Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:29

UzGazOil ishchilari Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodida majburan ishlatilmoqda


UzGazOil ishchilarining aytishicha, ular 1 kecha-kunduz AYoQShda ishlaydi, ertasiga dam oladi, indiniga Yangiyo‘lga hasharga boradi.
UzGazOil ishchilarining aytishicha, ular 1 kecha-kunduz AYoQShda ishlaydi, ertasiga dam oladi, indiniga Yangiyo‘lga hasharga boradi.

UzGazOilga qarashli avtomobillarga yonilg‘i quyish shahobchalaridan biri xodimining Ozodlikka shikoyatida keltirilgan ma‘lumotlarni shirkat rahbariyatidagi ishonchli manba tasdiqladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, AYoQShlar ishchilari hamda shirkat bosh idorasi ba‘zi bo‘limlari xodimlari Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodida joriy yil martidan buyon davom etayotgan “hashar”da ishtirok etishga majburlanmoqda.


Ozodlikka yetib kelgan shikoyatda mana so‘zlar bor:

“Uzgazoyl” servis xodimlari Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodiga majburiy hasharga dam olish kunining ikkinchi kuni olib borib ishlatilayapti. Tushlikka 5 tadan go‘mma berishayapti. Ichishga choy, yeyishga ovqat yo‘q. Shu haqda yozinglar”.

Shikoyatnomadagi “dam olish kunining ikkinchi kuni” nima ekanligi uning muallifi bilan suhbat chog‘ida ma‘lum bo‘ldi: AYoQSh ishchilari, odatda, bir kecha-kunduz ishlab, ikki kecha-kunduz dam oladi. Shu ikki kunlik damning bir kuni Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodida o‘tmoqda.

Shirkatning Toshkentdagi shahobchalaridan biri boshlig‘i Ozodlik savoliga javob berar ekan, uning 4 ishchisi ikki kun oldin (31 may kuni) hasharda ishtirok etganini aytdi.

Ozodlik Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodida joriy yil martidan buyon ishlayotgan Vositxon (ism o‘zgartirilgan) bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.
Vositxonning savollarimizga javoban aytgan qisqa-qisqa gaplaridan mana bunday hikoya paydo bo‘ldi (ovozi yozib olingan):

“Yangiyo‘lga ertaga borman. Smenaga (AYoQShdagi ishni nazarda tutayapti – tahr.) indinga chiqaman. Yangiyo‘lga bahordan beri boryapmiz. U yerda mardikornikiga o‘xshagan ishlarni qilamiz. Zavoddagi ish uchun haq berishmaydi. AYoQShdan oylik olamiz xolos. Smenadan chiqib bir kun dam olamiz, ertasiga Yangiyo‘lga borishni majburiy qilib qo‘ygan. Bormasangiz ishdan bo‘shataman, deydi. Kech qolsangiz, yoningizdan yo‘l kira sarflab borasiz. Oziq-ovqatingizni o‘zingiz bilan opketasiz. Zavodni Botir akaning o‘ziniki deyishadi. Menga o‘xshagan hasharchilar 100dan ortiq. Bormagan bir-ikki kishini ishdan bo‘shatvordi”.

Ozodlikning UzGazOildagi ishonchli manbasi (ismini oshkor qila olmaymiz) tinglovchi shikoyatida keltirilgan hamda Ozodlik savollariga javob bergan AYoQSh ishchisi aytgan gaplarni tasdiqladi.

Uning aytishicha, Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodi rekonstruktsiya qilinmoqda va unda nafaqat AYoQSh ishchilari, balki UzGazOilning markaziy ofisi xodimlari, xususan, idora soqchilik xizmati hamda shartnoma bo‘limi xodimlari ham ishlatilmoqda.

“Yangiyo‘lda har kuni taqriban 80-90 kishi ishlaydi, bir marta borgan odam 5-6 kun bormaydi, ishchilar almashtirib turiladi, ularga Yangiyo‘ldagi mehnat uchun ish haqi to‘lanmadi”, dedi Ozodlikning UzGazOildagi manbasi.

Uning aytishicha, yaqinda hasharga qatnashayotgan bir ishchi baxtsiz hodisa qurboni bo‘lgan: oyog‘i vagon ostida qolib ketgan.

Ilg‘agan bo‘lsangiz, UzGazOilning Toshkentdagi shahobchalaridan birining ishchisi “Zavodni Botir akaning o‘ziniki deyishadi”, degan edi.

Ozodlikning UzGazOildagi ishonchli manbasi esa, “Yangiyo‘ldagi g‘isht zavodi shirkat rahbari To‘rayev Botirning shaxsiy mulki, lekin uni birovning nomiga olgan bo‘lishi kerak”, degan iddaoni qildi.

UzGazOil rahbariyati bilan kun davomida bog‘lanishga urinishlarimiz besamar bo‘lgani uchun bu iddaoni rasman tasdiqlatishning yoki inkor etishning imkoni bo‘lmadi.

Botir To‘rayev UzGazOil shirkati bosh direktori lavozimiga, mazkur shirkatning egasi hisoblangan Zeromaks shirkati kasodga uchrashi ortidan tayinlangan edi.

Ozodlik UzGazOil xodimlarining o‘z huquqlari Botir To‘rayev tomonidan toptalayotgani haqida shikoyat qilgani to‘g‘risida bir necha marta xabar qilgan edi.

Botir To‘rayev O‘zbekistondagi eng yirik banklardan biri "Ipotekabank" boshqaruv kengashi a‘zosi hamdir.
XS
SM
MD
LG