Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:18

Qo‘shko‘pirlik o‘qituvchilar qatqaloqqa chiqarildi


28 apreldan boshlab Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi kollej va maktablarning ishchi-xizmatchilari dala ishlariga jalb qilindi. Qo‘shko‘pirdagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ular yomg‘irdan so‘ng qatqaloqqa aylangan yerlardagi g‘o‘za nihollarining tagini yumshatish bilan shug‘ullanayapti.

Qo‘shko‘pirning Qatag‘on qishlog‘idagi maktablardan birida farrosh bo‘lib ishlaydigan ayolning ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, ikki kun dalaga chiqib, g‘o‘zalar tagining qatqalog‘ini yumshatish bilan shug‘ullangan.

“Bizning maktabdan qatqaloqqa to‘rt kishi chiqdik. Asosan, ishchilar va yana yarim stavkada ishlaydigan bir o‘qituvchining darsi yo‘q ekan. U ham chiqdi. 28 aprel kuni chiqdik. Uch kun yomg‘ir yoqqanidan so‘ng paxtalar qatqaloq bo‘lib qoldi. Shunga Rayonodan direktorga aytibdi, “Hamma maktablar qatqaloqqa chiqadi”, deb. Men o‘zim ikki kun chiqdim”, - dedi qo‘shko‘pirlik ishchi mikrofonsiz suhbatda.

Suhbatdoshning aytishicha, u o‘z hamkasblari bilan ikki kun davomida ertalab soat 9dan kechki soat 5gacha dalada ishlagan:

“Obedda ovqatimizni uydan olib borib, dalada ovqatlandik. Ishlaganimizga pul berishmadi. Tekin ekan. Hasharga o‘xshagan narsa emish. O‘zi bahorda dalaga chiqsak hech qachon pul berishmagan”, - dedi qo‘shko‘pirlik suhbatdosh.

Ozodlikka Qo‘shko‘pirdan jo‘natilgan suratda dalada ishlayotgan odamlar tasvirlangan.

Suratga ilova qilingan izohda “Qatqaloqlar boshlanib ketdi. O‘qituvchilarga achinamiz. Qo‘shko‘pir tumanida kollej o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilari qatqaloqqa chiqarildi”, - deyiladi.

Qo‘shko‘pir tuman Xalq ta‘limi bo‘limidagi manbaga ko‘ra, kollej va maktab ishchilari 28 apreldan boshlab dala ishlariga jalb qilingan:

“Lekin o‘qituvchilar chiqarilmadi. Faqat ishchilar. Rayonoga hokim tomonidan topshirilgan “odam chiqargin” deb. Bu faqat og‘zaki aytiladi. Hech qachon yozma buyruq berishmaydi. Lekin Rayono mudirida maxsus ro‘yxat bor. Tuman hokimi bergan uni. “Falon maktab falon fermer xo‘jaligiga borib, qatqaloqqa chiqarilishi kerak”, deb ro‘yxat keladi. Biz shu ro‘yxat asosida maktablarga topshiriq beramiz. “Falon fermer ho‘jaligiga borib, falon gektar yerni tozalashing kerak”, deb aytamiz. Bu ro‘yxat faqat mudirning qo‘lida. Hech kimga ko‘rsatmaydi”, - dedi ismini oshkor qilmayotganimiz manba.

Qo‘shko‘pir tuman Xalq ta‘limi bo‘limi rasmiylari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Xorazm viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasining ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimi esa viloyatda kollej va maktab ishchi-xizmatchilari dala ishlariga chiqarilayotganini tasdiqlay olmasligi bilan cheklandi.

So‘ngi yillarda O‘zbekistonda maktab, bog‘cha, kollej, institut, universitet, shifoxona, zavod-fabrika va boshqa davlat idoralari ishchi-xizmatchilarini yilning to‘rt faslida turli ishlarga majburiy tarzda jalb qilish holatlari ko‘paëtgani kuzatilayapti.

25 aprel kuni Ozodlikka yetib kelgan xabarda Sirdaryoning Boyovut tumanidagi kollej va litsey o‘qituvchilari qirq kundan buyon dala ishlariga majburlanayotgani aytiladi. O‘qituvchilarga ko‘ra, ular navbati bilan dalalarni yovvoyi o‘tlardan tozalash, yer chopish ishlariga jalb qilingan.

Shu kunlarda Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanidagi maktab o‘qituvchilari va bog‘chalarning tarbiyachilari obodonlashtirish va tozalash ishlariga majburiy tarzda jalb qilinmoqda. Sirg‘alidagi manbaga ko‘ra, o‘qituvchi va tarbiyachilar tumandagi “Bobur” mahallasini namunali mahallaga aylantirish tadbirida tekin ishchi kuchi sifatida ishlatilmoqda.
XS
SM
MD
LG