Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:15

HRW: Andijondagi ommaviy qirg‘in bo‘yicha ish yopilgan emas


Andijon qatliomining 9 yilligi munosabati bilan chiqargan bayonotida Xyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov AQSh va Yevropa Ittifoqi Andijon qirg‘ini bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazilishiga erishish uchun O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkazishi kerakligini ta‘kidladi.

2005 yilning 13 may kuni Andijonda o‘zbek hukumat kuchlari namoyishga chiqqan olomonni ogohlantirishsiz o‘qqa tutishi oqibatida yuzlab odam nobud bo‘lgandi.

O‘zbekiston hukumati hodisalarda islomiy jangarilarni ayblab, bu yuzadan mustaqil tergov o‘tkazish talablarini rad qilib keladi.

Xьyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlovning ta‘kidicha, Andijon voqealaridan buyon o‘tgan to‘qqiz yil ichida O‘zbekistonda inson huquqlari ahvoli yanada yomonlashgan.

- Andijon qatliomi hech qachon unutilmaydi. Andijondagi xunrezlik hodisa guvohlarining xotirasiga o‘rnashgan. Bu voqeani hukumat aholidan yashirishga urinib kelayotganiga qaramay, 13 may qatliomi mamlakat aholisi ongida og‘riqli iz qoldirdi, - deydi Sverdlov.

Andijondagi qirg‘indan so‘ng O‘zbekiston hukumati fuqaroviy jamiyat faollari hamda huquq himoyachilari bilan birga Andijon qirg‘ini shohidlarini ta‘qib etib, xalqaro tashkilotlar hamda mustaqil jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

- Ayrim andijonlik qochqinlar hozir gapirishga qo‘rqayapti, gapirib qo‘ysa O‘zbekistondagi yaqinlari qiynoqqa solinishi mumkin. Gapirayotgan andijonliklar ham bor. Bir necha kun oldin Husanboy Ro‘ziyev ismli andijonlik qochqin yuzlab namoyishchilarning o‘limi yuzasidan BMTga murojaat etishini aytdi. Ya‘ni, O‘zbekiston hukumatini Andijon bo‘yicha javobgarlikka tortish va adolatni tiklashga urinayotganlar bor, - deydi Sverdlov.

BMTning Inson huquqlari hamda Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi xodimlarining Andijon voqealari bo‘yicha tergov o‘tkazishiga Toshkent hanuz ruxsat bermay kelmoqda.

Stiv Sverdlovning ta‘kidicha, AQSh va Yevropa Ittifoqi Andijon qirg‘ini bo‘yicha tergov o‘tkazilishiga erishish uchun O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkazishi kerak.

- G‘arblik mulozimlar O‘zbekistonga tashriflari chog‘ida bu masalani muntazam ko‘tarishlari kerak. Yaqinda, AQSh Davlat kotibining muovini Uliyam Berns ham Toshkentga borganida Andijon masalasini muxokama qilish va o‘zbek hukumatini Andijon bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqirish imkoniga ega edi. Bizningcha g‘arb hukumatlari O‘zbekistonni to‘qqiz yil avalgi mudhish voqealar bo‘yicha tergovga ko‘ndirish va bu mamlakatdagi qiynoqlarga chek qo‘yish uchun barcha imkonlarni ishga solishi kerak, - deydi Xьyuman Rayts Uotch tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.


Andijon qirg‘ini guvohlarini ta‘qib qilish to‘xtatmadi

Xьyuman Raytch Uotch tashkiloti 2010 yilda Avstraliyadan qaytishi bilan 10 yilga qamalgan Andijon hodisalarining guvohi Dilorom Abduqodirovaning qamoq muddati yaqinda yopiq mahkama bilan uzaytirilganini o‘rgandi. To‘rt yildan buyon qamoqxonada qolayotgan Abduqodirova qamoqxona qoidasini buzgan, degan ayblov bilan unga sakkiz yillik muddat qo‘shib berilgan.

Farg‘onalik huquq himoyachi G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati 2014 yilning mart oyida tugashi bilan unga yana besh yil qo‘shib berildi. Boshqa huquq faollari qatori Mamatxonov ham Andijondagi hodisalar ortidan qamalgandi. 2009 yilda qamoqqa tashlangan 61 yoshli huquq faoli 4,5 yillik qamoq muddatini o‘tab, 10 mart kuni ozodlikka chiqishi lozim edi.

O‘zbekistonlik yana bir huquq faoli Isroiljon Xoldorovning qamoq muddati 2012 yilda "qamoqxona noziri buyrug‘ini bajarishdan bosh tortgan" ayblov bilan uch yilga uzaytirildi.Andijondagi ommaviy qabrlar haqida ommaviy axborot vositalariga xabar bergan huquq faoli Isroiljon Xoldorov 2007 yilning fevral oyida olti yilga qamalgan edi.

1999 yilda qamalgan andijonliklarning yo‘lboshchisi Akrom Yo‘ldoshevning qayerda ekanini yaqinlari bilishmaydi. Yo‘ldoshev Andijon shahrida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etib, ko‘pchilikni ish bilan ta‘minlash faoliyatiga rahbarlik qilgan.

"2009 yildan buyon uning na o‘lik na tirik ekanini bilamiz", deb aytgan Yo‘ldoshevning o‘g‘li Xyuman Rayts Uotch tashkilotiga.

Yo‘ldoshev 1999 yilgi 16 fevralda sodir bo‘lgan turkum portlashlardan keyin 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.


Andijon voqealari bo‘yicha AQSh elchixonasi bayonot berdi

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy saytida chop etilgan bayonot matnida shunday deyiladi:

"Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari bundan to‘qqiz yil avval Andijonda sodir bo‘lgan voqealarni yodga oladi hamda o‘sha fojia vaqtida va uning natijasida aziyat chekkan kishilarga chuqur hamdardlik izhor etadi. Qo‘shma Shtatlar kelgusida tinchlik va barqarorlikni ta‘minlash uchun eng yaxshi vosita sifatida murosaga kelish, hisob berish va barcha fuqarolarning huquqlarini hurmat qilishga chaqiradi".

2005 yil 13 may kuni Andijonning Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 187 kishi halok bo‘lgan.

Mustaqil manbalar esa fojea qurbonlari soni bundan bir necha o‘n barobar ko‘p bo‘lganini ta‘kidlaydi.

Bobur maydonidagi qonli fojeadan keyin xalqaro jamoatchilik o‘zbek rasmiylaridan Andijon voqealari bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan, biroq bu talab rasmiy Toshkent tomonidan rad etilgan.
XS
SM
MD
LG