Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:37

Sirg‘alilik o‘quvchilar hojatxona qurilishi uchun pul yig‘ishayotganidan shikoyat qildi


O‘zbekistonlik o‘quvchi va talabalar turli "yig‘-yig‘"lardan beziganini aytadi. (Suratning Sirg‘alidagi kollejga aloqasi yo‘q)
O‘zbekistonlik o‘quvchi va talabalar turli "yig‘-yig‘"lardan beziganini aytadi. (Suratning Sirg‘alidagi kollejga aloqasi yo‘q)
Toshkent shahri Sirg‘ali tumanidagi Politexnika kasb-hunar kolleji o‘quvchilaridan yangi hojatxona qurish uchun 20 ming so‘mdan pul yig‘ilgan. Kollej o‘quvchilarining Ozodlikka aytishicha, bitiruvchilardan kollejni ta‘mirlash uchun ham 200 ming so‘mdan pul yig‘ilgan va pul bermagan o‘quvchilarga o‘qishdan haydash bilan tahdid qilingan.

Sirg‘alidagi Politexnika kasb-hunar kollejining bitiruvchi o‘quvchilaridan birining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, kollej hududida qurilayotgan yangi hojatxona qurilishi uchun hatto bitiruvchilar ham mablag‘ berishga majburlangan:

“Hamma talabadan tualet qurilishi uchun 20 ming so‘mdan yig‘ishdi. Biz bu yil bitiramiz. Keyingi yil o‘qimasak, bu tualetdan foydalanmasak. Lekin bizdan ham pul olishdi. Keyin hojatxona ishga tushgach, pullik qilisharmish. Bu narsalarni qurish uchun davlat pul ajratmaydimi? Haqiqat bormi o‘zi?”, deydi sirg‘alilik o‘quvchi.

Uning aytishicha, hojatxona qurilishidan tashqari, kollejni ta‘mirlash uchun ham o‘quvchilardan pul yig‘ilgan:

“Asosiy korpus yonidagi binoni remont qilishayapti. Shuni remont qilishga ham pul olishdi. Har bir bitiruvchidan 200 ming so‘mdan olishdi. Ko‘pchilikning qurbi yetmaydi. Shuni aytgan studentlarni “o‘qishdan haydalasan”, deb qo‘rqitishdi. Majburlagach, hamma pul berdi”, deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan o‘quvchi.

Mazkur kollej direktori Abdujamil Karimov maxsus yig‘ilishda bo‘lgani bois uning o‘rinbosari Sobir Rasulov bilan bog‘landik.

Rasulov hojatxona qurilishi va kollej ta‘miri uchun o‘quvchilardan pul yig‘ilganini tasdiqlamadi, lekin bu kabi holat bo‘lgan bo‘lsa, aybdorlar jazolanishini ta‘kidladi:

- Bunaqa narsa bo‘lmagan gap. Hojatxonaning hech qanaqa bolalarga aloqasi yo‘q. Uni bizlarga davlat tomonidan qurib berilayapti. Hozir direktorimiz yig‘ilishdan chiqsa, unga bu narsani yetkazaman. Buni biz ham zudlik bilan oldini olishimiz kerak, agar bunaqa holat biror bir o‘qituvchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa. To‘g‘ri, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganday, mabodo shunaqa holat bo‘lgan bo‘lsa, bu bizlarga ham yaxshi narsa emas. Bu masalani albatta ko‘taramiz. Agar kimda-kim qo‘lga tushib, shu narsani haqiqatdan qo‘llagan bo‘lsa, u o‘qituvchiga nisbatan juda qattiq jazo ko‘riladi. Bizda yaqinda rahbarimiz o‘zgarganidan keyin o‘qituvchilardan mana shu narsalarni foydalanilmaydi, deb yozma ravishda ham amalga oshirib qo‘yganmiz. Bunaqa narsa bizlarda bo‘lmaganiga men 99 foiz aminman. Bu narsaga bizlar oydinlik kiritamiz. Tuhmat degan narsa ham bor, dushman ham bo‘lishi mumkin. Rahbarimiz yaqinda bo‘lgan, u kishi vazirimizning kuyovi bo‘ladi. Endi bu narsa u kishining obro‘siga ham yaxshi emas, - dedi Sobir Rasulov.

Kollej rahbariyatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yangi hojatxona qurilishi taxminan olti oy avval boshlangan. Hozirda qurilish nihoyasiga yetgan, lekin u sentyabrь oyidan foydalanishga topshiriladi.

Kollej direktorining yana bir o‘rinbosari Muzaffar Abdullayev hojatxonaning pullik bo‘lishi haqidagi xabarni inkor qilib, o‘quvchilar undan tekinga foydalanishini aytdi.

Kollej binosini ta‘mirlash ishlari esa davom etayapti, yaqin bir oyi ichida ta‘mir yakunlanishi rejalashtirilgan.
XS
SM
MD
LG