Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:34

O‘zbek xonandasi har bir yangi qo‘shig‘i uchun guvohnoma oladigan bo‘ldi


"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi logosi
"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi logosi
"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi xonanda har bir yangi qo‘shig‘i uchun maxsus guvohnoma olishi shart, degan qoidani joriy qildi. Guvohnomasi bo‘lmagan qo‘shiqlarning televideniye, radio va Internetda yangramasligini “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi nazorat qiladi.

“O‘zbeknavo“ estrada birlashmasi xonanda har bir yangi qo‘shig‘i uchun maxsus guvohnoma olishi shart, degan qoidani joriy qildi.

Tilga olingan birlashmadagi Ozodlik manbasining bildirishicha, har bitta qo‘shiqni nazoratdan o‘tkazib, uni maxsus guvohnoma bilan ta‘minlash keyingi oy boshidan yo‘lga qo‘yiladi.

- Qo‘shiqchi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga oid yoki “O‘zbeknavo” bilan hamkorlik qiladigan studiya harajatlari uchun alohida va guvohnoma rasmiylashtirish uchun alohida pul to‘laydi. Bu tizim qo‘shiqlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida joriy qilindi, dedi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidagi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra, tarkibida bastakor, taniqli ijrochi va shoir bo‘lgan maxsus komissiya qo‘shiqlarni ko‘rib chiqib xulosa beradi.

“O‘zbeknavo”dagi Ozodlik manbasi har bir qo‘shiq uchun beriladigan guvohnoma shartlari va nazorat mexanizmini ham tushuntirdi.

- “O‘zbeknavo” va uning hududiy bo‘linmalari, zarur holatlarda guvohnoma shartlari va talablariga rioya etilishini tekshirib turadi. Masalan, kontsert davomida guvohnoma talablari belgilangan shartlarning buzilishi holatlari aniqlansa, bizning idora kontsert dasturini to‘xtatish huquqiga ega, dedi suhbatdosh.

Guvohnomaning amal qilish muddatini to‘xtatib turish va bekor qilish Ekspert komissiyasining xulosasi asosida amalga oshirilishi bildirildi.

Shu paytgacha qo‘shiqchi umumiy repertuar va ijro faoliyati uchun litsenziya olib kelgan bo‘lsa, bundan buyon qo‘shiqchi har bir qo‘shiq uchun ham guvohnoma rasmiylashtirishga majbur.

Guvohnomasi bo‘lmagan qo‘shiqlarning televideniye, radio va Internetda yangramasligini “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi nazorat qilishini Ozodlik manbalari bildirdi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi mulozimi Odiljon Abduqahhorovning mahalliy matbuotga bildirishicha, bu qoida “ma‘nisiz qo‘shiqlar yaralishining oldini olish” maqsadida joriy qilingan.

Mulozim ta‘kidicha “qo‘shiqlarning aksariyati she‘riy jihatdan ham, musiqiy tomonidan ham talabga javob bermaydi”.

Bunday holatlarning oldini olish uchun “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan yangi qoida ishlab chiqilganini matbuotga aytgan mulozim, har bir viloyat va shahar markazlarida “O‘zbeknavo” estrada birlashmalarining ovoz yozish studiyalari tashkil etilib¸ “har bir yozilgan qo‘shiq uchun studiyalar tomonidan maxsus guvohnoma berilishini” ta‘kidlaydi:

“Endi radio, TV va internet saytlari guvohnomasiz qo‘shiqlarni ommaga targ‘ib qilmaydi. Balki shu yo‘l bilan biroz bo‘lsa-da, ma‘nisiz qo‘shiqlar yaralishining oldini oliga erisharmiz”, degan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi mulozimi Odiljon Abduqahhorov mahalliy matbuotga bergan suhbatida.

“O‘zbeknavo” rasmiy saytida yozilishicha, litsenziya masalalari bilan tashkilotga shanba va yakshanbadan tashqari har kuni soat 10 dan 15 gacha murojaat qilish mumkin.

Tushlik 13 dan 14 gacha ekani hisobga olinsa¸ o‘zbekistondagi minglab qo‘shiqchilarining har biri kamida 4 minut bo‘lgan o‘nminglagan qo‘shiqlariga guvohnoma olish uchun “O‘zbeknavo” kuniga 3 soat vaqt ajratdi.

Namangan viloyat teatrida uzoq vaqt ishlagan mustaqil jurnalist Nosir Zokir har bir qo‘shiq ustidan nazorat o‘rnatilishini “diktatura mantig‘iga yotadigan absurd nazorat” deb baholadi.

- Shu kunlarda “O‘zbeknavo”ning viloyat bo‘limiga qo‘shiqchilar chaqirilib, ular aytayotgan ashulalar matni jiddiy tekshirilmoqda. Xar sohada bo‘lgani kabi qo‘shiqchilik sohasi ham jiddiy nazorat ostiga olindi. Sovet paytida ham qo‘shiqchilar o‘z qo‘shig‘i matnini litdan o‘tkazar edi. (LIT-Matbuotda davlat sirlarini saqlash tashkioti - senzura - tahr.) Ammo o‘sha paytda ham har bir qo‘shiqqa guvohnoma olish degan gap yo‘q edi. Hozir bu nazorat juda kulgili darajaga yetdi. Boshqa tarafdan diktatura bo‘lgandan keyin shunaqa nazorat kuchli bo‘lishi tabiiy, deydi Nosir Zokir.

Ayni paytda “O‘zbeknavo” joriy qilgan tartibni yoqlaydiganlar ham bor. O‘zbekistonlik taniqli kino artisti Zuhra Soliyeva bu qoida qo‘shiqchilar va qo‘shiq saviyasini ko‘tarish uchun qilinganiga ishonadi:

- Juda yaxshi bo‘ldi. Mas‘uliyat degan gap bor. Har bir qo‘shiq maxsus nazoratdan o‘tkazilib unga guvohnoma berilishini qo‘llab-quvvatlayman. Maza- matrasiz, tutruqsiz, bosh-keti yo‘q matnlarni qo‘shiq qilib aytish shu tariqa barham topsa hursand bo‘lar edim. Bu qoida bois qo‘shiqchi professional bastakor, shoir va aranjirovkachi bilan ishlashga majbur bo‘ladi. Oqibatda Komiljon Otaniyozov darajasidagi mumtoz qo‘shiqlar tug‘iladi. Chiroyli behi ham kaltakdan o‘sib chiqqan, deydi Zuhra Soliyeva.

O‘zbekistondagi shou-biznesga ixtisoslashgan Shov-shuv.uz nashri muharriri, jurnalist Jasur Hamroyev esa bu qoidani zarur, ammo amalga oshishi qiyin, deb hisoblaydi:

- Past saviyadagi matnlarni qo‘shiq qilinishi yuzasidan shikoyatlar ko‘paygani bu qoida joriy qilinishiga ehtiyoj tug‘dirdi. Badiiy kengash yoki ekspert komissiyasi faqat nazorat mashinasi emas, balki san‘atkorlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan qattiqqo‘l tarbiyachi rolini o‘ynashi mumkin, deb o‘ylayman. Bu qoidani zarur deb hisoblayman ammo bajarilishi qiyinligini ham bilib turibman, deydi Jasur Hamroyev.

O‘zbekistonda "ashulachilar vazirligi" maqomida bo‘lgan “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasi xonandalar va ularning ma‘murlari uchun muntazam tarbiyaviy majlislar o‘tkazib keladi.

Shuningdek, bu tashkilot ashulachilarning ochiq-sochiq kiyinmasligi, behayo turmush tarziga berilmasligini ta‘minlash uchun kurashayotgani ham aytib kelinadi.
XS
SM
MD
LG