Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:15

Paxtada bola mehnatiga qarshi chiqqan olotlik o‘qituvchi yana bosim ostida qoldi


Maktab o‘quvchilarining paxta terimiga majburan jalb etilishiga qarshi chiqqan olotlik o‘qituvchi G‘aybulla Bektoshev viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasi tomonidan qisuvga olinayotganidan arz qildi. Buxoro viloyatining Olot tumanidagi 4-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Bektoshev paxta mavsumida o‘tilmagan dars soatlarini o‘tildi, deb rasmiylashtirishdan bosh tortgani uchun ishdan olingan, yuqoriga arz qilgach, qayta tiklangan edi.

OzodMikrofonga Buxoro viloyati Olot tumanidan bog‘langan o‘qituvchi G‘aybulla Bektoshev maktab direktori va Buxoro viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi rahbariyati tomonidan bosim ostiga olinganidan arz qildi.

2011 yilda Buxoro viloyatidagi 4-maktabning paxtaga chiqarilgan o‘quvchilariga o‘tilmagan darslarni o‘tildi, deb rasmiylashtirishdan bosh tortgani uchun u ishdan olingan edi.

- Men o‘shanda prezidentimizga murojaat qilganimdan keyin, prezidentimizning yordami bilan ishimga qayta tiklangan edim. Lekin, o‘shandan buyon menga vakolatlarim qaytarib berilmadi. Men o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinborsari bo‘lganimdan keyin bu sohadagi hamma ishlar, hujjatlar mening qo‘limda bo‘lishi kerak. Lekin, ular bermayapti. Xalq ta‘limi boshqarmasi xodimi esa: "Hamma ish uchun javob berasan!" deyapti. Axir hamma ishni ular qilayotgan bo‘lsa, menda birorta hujjat bo‘lmasa, desam inobatga olmayapti, - deb norozi bo‘ldi G‘aybulla Bektoshev.

U 2011 yil paxta mavsumi davomida o‘tilmagan dars soatlarini rasmiylashtirmagani uchun avvaliga hayfsan olgan va unda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga “vakolat doirasidagi ishni bajarmadi”, degan ayb qo‘yilgan edi.

O‘qituvchi o‘shanda 19 sentyabrdan o‘quvchilar hech qanday buyruqsiz, farmoyishsiz paxtaga chiqib ketilgan va 17 oktyabrdan darsga qaytgani haqida Ozodlikka intervyu bergan edi. Dekabr oyida esa u ishdan olingan edi.

Bu masala bilan qiziqqan Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda Buxoro viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi mutasaddisi Olim Hafizov o‘qituvchining bu boradagi da‘volarini butunlay inkor qilgan edi.

Keyinchalik mahalliy rahbarlarining bosimi kuchayganiga qaramasdan, muttasil respublika rahbariyati, xususan prezident Islom Karimovga murojaat qilgan Bektoshev yana ishiga qayta tiklanishga muvaffaq bo‘lsa-da, mahalliy rahbarlar uni hanuz qisuvga olayotganini da‘vo qilmoqda.

- Yillar davomida shu masala ko‘tarilmagan. Men shu masalani ko‘targanim uchun, haq so‘zni aytganim uchun bularga yoqmayapman. Chunki ta‘lim tizimi to‘liq korruptsiyalashib ketgan va ularga haq gap yoqmaydi, - deb ta‘kidlamoqda o‘z haqlari uchun kurashdan qaytmasligini ta‘kidlagan olotlik o‘qituvchi.

O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatini taqiqlovchi qator xalqaro hujjatlarga qo‘l qo‘yganiga qaramay¸ mamlakatda har yili paxta yig‘im-terimi mavsumida o‘quvchilar majburan dalaga haydalmoqda.

Xalqaro va mahalliy huquq himoyachilari taxminicha¸ har yili paxta mavsumida 2 millionga yaqin o‘zbekistonlik bola o‘qish o‘rniga paxta teradi.

Bolalar mehnatidan qullarcha foydalanishni to‘xtatish borasida O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkazishni maqsad qilgan xalqaro kampaniyaga qo‘shilgan yuzdan ortiq yirik G‘arb shirkati bolalar mehnati evaziga terilgan o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.
XS
SM
MD
LG