqadigan tomoni vaqtincha yopildi.

- Shahar markazida mashinada yurib bo‘lmaydi. Ertalabdan tekshir-tekshir. To‘xtatib bagajni tekshiryapti. Uyga kelib, televizorni qo‘ysam, “Axborot”da aytib qoldi, bayram bo‘ldi, deb. Oldindan aytishsa, bolalarimizni bayram sayliga olib chiqar edik, - deydi toshkentlik taksi haydovchisi Ne‘matilla.

Toshkentning kirish va chiqish yo‘llarida militsiya xodimlari avtomobillarni diqqat bilan tekshirmoqda.

Poytaxtlik Ma‘rufjon bayram bilan bog‘liq tekshir-tekshirlariga ko‘nikib qolganini aytadi.

- Bugun Chirchiqqa sanatoriyga borib keldim. Chiqishda ham shaharga kirishda ham to‘xtatib tekshirdi. “Bagajni och”, deydi. Bayramlardan bezillab qolganmiz, deydi toshkentlik Ma‘rufjon.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari Toshkentda Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Tozalash” tadbiri doirasida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini tasdiqlashdi.

Shaharlararo qatnaydigan avtobuslar uch kundan buyon Toshkentga kiritilmayapti.

- Shaharlararo avtobuslar Toshkentga qo‘yilmayapti. Alohida ko‘rsatma bo‘lmaguncha avtobuslarning shaharga kirishiga ruhsat yo‘q. Rahbariyat falon kuni och desa, ochadi. Faqat shaharlararo avtobuslar. Yengil mashinalarga cheklov yo‘q, - dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi rasmiysi.

Avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Navro‘z bayrami munosabati bilan profilaktika ishlari olib borilgani va poytaxtda 16 mingdan ortiq xonadon tekshirilgani haqida ma‘lumot tarqatgan edi.

-Oddiy xalq har yili bayram arafasi o‘tkaziladigan bunaqa reydlarga ko‘nikib qolishgan, - deb so‘zida davom etadi o‘zbekistonlik jurnalist Abdurahmon Tashanov: - Bu tadbir doirasida Toshkentda propiskasi bo‘lmaganlar viloyatlarga jo‘natiladi. Uyma -uy yurib pasport rejimiga amal qilmayotgan odamlar aniqlanadi. Odamlar yigirma yildan buyon davom etayotgan bu bayramoldi tekshir-tekshirlarini tabiiy xol, sifatida qabul qilyapti. Rasmiylarni o‘zlari ham yashirishayotgani yo‘q, - deydi jurnalist.

Ba‘zilar buni ob-havo bilan bog‘lasa, boshqalar prezident Islom Karimov xavfsizligini ta‘minlash zarurati bilan izohlashadi.
XS
SM
MD
LG