Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:43

Prezident bilan hajga borgan Shuhrat Dombrabadskiy Jasliqning umrbod tutquniga aylandi


Jasliq tutquni Shuhratilla Nosirov.
Jasliq tutquni Shuhratilla Nosirov.
1991 yildan 1994 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistondagi mashina egalarini mashinani o‘g‘irlatishdan ko‘ra uni “ko‘cha bolalari”dan qayta sotib olish istiqboli ko‘proq dahshatga solgan. O‘tgan asrning 90-yillarida uyiga o‘g‘ri tushgan yoki mashinasini o‘g‘irlatgan odamlar militsiyaga emas, Shuhrat Dombrabadskiyga murojaat qilgan. Guvohlarning aytishicha, Chilonzordagi “Novza” masjidi hujralarining ko‘rpacha to‘shalgan sahnida mashinasini oldirgan mazlumlarning hikoyasini eshitib, “adolatni qaror toptiradigan” afsonaviy qudrat sohibi edi Shuhrat Dombrabadskiy.

Shuhrat Dombrabadskiy haqida bir biriga zid ertaknoma gaplar yuradi.

Birovlar uchun u taksichidan chiqqan oddiy talonchi. Yana birovlar nazarida musulmonlar uchun o‘z puliga Toshkentda masjid qurgan va Ka‘batullohni O‘zbekiston prezidenti bilan birga tavof qilgan avliyo. Boshqa birovlar esa Shuhrat Dombrabadskiyni boylarning pulini tortib olib, xayrli ishlarga sarflagan, kuchsizlarni zolimlardan himoya qilgan ezgu niyatli qaroqchi Robin Gud sifatida biladi. Yana kimlardir uni 1993 yilda Toshkentdagi Dendropark mavzeida mafiya kallakesarlarini otib o‘ldirgan qaxramon, deb bilishadi. Boshqa bir toifa esa uni MXX raisi Rustam Inoyatovning shaxsiy dushmani, deb ishonadi.

Ozodlik suhbatlashganlarning ko‘pchiligi Shuhrat Dombrabadskiy allaqachon o‘lib ketgan deb o‘ylashlarini aytishdi. Ularning iddaosiga ko‘ra, Shuhrat Dombrabadskiy go‘yoki 1994 yilda sud hukmi bo‘yicha otib o‘ldirilgan.

Suhbatdoshlar Shuhrat Dombrabadskiyning qay tarzda otib o‘ldirilganini tafsilotlarigacha erinmasdan, xuddi o‘zlari guvoh bo‘lgan kabi aytib berishadi. Masalan, Dombrabadskiy uni otmoqchi bo‘lgan sud ijrochisiga: "Botinkamning ipini bog‘lab qo‘y" deb buyurgan va sud ijrochisi bu iltimosni bajargan...

Ayni paytda Ozodlikka Shuhrat Dombrabadskiyning tirik ekani va shu kunlarda Jasliqdagi qamoqda jazo o‘tayotgani ma‘lum bo‘ldi.

Aytilishicha, Shuhrat Dombrabadskiy O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra¸ MXX ning kuchli nazorati ostida 21 yildan beri qamoqda saqlanmoqda.

Aleksandr Dyuma yozgan Graf Monte-Kristo romani qahramoni - marsellik dengizchi Edmon Dantesning 14 yil qamoqda o‘tirgani o‘quvchini dahshatga solgan edi.

Mashina o‘g‘irlagani uchun qamalgan masjid mutavallisi Shuhrat Dombrabadskiy esa 21 yildan beri qamoqda.

Agar Edmon Dantes o‘tirgan If qamoqxonasini dengiz o‘rab olgan bo‘lsa¸ Shuhrat Dombrabadskiy o‘tirgan Jasliq qamoqxonasi atrofini qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan qum-sahrolar o‘rab olgan. Jasliq qamoqxonasi qurilganidan beri hali biror mahkum bu zindondan qocha olmagan.

Demak, hikoyamiz umrbod tutqun ekani aytilayotgan Shuhrat Dombrabadskiy (Shuhratilla Nosirov) haqida.

Jasliq tutquni

1994 yili Toshkent shahar sudi tarafidan uyushgan jinoyatchilikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan maxrum qilingan 57 yoshli Shuhratilla Nosirov hanuz Jasliq qamoqxonasida saqlanmoqda.

21 yildan beri qamoqda jazo o‘tayotgan Shuhratilla Nosirovni borib ko‘rgan yaqinlari mahkumning qiynoqqa solingani va arzimagan sabablarni bahona qilib, qamoq muddatiga muddat qo‘shib berilganini Ozodlikka aytib berishdi.

Toshkentliklar orasida Shuhrat Dombrabadskiy deya tanilgan mahkumning jazo muddati 2009 yil sentyabr oyida tugagan bo‘lsa-da, unga yana muddat qo‘shib berilgan.

Mahkumning kelini Shahnoza Ozodlik bilan suhbatda o‘z qaynotasining umrbod tutqunga aylanganidan shikoyat qildi:

- Biz qaynotamning chiqishini kutgan edik. Qaynotam zvonokdan zvonokkacha o‘tirdilar. Chiqadi, deb turuvdik - yo‘q, bo‘lmadi. "Tashqaridan dori kiritib ichdi" deya raskrutka qilib, muddatiga muddat qo‘shib berishdi. Umrimiz qamoqqa qatnash bilan o‘tib ketayapti. Topgan-tutganimizni qamoqqa tashish bilan 21 yil o‘tib ketdi. Chiqishlaridan darak yo‘q. Jasliqqa qatnash mushkul biz uchun. Yaqinroq zonaga olib kelishini so‘rab xat yozsak, GUIN (Jazoni ijro qilish boshqarmasi) rad qildi, - deydi mahkumning kelini Shahnoza Ozodlik bilan suhbatda.

Prezident nazoratidagi tutqun

Mashina o‘g‘irlash, talonchilik va jinoiy guruh tuzishda ayblanib, 1993 yil sentyabrida qamoqqa olingan va 1994 yili sud qilinib, 15 yilga kesilgan Shuhratilla Nosirov kim? Nega har yili chiqadigan amnistiya uni chetlab o‘tadi? Nega 15 yillik qamoq jazosini to‘liq o‘tagan Nosirovga ikki marta qaytadan muddat qo‘shib berildi? Shuxratilla Nosirov bilan Qashqadaryoning Shayxali qamoqxonasida birga o‘tirgan sobiq mahbus, hozir Shvetsiyada yashayotgan Muhammadsolih Abutovning Ozodlikka aytishicha, Shuhratilla Nosirov prezident nazoratida turadigan va qamoqdan chiqarilmaydigan tutqunlar sirasiga kiradi:

- Zonada uni "prezident nazoratida turadigan mahkum" deb bilishadi. Jinoiy guruhlarning ko‘zga ko‘ringan vakillari yoki Samandar Qo‘qonov kabi siyosiy arboblarni prezident nazoratida turadi, deb aytishar edi. Ba‘zi din peshvolari ham bu siraga kirgan. Masalan, qo‘qonlik imom Muhammad Rajab domla, yirik tadbirkor Rustam Usmonovni ham prezident nazoratida turadi, deb bilishgan. Qamoqdagilar Shuhrat hoji Dombrabadskiy deb aytadigan mahkumni ham prezidentni o‘zi nazorat qiladi, deb o‘ylashadi. Lekin bu unchalik to‘g‘ri emas. Aslida ular SNB nazoratida turadi. SNB qamoq ma‘muriyatiga ularni qamoqdan chiqarmaslik topshirig‘ini bergan. Ularning ozod bo‘lish muddati yaqinlashganda yangi muddat qo‘shiladi-da, zonama-zona olib yurilaveradi, - deydi o‘zbek qamoqxonalarining sobiq mahbusi Muhammadsolih Abutov.
Shuhratilla Nosirov qamalishidan oldin "Nosirxon" masjidini qurgan
Shuhratilla Nosirov qamalishidan oldin "Nosirxon" masjidini qurgan
O‘zbekiston prezidentining 1993 yildagi uyushgan jinoyatchilikka qarshi olib borgan kurash tadbirlari ishtirokchisi, jurnalist Sharof Ubaydullayevning aytishicha, O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan yirik kriminal avtoritetlar haqiqatan ham prezident nazoratidadir.

- Bunday nazoratning tarixi bor. 1992 yilda Ahror degan andijonlik kriminal avtoritet O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi korruptsiya bois qamoqda jazo o‘tayotgan yeridan bemalol chiqib, Asakaga borib, tug‘ilgan kunini o‘tkazgan. Bu gap prezident qulog‘iga yetganda katta janjal bo‘lgan edi. Shundan beri qamoqda jazo o‘tayotgan jinoiy olamning yirik vakillari prezident nazoratida turadi. Shuhrat Nosirov masalasi bu jiddiy masala. Masalan, o‘sha paytda prezident ham samolyot trapigacha piyoda yurib borar edi. Nosirov bo‘lsa, trapgacha mashinada borishni odat qilgan edi. Koshki ish shu takabburlik bilan kifoyalansa. Nosirov qancha odamlarning mashinalarini o‘g‘irlab, o‘zlariga qaytadan sotgan. Jamiyat bunday odamlardan ihota qilinishi kerak, - deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston qamoqxonalari haqidagi kitob muallifi¸ sobiq mahkum, hozir Shveytsariyada yashaydigan Safar Bekjon 1994 yili Toshturma yerto‘lasida Shuhratilla Nosirov bilan uchrashganini eslaydi:

- U men o‘tirgan kameraga bemalol kirib kelib, hol-ahvol so‘radi. Tashqariga maktub chiqarish va tashqaridan oziq-ovqat olish kabi ba‘zi maishiy masalalarda menga yordam berdi. Umuman, zona ichida uning obro‘si baland edi. Zonadagi dindorlar uni Shuhrat hoji deb atashsa, qolganlar uchun u Dombrabadskiy edi, - deb eslaydi sobiq tutqun Safar Bekjon.

Dendroparkdagi otishma yoki Dombrabadskiyning qamoqqa olinishi

1993 yil yozida Dendroparkdagi otishma nafaqat Toshkentni, balki butun O‘zbekistonni larzaga solgan edi. O‘sha paytda Toshkentda tahsil olgan buxorolik talabaning eslashicha, Shuhrat Dombrabadskiy Dendroparkda Toshkentdagi kriminal guruhlarning "kuchishlatar" barzangilari bilan “razborka” kirishadi va ulardan ikki nafarini otib tashlaydi.

Yana bir iddaoga ko‘ra, ana shundan keyin kriminal guruhlar “vorovskoy kodeks”ga zid tarzda hukumat bilan hamkorlik qilib, Shuhrat Dombrabadskiyning qamoqqa olinishini ta‘minlaydi.

Bundan 21 yil oldin sodir bo‘lgan bu voqea haqidagi iddaolarni tasdiqlash yoki inkor qilish imkoniga emasmiz.

Qo‘limizda Toshkent shahar jinoyat ishlari sudining 1994 yil 29 sentyabrida o‘qilgan hukmi bor.

Nosirov ustidan chiqarilgan sud hukm
Nosirov ustidan chiqarilgan sud hukm
Bu hukm indallosida talonchilik, uyushgan jinoyatchilik haqida aytiladi.

Shuhratilla Nosirovni 15 yil ozodlikdan hukm qilish haqidagi 21 varaqqa jo bo‘lgan hujjatda mahkumning qilmish tafsilotlari aks etgan.

Hukmga ko‘ra, Nosirxon masjidi mutavallisi Shuhratilla Nosirovning uyidan 10 ta o‘q, 1 dona granata va 2 grammdan ko‘proq narkotik modda chiqqan. Shuningdek, sud tergovi mobaynida Nosirov tarafidan “Toshkentmarmar” shirkatidan Nosirxon masjidi qurilishi uchun olingan marmar detallar hujjatlarida noaniqlik bo‘lgan. Sud hukmida Nosirovning avtomobillarni o‘g‘irlab, mukofot puli evaziga qaytarib bergani uyushgan jinoyatchilik sifatida malakalangan.

Sud raisi Nazarova T.X. hakamligida o‘tgan bu mahkama Shuhratilla Nosirovning mol-mulkini musodara qilish haqida ham ajrim chiqargan.

"Nosirov Shuhratdan musodara qilingan bir dona granata, 10 dona o‘q O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga qaytarilishi lozim", deyiladi hujjatda.

Hukm bilan tanishgan va ismi oshkor etilishini istamagan huquqshunosning aytishicha¸ Shuhratilla Nosirovga bu ayblar asosida 15 yil berilishi mantiqan to‘g‘ri emas:

- Hukmning 10 ta patron¸ granata va nasha qismi o‘ta ishonchsiz va guvohlar ko‘rsatmasi bilan isbotlanmagan. Bu "dalil-isbot"ning militsiya tomonidan tashlab qo‘yilgani hukmdan bilinib turibdi. Boshqa tarafdan qarasak, ayni aybnoma bilan bir odamni 21 yildan ortiq tutqunlikda ushlab turish huquqiy jihatdan ham, oddiy insof yuzasidan ham noto‘g‘ri, - deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG