Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:03

"Marhamatdagi bank va‘da etilgan kunda zayomni qaytib olmadi"


O‘zbekiston Moliya vazirligining 1992 yilda chiqarilgan yutuqli zayomlar 1 apreldan qabul qilinishi haqidagi qaroriga umid qilgan marhamatlik pensioner Mahmud Hakimov Marhamat tumanidagi bank uning zayomlarini olmaganini aytib, Ozodlikka bog‘landi. Bank mutasaddilari pensionerga "zayomlar haqida hali ko‘rsatma kelmagani bois" ololmasligini aytgan.

1992 yildan beri 23 ming so‘mlik zayomlarni nima qilarini bilmay, tashlab ham yubormay, umid bilan saqlab yurgan minglab o‘zbekistonliklardan biri -
pensioner Mahmud Hakimov aprel oyini sabrsizlik bilan kutgani va oy boshida bankka borganini aytdi.

- 1 apreldan qabul qiladi, deyishgandi. Borsam: "Hali o‘tgan oyni yopganimiz yo‘q. Buning ustiga bu zayomlarni nima qilishni ham bilmaymiz. Hali hech qanaqa ko‘rsatma kelgani yo‘q, keyinroq keling", deb qaytarishdi, - deydi Ozodlikning "Erkin mikrofon"iga Marhamat tumanidan bog‘langanini aytgan Mahmud aka.

Zayomlarni qabul qilish bo‘yicha mart oyi boshida O‘zbekiston Moliya vazirligi hamda Xalq banki bergan bayonotda 1992 yilda chiqarilgan 12 foizlik yutuqli zayomlar 1 apreldan boshlab aholidan qabul qilinishi bildirilgan edi.

- Ha shunaqa degan edinglaru, desam: "Hali aniqmas hech narsa, uni qanqa hisob-kitob qilishiniyam bilmaymiz. 3-4 kundan keyin bir kelib ko‘ringchi", deb chiqarvorishdi. Menda 500 so‘mlikdan 23 ming so‘mlik zayom bor. Endi bu qancha bo‘ladi, hech narsa aytishmadi. Shu 1-15 qilib, hisoblab berisharkan, degan gaplarni eshitganman. Lekin, hali aniqmasmish. Lekin alohida okoshkalarni ochib, tayyor qilib qo‘yishibdi. Faqat qabul qilishmayapti, - deydi marhamatlik pensioner.

Ozodlikning "Erkin mirofon"iga bu borada hali boshqa tinglovchilardan murojaat tushmadi.

(“Erkin mikrofon” rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!

Agar mushtariylar orasida bu xususda biror ma‘lumot yoki xabari bo‘lganlar bo‘lsayu, buni Ozodlik mushtariylariga yetkazish istagi bo‘lsa, marhamat bizga bog‘laning!)


Mart oyi boshida O‘zbekiston Moliya vazirligi hamda Xalq banki 1992 yilgi 12 foizlik yutuqli zayomlarni aholidan qabul qilishini bildirgan.

Rasmiy xabarda zayomlar 1 apreldan 1 iyulgacha qabul qilinishi aytilgan. Zayom egalari Xalq bankining vakolatli bo‘linmalariga kelib, ularni kassaga topshirishlari lozim.

"2014 yilning 1 avgustidan 30 noyabrgacha indeksatsiyani hisobga olgan holda, pul mablag‘lari to‘lab beriladi", deya ma‘lum qilgan O‘zbekiston Moliya vazirligi rasmiysi Iskandar Hakimov.

Ammo bu mutasaddi 1992 yilda chiqarilgan va 20 milliard so‘mlik miqdorda sotilgan 500 so‘mlik yoki 1000 so‘mlik obligatsiyaning bugungi qiymati qancha bo‘ladi, qanday hisob-kitob qilinadi - bu haqda hozircha biror qaror qabul qilinmaganini aytgan.

1992 yildan buyon aholi qo‘lida qolayotgan 12 foizli ushbu davlat zayomlarining amal qilish muddati esa shu yil 1 iyulda tugaydi.
XS
SM
MD
LG