Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:51

"Barkamol avlod"ga tayyorlanayotgan namanganlik qizlarni issiq urmoqda


Surat O‘zA agentligi rasmiy saytidan olindi.
Surat O‘zA agentligi rasmiy saytidan olindi.

Namangan shahrida 28 may kuni bo‘ladigan "Barkamol avlod" sport musobaqasi ochilish marosimidagi badiiy chiqishga 1400 dan ortiq o‘quvchi va talaba qizlar jalb etildi. 30-35 daraja issiqda, oftob tig‘i ostida soatlab ommaviy raqslarga hozirlanayotgan qizlarni issiq urayotgani bois, militsiya qurshagan maydonlarda tibbiyotchilar guruhi ham navbatchilik qilmoqda.


Namangan shahridagi "Navbahor" markaziy stadionida 28 may kuni bo‘ladigan "Barkamol avlod" sport musobaqasi ochilish marosimiga borayotgan hozirlikni kuzatayotgan shaharlik mushtariy so‘nggi bir necha kun ichida 2 qizning hushidan ketganiga guvoh bo‘lganini xabar qildi.

Ozodlikka talaba va o‘quvchi qizlar ahvolidan xabar yo‘llagan Abdulloxon ismli tinglovchi majburiy safarbarlikdan qizlar ham, o‘qituvchilar ham norozi ekanini aytdi.

- Uchta stadionda tayyorgarlik ketyapti. Qizlarni ertalabdan boshlab kechi soat 4-5gacha raqsga tushirishyapti. Issiqda och-nahor qolib, hushidan ketganlari bo‘layapti. NamDU (Namangan davlat universiteti - Tahr.)danam kecha bitta qiz hushidan ketgan ekan, doktorlar kelib olib ketishdi. Uch kun oldin uchqo‘rg‘onlik qizam hushidan ketgan. O‘rniga darrov boshqasini olib kelishdi. O‘qituvchilaram dod, deyapti lekin,- deydi Namanganda sport musobaqasiga borayotgan tayyorgarlikka guvoh Abdulloxon ismli tinglovchi.

U stadionda hozirlik ko‘rayotgan talaba qizlardan biri - Namangan davlat universitetining 2-kursida tahsil oladigan Husnida Jamolova ismli qiz 4 may kuni shifoxonaga olib ketilganidan xabar topganini aytdi.

- Men borganimda stadionga kelgan doktorlar biroz oldin ketgan ekan. Uch kun oldin uchqo‘rg‘onlik bir talaba qiz ham hushidan ketgan ekan. Shifoxonaga oborishbdi, ertasiga o‘rniga boshqa studentni olib kelishibdi,- deydi Abdulloxon.

Namangandagi "Navbahor" sport klubining talaba qizlar ochilish marosimidagi musiqali chiqishlarga tayyorlanayotganini tasdiqlagan vakili ularning och-nahor qolib, hushidan ketayotganiga oid ma‘lumotni inkor qildi. "Ertalab soat 7-11 gacha kelib tayyorgarlik qilib, ketishayapti. Och qoladigan bo‘layotgani yo‘q", deb izoh berdi klubning ismini okshor qilmayotganimiz mutasaddisi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ammo, NamDU rektorining Ilmiy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari qabulxonasida 2-kursda tahsil oladigan Husnida Jamolova ismli talabaning hushidan ketganini tasdiqlagan xodim: "Ochlikdan emas, kunning issiqligidan bo‘ldi bu, hozir u qiz yaxshi bo‘lib qoldi. Qizlar obedgacha tayyorlanayapti. Tushda uyiga ketayapti hammasi", deb izoh berdi.

Rasmiy matbuot xabarlarida "Barkamol avlod" musobaqasi ochilish marosimidagi badiiy chiqishlarga viloyatdagi oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar bilim yurtlaridan jami 1400 qiz jalb etilgani ma‘lum qilindi.

Podrobno.uz saytida esa xabarga ilova qilingan suratlarda yuziga doka tutib olgan yuzlab qizning saf-saf bo‘lib, ommaviy chiqishlarga hozirlik ko‘rayotgani aks etgan. 15 - 22 yosh oralig‘ida bo‘lgan bu qizlar, asosan ommaviy raqslar hamda marosim chog‘ida "Barkamol avlod-2014", "O‘zbekiston", "Namangan" kabi so‘zlarni aks ettirishga hozirlik ko‘rmoqda.

Havo harorati isib ketgani va tayyorgarlik ishlari jadal borayotgani uchun militsiya qurshoviga olingan stadiondagi qizlarga tibbiyot xodimlari guruhi ham hamrohlik qilayotgani aytilmoqda.

O‘zA agentligi berayotgan xabarlarda aytilishicha, "Barkamol avlod-2014" sport tadbirining yakuniy bosqichida ikki mingdan ortiq kishi - ming nafarga yaqin sportchi, ikki yuz yigirma nafardan ziyod murabbiy, bir yuz qirq nafar hakam, shuningdek, sport federatsiyalarining o‘n besh nafar vakili hamda uch yuz ellikdan ziyod xoreografiya guruhi a‘zolari ishtirok etadi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining 140 nafar xodimi musobaqalarni yoritib boradi.

"Barkamol avlod" sport tadbiri O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan uch bosqichli sport tadbirining o‘rta bosqich - mamlakatdagi o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘lim muassasalari - litsey va kollej o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan qismidir.

Bu sport tadbirining birinchi bosqichi maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan "Umid nihollari", uchinchi bosqichi esa institut va universitet talabalari o‘rtasida bo‘ladigan "Universiada" sport musobaqasidir.

"Barkamol avlod" tadbiri so‘nggi bor 2011 yilda Termiz shahrida bo‘lgan va unda O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan edi.

Namanganlik mustaqil jurnalist Nosir Zokirovning aytishicha, Namangandagi 22 ming tomoshabin sig‘adigan "Navbahor" stadionidagi ochilish marosimida ham Bosh vazirning ishtirok etishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG