Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:09

Beshariqlik nogiron: Bizga atalgan moddiy yordamga futbolchilarni boqishdi


Beshariqlik nogironlar ularga har yili Navro‘z bayramida beriladigan moddiy yordamga bu yil tumanda o‘tgan futbol musobaqasi ishtirokchilarini boqishganini iddao qilmoqda. Rasmiylar esa nogironlarga moddiy yordam berilgani, futbol musobaqasi homiylar ko‘magida o‘tkazilganini aytmoqda.

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidagi Dehqonzoda qishlog‘ida istiqomat qiluvchi ikkinchi guruh nogironi Nishonboy O‘razaliyevning iddao qilishicha, har yili Navro‘z bayramida kam ta‘minlangan oilalar va nogironlarga hukumat tarafidan beriladigan oziq-ovqat moddiy yordami futbol musobaqalariga o‘tkazib yuborilgan.

Ozodlikning "Erkin mikrofon"iga bog‘langan tinglovchining aytishicha, har yili bahorda nogironlarga O‘zbekiston prezidenti nomidan moddiy yordam tariqasida taxminan 70-80 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari beriladi.

- Bizga har yili Navro‘zda prezident yordami berilardi. Bu un, moy, guruch, makaron, tushenka, shakar, moloko kabi eng birlamchi mahsulotlar edi. Bu yil esa bermadi. Dehqonzoda qishloq fuqarolar yig‘iniga borib, Xolisxon degan kotibadan sababini so‘radim. Uning aytishicha, bu yilgi yordamlar sport musobaqalariga o‘tkazib yuborilibdi. Futbol o‘ynaydigan bolalarga bizdan boshqa homiy yo‘q ekanmi? - dedi Nishonboy O‘razaliyev.

Ovozi yozib olinmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan Dehqonzoda qishlog‘ida istiqomat qiluvchi boshqa bir nogiron ham bu yil ularga moddiy yordam berilmaganini aytdi:

- Bu yil Navro‘zda yoshlar o‘rtasida futbol bo‘ldi. Futbolga alohida pul ajratilgan deyishgandi. Bir qancha oilalarning bolalar nafaqa pullari ham ushlanib qolingan ekan. Mahalla raisimiz futbolchilarning otdelniy chiqimi bor, o‘shanaqalarga sarflayapman deb aytgan ekan, - dedi birinchi guruh nogironi.

Dehqonzoda qishloq fuqarolar yig‘ini kotibasi Xolisxon opa Ozodlik bilan suhbatda oziq-ovqat moddiy yordamining futbol musobaqasiga o‘tkazib yuborilganini rad qildi:

- Yo‘q, o‘zi hokimiyatdan hech narsa berilgani yo‘q. O‘zimiz yotib qolgan kasallarning uch-to‘rttasidan xabar oldik, keyin homiylar yordami bilan qishloqda futbol musobaqasi o‘tkazildi, - dedi Xolisxon opa.

Dehqonzoda qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Muhammadjon Kabirov esa Ozodlik bilan suhbatda nogironlarning shikoyatida asos yo‘qligini aytdi:

- Bizda Navro‘z bayramida barcha kam ta‘minlangan oilalarga va nogironlarga un-pun, shakar-pakar, hammasi tarqatib berilgan. Endi moddiy yordam kamda, navbatma-navbat beriladi. Futbol musobaqasiga bir million 70 ming so‘mni yonimizdan qo‘ydik. Prezidentning “Sog‘lom bola yili” taklifini qo‘llab quvvatlab, 12 martdan 20 martgacha sport musobaqalari o‘tkazdik. Fermerlar homiylik qildi, - dedi Muhammadjon Kabirov.

Beshariqlik nogironlarning iddao qilishicha, oziq-ovqat moddiy yordami har yili tuman hokimligi tomonidan “prezident yordami” sifatida berilardi.

Biroq, rasmiylar bu yil tuman hokimligidan bunday moddiy yordam kelmaganini aytmoqdalar.

Beshariq tumani hokimining ana shu masalaga mas‘ul o‘rinbosarining telefoni o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.



Shu tariqa Ozodlik muxbiri "Erkin mikrofon" rukniga kelgan bu shikoyatga mahalliy mutasaddilardan aniq javob olishga imkon qadar urinib ko‘rdi. Olingan javoblar esa hozircha masalaga to‘la oydinlik kiritmadi. Ozodlik bu borada mahalliy mutasaddilardan izoh olishga urinishda davom etadi.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzatib boring!
XS
SM
MD
LG