Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:04

Paynetchilarning shirkatlardan oladigan rag‘batlantirish puli foizi ko‘tarildi


UZPAYNET vakillariga ko‘ra, mijozlardan olinadigan 6 foizli komissiya bekor qilinganidan keyin agentlarga kompaniyaning xizmat ko‘rsatuvchi hamkorlari mukofot puli ajratib bera boshlagan va bu pul mijoz tomonidan to‘langan pulning 2,5 foizini tashkil qiladi.

Bu haqda Ozodlikka UZPAYNET shirkati operatorlaridan biri ma‘lum qildi.

- Oldin [6 foizlik] komissiya olinardi. Hozir esa 19 martdan boshlab Vazirlar Mahkamasining 56-qaroriga binoan bunga o‘zgartirish kiritildi. O‘sha o‘zgartirishga qarab komissiya voznagrajdeniye, ya‘ni mukofot puliga o‘zgardi. Bu yoqda mijozlar qancha to‘lashsa, shuncha pul PAYNET orqali o‘taveradi - 10 ming bo‘lsa, 10 ming, 5 ming bo‘lsa, 5 ming – qolgan foiz miqdorlarini kompaniyalar o‘zlari ajratib berishayapti, - dedi UZPAYNET operatori.

UZPAYNET vakiliga ko‘ra, avval mijozlardan 6 foizlik komissiya olingan paytda buning 2 foizi UZPAYNET shirkatiga, 4 foizi esa kompaniya agentiga qolardi. Komissiya bekor qilinganidan keyin kompaniyaning Ucell, Beeline, Perfectum kabi hamkorlari tomonidan agentlarga 0,1 foizdan boshlangan rag‘batlantirish pullari beriladigan bo‘lgan. Biroq, aftidan, bu pul agentlarni qoniqtirmagan ko‘rinadi - balki shu vajdan rag‘batlantirish puli foizini ko‘tarishga qaror qilingan.

- Voznagrajdeniye foiz miqdori oldin kichkina edi. Hozir Ucell niki 2,5 foizga o‘zgargani haqida ma‘lumot berilayapti. Ucell, UzOnline, Perfectum voznagrajdeniyesi endi 2,5 foiz, - dedi UZPAYNET vakilasi.

“Agentlarga hamkorlar mukofot puli to‘lasa, UZPAYNETga kim to‘laydi?” degan savolimizga shirkat vakillari hozircha bu savolga javob bera olmasliklarini aytib, bizga UZPAYNET sayti yangiliklar bo‘limini kuzatib borishni tavsiya qilishdi.

O‘zbekistonda onlayn to‘lovlarni amalga oshiruvchi UZPAYNET tizimini prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxslar nazorat qilib kelganiga ishoniladi.

Ozodlik ega bo‘lgan hujjatlarga ko‘ra, UZPAYNET Gibraltarda ro‘yxatga olingan “Takilant Ltd” shirkatiga qarashli.

Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan Gayane Avakyan nomiga ochilgan “Takilant Ltd” Yevropada pul yuvish jinoyati bo‘yicha ochilgan ish markazida bo‘lgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘tgan oy soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va boshqa ayblovlar bo‘yicha Avakyan hamda yana o‘nga yaqin shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma‘lum qilgan edi.

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari UZPAYNET mijozlaridan olinadigan komissiya to‘lovi bekor qilinishi ortidan kompaniya agentlari “do‘konlarini yopib qo‘yishlari”, bu esa mijozlarni qulaylikdan mahrum qilishi mumkinligi to‘g‘risida xavotir bildirgandilar. Endi esa ular agentlarga rag‘batlantirish puli to‘laydigan kompaniyalar, shu jumladan, uyali aloqa operatorlari tariflarni ko‘tarib yuborishlari mumkinligidan tashvishlanmoqdalar.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Beeline, UZMOBILE, Perfectum Mobile kabi operatorlari tarifida hozircha biror o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Ayni paytda Ucell uyali aloqa shirkati shu yilning 4 aprelidan boshlab bir qancha tariflar bo‘yicha kundalik abonent to‘lovi 1 tsentga oshirilishini e‘lon qilgan.
XS
SM
MD
LG