Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:42

Farg‘ona va Namangan buyum bozorlarida bir necha do‘kon musodara qilindi


Namangan va Farg‘ona shaharlari markazidagi yirik buyum bozorlarida shahar hokimiyati Savdo departamenti, Soliq inspektsiyasi xodimlari ishtirokida keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi va bir necha kiyim-kechak do‘konlari musodara qilindi. Tadbirkorlarning aytishicha, tekshiruvchi guruhlar hujjatida kamchiligi bo‘lgan tadbirkorlarning mulkini ayovsiz musodara qilmoqda.

Namangan shahri markazida kiyim-kechak va qisman oziq-ovqat sotiladigan "Yangi bozor" savdo majmuasida o‘tgan haftada 4 do‘kon musodara qilingani haqida Ozodlikka WhatsApp tarmog‘i orqali xabar yo‘llandi.

O‘zini savdo bilan shug‘ullanuvchi kichik tadbirkor, deb taqdim qilgan ammo ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan manba bu haqda shunday xabar yo‘lladi:

"Bizda namanganda savdogarchilik juda xam qiyinlashib ketdi Musodaralar juda kopayib ketyapti Shu kunlada 4-5 dokon besabab musodara qilindi yillab topganlarini bir zumda ozlariniki qilishadi kamiga katta katta shirtaflarni yelkaga ilib qoyishadi", deb yozdi Namangan shahridan bog‘langan manba.

Uning yozishicha, kutilmaganda bozorga yopirilib kelgan tekshiruvchilar guruhi tadbirkorlarning hujjatlari, ayniqsa, sotilayotgan molning qayerdan keltirilganiyu, kassa apparatida qancha tushum bo‘layotgani bilan qiziqadilar.

"Ikki yil avval besabab katta sumni musodara qilgandi hammani dokumenti bor bolsada rastamoshka qogoz soragan axir biz toshkentdagi Abu Saxiydan olsak rastamoshka qogoz qayerda boladi Lekin bu gaplarni bir kishiga aytsangiz ha deyishadida ozgina kunda yoki vahobi yoki davlat hiyonatchisi sifatida qamalib ketasiz", deb yozdi namanganlik tadbirkor.

Ozodlik muxbiri Namangan shahri markazidagi "Yangi bozor" ma‘muriyati bilan bog‘landi. Ma‘muriyat vakili Soliq idorasi va Savdo departamenti xodimlari ishtirokidagi katta tekshiruv 3-4 kun muqaddam o‘tkazilgani hamda bir necha do‘kon musodara qilinganini tasdiqladi.

Uning muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, tekshiruvdan maqsad "noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini aniqlash va tegishli chora-tadbirlarni qo‘llashdan iborat bo‘lgan. Ammo, aynan qancha do‘kon musodara qilingani va musodara qilingan mol-mulk summasi haqida bu vakil ma‘lumot bera olmasligini aytdi.

Namangan shahar hokimligining Savdo departamentidan esa bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo, hokimlik idoralaridan birining ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi do‘konlardagi tovar-mahsulotlar yoppasiga musodara qilinishi haqidagi da‘volarni rad etdi.

"Bozorda noqonuniy mahsulot ko‘p. Qirg‘izistondan, Toshkentdan yana u yoq-bu yoqdan yashirincha olib kelib, sotaveradi. Do‘koniga hamma hujati bor, lekin tovariga hujjati yo‘qda. Hujjati yo‘q tovar musodara qilinadida! Hujjatini to‘g‘irlab, jarimasini to‘lagandan keyin tovari qaytarib beriladi", deya tushuntirish berishga urindi ismini okshor qilmayotganimiz rasmiy muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ayni paytda shunday surishtiruvlar 10 kuncha muqaddam Farg‘ona shahridagi buyum bozorlarida bo‘lib o‘tgani ham xabar qilindi.

Shahardagi "Ipakchilar buyum bozori"da savdo qilgan tadbirkorlardan biri 10 kun avval o‘tkazilgan reyd natijasida bir necha do‘kon eshigiga muhr urilganini aytdi.

"Asosan, tovar mahsulotlarning sertifikatlarini so‘raydi, qayerdan olib kelganingizni ko‘rsatib berishingiz kerakda hujjatda. Keyin kassa tushumi juda muhim, shuni so‘raydi. Shu kamchiligi bo‘lgan 3-4 ta do‘konni yopibdi, lekin keyin tekshirib, shtraflarini to‘latib, yana qaytarib beribdi tovarlarini. Unaqa musodara qilgan holatlari bizda bo‘lmadi", dedi Ozodlikning Farg‘ona "Ipakchilar buyum bozori"dagi manbasi.

Xabarlarga ko‘ra, do‘konida "rastamojka qilinmagan", "kassa apparatidagi tushumi yashirilgan", "soliqdan tovar berkitgan" tadbirkorlarga odatan, ozi bilan 3-5 million so‘mdan 15 million so‘mga qadar jarima solinmoqda. Ko‘pi bilan esa bu summa bir necha o‘n million so‘mdan oshadi.

"Reydda tushib qolgan" tadbirkorlar esa bu summani yig‘ib kelib, jarimasini to‘laydi va ko‘pi bilan bir necha kunlik tanaffusdan savdosini davom ettiradi.

"Endi ko‘pchilik tadbirkorlar haqiqatda u yoq-bu yoqdan kelib qolgan tovarlarni ham sotadi. Ijara katta, rasxod katta. Shuni qoplayman, deydi. Shunaqa kutilmagan reydlarga tushib qolsa, muhrlab ketadi keyin. Soliqchilar va savdo departamentidagilar uchun tayyor oxurda bu bozor. Bir aylanganda, uni-buni bahona qilib jarimani ilib-ilib ketadi. Ikki-uch kunda naqdida yig‘ib oladi keyin. Byujetning o‘pirilib tushgan bir kovagini to‘ldirib oladi. Yana qanchasini cho‘tgagiga uradi - endi u yog‘ini biz bilmaymiz ham, bilolmaymiz ham", dedi Ozodlikning "Ipakchilar buyum bozori"dagi manbasi.

Namangan va Farg‘onadagi manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, har ikki viloyatda yanvar oyining boshidan buyon nafaqat kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyum bozorlari, balki boshqa yirik savdo majmualarida ham tekshiruvlar bormoqda.

Bu tekshiruvlar Soliq idorasi va hokimiyatlarning Savdo departamenti vakillaridan iborat guruhlar tomonidan o‘tkazilmoqda. Bunday tekshiruvlar natijasida Farg‘onadagi "Ipakchilar buyum bozori"da ishlayotgan tadbirkorlarning qayrib yarmi, Namangan shahridagi "Yangi bozor"ning esa 30 foizga yaqin savdo nuqtasi egalariga turli summalarda jarima solingani haqida norasmiy ma‘lumotlar bor.
XS
SM
MD
LG