Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:57

Xivaning yetti asrlik minoralari ijaraga beriladi


O‘zbekistonda qadimiy yodgorlik ob‘ektlarini ijaraga berish yo‘lga qo‘yildi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, istagan o‘zbekistonlik yoki xorijlik mamlakatdagi madaniy-diniy obidalarni ijaraga olish huquqiga ega. Faqat yodgorlik ob‘ekti ijaraga oluvchi shaxsga 5 yil ichida uni ta‘mirlash sharti bilan beriladi.

O‘zbekistonda bundan buyon istagan shaxs Xiva minoralari, Samarqand madrasalari yoki Buxorodagi tarixiy masjidlarni ijaraga olishi mumkin.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarorida aytilishicha, mamlakatdagi yodgorlik obidalarini "ko‘rgazma zallari, mehmonxonalar, alkogolli ichimliklar sotilmaydigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari, banklar, fotosalonlar, kinoteatrlar, modalar atelьesi, go‘zallik salonlari" ochish kabi ko‘plab maqsadlar uchun ijaraga olish mumkin.

Madaniyat va sport ishlari vazirligining Madaniy meros ob‘ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasidagi ismini ochiqlamayotganimiz mulozimga ko‘ra, mamlakatdagi jami 255 ta yodgorlik obidasini ijaraga berish rejalashtirilmoqda.

- Mintaqaviy idoralarimiz ro‘yxatlari bizlarga taqdim etilgan. Hozirgi kunda bizlar o‘shaning ro‘yxatini ishlab chiqayapmizda. O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi bu ro‘yxat, - dedi mulozim.

Bugungi kunda birgina Xivaning 25 asrlik Ichonqa‘la tarixiy majmuasida Juma masjidi, Amir to‘ra madrasasi, Polvon darvoza singari 8 ta obidani ijaraga olish mumkin.

Xivadagi rasmiy idoralardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, shahar bo‘ylab jami 20 tadan ortiq minora bo‘lib, ulardan 17 tasi ijaraga beriladi.

Bugungi kunda mamlakatdagi ko‘plab tarixiy obidalar ta‘mirga muhtoj ahvolda. Mutasaddilarning e‘tiroficha, mablag‘ yetishmasligi sabab obidalarni saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas. Ko‘plab me‘moriy yodgorliklar foydalanilmayotgani bois tashlandiq holda yotibdi.

Mutasaddilarga ko‘ra, endilikda tarixiy inshootlarini ijaraga berish orqali ta‘mir va qayta tiklash bilan bog‘liq muammolarni yechish ko‘zlangan.

- Ijaraga olgan odam 5 yilga shartnoma qilinadigan bo‘lsa, 5 yil ichida tutash hududlarini obodonlashtirish, ayniqsa joylarni rekonstruktsiya qilish masalasi yuklatiladi. Masalan 100 foizlik ijaraning 80 foizi o‘zida qoladi ijaraga oluvchining. Qolgan 20 foizi davlatga o‘tkaziladi. 80 foizning ichida rekonstruktsiya, obodonlashtirish ishlarini qilaveradi, - dedi Madaniy meros ob‘ektlarini muhofaza qilish bosh boshqarmasi mulozimi.

Madaniy ob‘ektlarni O‘zbekiston rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxslar ijaraga olishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi faqatgina diniy ob‘ektlarni savdo faoliyati, Internet kafe, fotosalonlar, idoralar, agentliklar, turizm byurolari, sport zallari, kinoteatrlar, modalar atelьesi, go‘zallik salonlari uchun ijaraga berishni taqiqlaydi.

Ayni paytda xorazmlik mulozimlar Ichonqa‘ladagi Juma masjidining yarmi bo‘sh ekani va u yer sport to‘garagi tashkil qilish uchun ijaraga berilishi mumkinligini aytishdi.

Ijaraga oluvchilar shartnoma tuzilgan kundan boshlab 5 yil muddatga 80 foizi miqdorida ijara to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi.
XS
SM
MD
LG