Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:37

13 yoshida tuqqan xorazmlik qiz voqeasi ortidan olti kishi jazolandi


Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 13 yoshli qizning o‘z akasidan homilador bo‘lib, farzandlik bo‘lgani ortidan olti kishi jazolandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, qiz o‘qiyotgan maktabdan uch kishi ishdan bo‘shatilgan, qishloq vrachlik punktidan ikki kishi va mahalladan ham bir kishi jazolangan. Hibsda saqlanayotgan qizning akasi ustidan esa mahkama jarayoni davom etayapti.

Joriy yilning 20 yanvar kuni o‘z tug‘ishgan akasidan farzandlik bo‘lgan bo‘yrachilik qiz o‘qiyotgan maktabning direktori, ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari va qizning sinf rahbari ishdan olingan.

Bu haqda bo‘yrachilik aka-singil voqeasini o‘rgangan Ozodlik manbasi ma‘lum qildi.

Manbaga ko‘ra, ushbu voqea ortidan yana Bo‘yrachi qishloq vrachlik punktining hamshirasi ishdan olinib, bosh shifokoriga hayfsan e‘lon qilingan.

Shuningdek, Bo‘yrachi qishlog‘ining mahalla maslahatchisi maoshidan 30 foiz ushlab qolish bilan jazolangan.

Manbamizning aytishicha, hozirda mahalla maslahatchisi qizchaning oilasiga nazoratchi sifatida tayinlangan.

(13 yashar qizaloq va uning akasi ism- familiyasi Ozodlikka ma‘lum. Lekin huquqiy va axloqiy jihatdan ularning ism- sharifini oshkor qilmayapmiz)

Qizni homilador qilgan 25 yashar yigit ustidan esa mahkama jarayoni davom etmoqda.

Yigitga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 118-moddasi¸ ya‘ni "Nomusga tegish" jinoyati bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, agar u aybdor deb topilsa, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Jinoyat Kodeksining 118-moddasida 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Bo‘yrachi qishloq fuqarolar yig‘inidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, voqea oshkor bo‘lgach¸ qizning akasi hibsga olingan va u Xorazm viloyat Milliy xavfsizlik xizmati hibsxonasida saqlanmoqda.

Hozircha o‘z singlisi nomusiga tekkan akaning mahkamasi bilan bog‘liq tafsilotlar Ozodlikka ma‘lum emas.


Qiz maktabga qatnay boshladi

Manbamizning xabariga ko‘ra, chaqaloq tug‘ilishi bilan Urganch shahridagi “Chaqaloqlar uyi”ga topshirilgan. Bu yerda u 3 yoshigacha tarbiyalanadi, lekin uning keyingi taqdiri nima bo‘lishi hozircha noma‘lum.

Qizning o‘zi esa mart oyidan boshlab maktabga qatnay boshlagan. Tuqqanidan so‘ng avvaliga u o‘qishni uyida davom ettirgan, o‘qituvchilari uning uyiga borib ta‘lim berishgan edi.

Bo‘yrachidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qizning 13 yoshida tuqqani oshkor bo‘lgach, Shovot tuman hokimligi xotin-qizlar kengashi, xalq ta‘limi bo‘limi, qishloq fuqarolar yig‘ini vakillari qishloqda tashviqot- targ‘ibot ishlarini olib borishgan.

- Hokimlikdan kelib qizning sinfdoshlari, qo‘shnilari, mahallasi bilan birma-bir gaplashishdi. Qizning ushbu nuqsonini yuziga solmaslik, dugonalari masxara qilmasligi, sinfida gap-so‘z qilmasligi uchun tushuntirish olib borishdi. Hokimlik vakillari "Qiz homilador bo‘lmagan, uning tuqqani yolg‘on. U appenditsit bo‘lgan, operatsiya qilib ko‘richagi olib tashlangan", deb targ‘ibot qilishdi,- deydi voqeani o‘rgangan manbamiz.


Qizning homilador bo‘lganini hech kim bilmagan

Bo‘yrachilik aka-singil voqeasini o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, qizning homilador bo‘lganini uning oyi-kuni yetmaguncha hech kim bilmagan.

Qiz to‘qqiz oy davomida maktabda o‘qishini davom ettirgan, hatto tug‘ishidan bir kun oldin ham darsga borgan. Manbaga ko‘ra, qizning homilador ekanligidan nafaqat maktabdagilar, hatto ota-onasi ham bexabar bo‘lgan.

13 yoshida¸ o‘zi bilib-bilmay ona bo‘lgan qiz hayoti tafsilotlarini o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, qiz akasi bilan bitta xonada yashab kelgan.

“Bizda qishda juda sovuq bo‘ladi. Gaz yo‘q. Sovuqda hamma bitta xonaga qamalib yotishadi. Bular akasi bilan singlisi ham bir xonada uxlashar ekan. Akasi singlisi bilan necha marta jinsiy aloqa qilgani noma‘lum. Bu endi sudda ma‘lum bo‘ladi”, dedi Ozodlik manbasi.

Manbamizning aytishicha, aka-singilning otasi nogiron bo‘lib, oyoq-qo‘li ishlamaydi, onasi esa¸ ishsiz¸ uy bekasi.
XS
SM
MD
LG