Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:06

Fohishalikka majburlangan o‘zbekistonlik ayollar Pokistondan deportatsiya qilinadi


Pokiston sudi odam savdosi qurboni bo‘lgan o‘zbekistonlik ikki ayolni vataniga deportatsiya qilish haqida qaror chiqardi. Rasmiylarga ko‘ra, ular Pokistonga aldov yo‘li bilan olib kelinib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilingan. Ularni bu ishga majburlagan shaxs qo‘lga olingan.

13 may kuni Pokiston sudining yuqori lavozimli hakami Federal tergov agentligiga odam savdosi bilan shug‘ullangan guruh tomonidan fohishalikka majburlangan o‘zbekistonlik ikki ayolni vataniga deportatsiya qilish to‘g‘risida buyruq berdi.

Pokiston Federal tergov agentligining Odam savdosiga qarshi kurash bo‘limi ma‘lumotiga ko‘ra, odam savdosi bilan shug‘ullangan guruhning Parvez ismli a‘zosi o‘zbekistonlik Viktoriya va Nodira ismli ikki ayolni Pokistonga aldov yo‘li bilan olib kelgan.

Parvez o‘zbekistonlik ayollarga 1000 AQSh dollaridan oylik to‘lanadigan yaxshi ish bilan ta‘minlash va‘da qilinib, mamlakatga kelganidan so‘ng ular fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilingan.

Dushanba kungi sudda hakam odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan Parvezning garov puli evaziga ozodlikda yurishi uchun vaqtincha berilgan ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Federal tergov agentligining Islomobod bo‘limi boshlig‘i Inom G‘ani sud qaroridan so‘ng Parvez qo‘lga olinganini bildirdi.

Islomobod xalqaro aeroportining Immigratsiya idorasi direktori o‘rinbosari Muhibullo Xon Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik ayollarni vataniga jo‘natib yuborish haqidagi sud qarori hozircha amalga oshmaganini aytdi.

- Ularning ishi Pokiston sudida ko‘rilyapti. Bu haqda batafsil ma‘lumot bera olmayman, dedi Muhibullo Xon.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi odam savdosining qurboni bo‘lgan Nodira va Viktoriyaga boshpana topishda ko‘maklashgan.

Biroq Ozodlikning ayni masalada Islomoboddagi O‘zbekiston elchixonasiga qayta-qayta qilgan murojaati javobsiz qoldi.

Bu o‘zbekistonlik ayollarning xorijda fohishalikka majburlangani bilan bog‘liq birinchi voqea emas.

4 may kuni Hindiston politsiyasi Dehli yaqinidagi Gurgeon shaharchasida chet ellik ayollarni fohishalikka sotgan yirik guruhni fosh etgan edi.

Gurgeonda o‘tkazilgan tungi reydda fohishalik bilan shug‘ullangan bir necha ayol, jumladan, 3 nafar o‘zbekistonlik ayol ham hibsga olingan.

Joriy yil 13 yanvar kuni Turkiya politsiyasi Istanbul shahrida o‘tkazgan reydda fohishalikka majburlangan 18 ayol qo‘lga olingan edi. Ularning aksari o‘zbekistonlik bo‘lgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yosh ayollarning chetga chiqishini nazorat ostiga olganiga qaramay, o‘zbekistonlik xotin-qizlarning Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Tailand kabi mamlakatlarda fohishalikda gumon qilinib qo‘lga olinishi voqealari barham topmadi.

Malayziya politsiyasiga ko‘ra¸ so‘nggi bir necha yil davomida mamlakatda 267 nafar o‘zbekistonlik fohisha va qo‘shmachi qo‘lga olingan.
XS
SM
MD
LG