Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:06

Bulung‘urda qaynona yosh kelinini o‘ldirganlikda gumonlanmoqda


Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Botbot qishlog‘ida yashab kelgan 20 yashar kelinchak 11 may kuni o‘z uyida eshikka osilgan holda topildi. Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ marhumaning ota-onasi qizini qaynonasi tomonidan urib o‘ldirilgandan so‘ng osib qo‘yilganini da‘vo qilmoqda.

Samarqand viloyatidagi Bulung‘ur tumanining Botbot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 52 yashar ayol o‘zining 20 yashar kelinini urib o‘ldirganlikda gumonlanmoqda.

Bu xabarni tasdiqlagan Bulung‘ur huquq tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan va tuman prokuraturasi tergov-surishtiruv harakatlarini olib bormoqda.

Botbotda yashovchi Ozodlik manbasiga ko‘ra, voqea 11 may kuppa- kunduzda sodir bo‘lgan:

“Bizning bilishimizcha, qaynona-kelin o‘rtasida qattiq janjal bo‘lgan. G‘azablangan qaynona qumg‘on bilan kelining boshiga urib o‘ldirib qo‘ygan. Keyin bo‘ynidan ro‘mol o‘tkazib uyning eshigiga osib qo‘ygan va shundan so‘ng dod-voy solib qo‘shnilarni chaqirgan”, deb yozadi manba.

Ozodlik muxbiri bilan ismi sir qolish sharti bilan gaplashgan mahalla faollaridan birining aytishicha, bu oilada janjal muntazam bo‘lib turgan va mahalla qaynona-kelinni yarashtirishga ko‘p uringan:

- Qudalar bir mahallada, deyarli qo‘shni yashashadi. Bola ham, nobud bo‘lgan ayol ham oilada yolg‘iz farzand bo‘lgan. Kelin arazlab bir necha bor onasining uyiga ketib qolgan edi. Janjal ko‘p bo‘lib turardi, bir necha bor yarashtirishga ham borgan edik. Uch yoshli va olti oylik ikki bola yetim qoldi, dedi mahalla faoli.

Kelinning qaynona tomonidan urib o‘ldirililgani haqidagi gap-so‘zlar tarqab ketganini e‘tirof etgan bu suhbatdosh¸ hozircha tergov tizimlari bu gumonni taftish qilayotganini aytish bilan cheklandi:

- Bu ishni hozir tuman prokuraturasi tergov qilmoqda. Aytishlaricha¸ jinoyat ishi ochilgan. Kelin urib o‘ldirilganmi yoki o‘zini o‘zi osganmi, bu haqdagi xulosalar ekspertiza natijalari chiqqandan so‘ng ma‘lum bo‘lar ekan, dedi mahalla faoli.

Mahalla faoliga ko‘ra, kelinchakning ota-onasi qizi o‘ldirilganini da‘vo qilib, Bulung‘ur tuman prokuraturasiga shikoyat yozgan.

Bulung‘ur tumani prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi, biroq boshqa tafsilotlarni telefon orqali berolmasligini aytdi.

Manbaga ko‘ra, qotillikda gumonlanayotgan qaynona uy qamog‘ida saqlanmoqda.

So‘nggi paytlarda Ozodlikka kelayotgan xabarlar orasida maishiy xarakterdagi jinoyatlar ko‘p tilga olinmoqda.

Jumladan, aprel oyida Andijon viloyatidagi Buloqboshi tumanining Mayariq qishloq fuqarolik yig‘iniga qarashli mahallalardan birida istiqomat qiladigan 20 yashar qiz tuqqan chaqalog‘ini o‘ldirib, zovurga tashlaganlikda ayblanmoqda.

Jumladan, 28 may kuni Samarqand viloyati Narpay tumanidagi Zirabuloq qishlog‘ida 30 yashar er ikki farzandining 27 yashar onasini bo‘g‘ib o‘ldirdi va ichki ishlar bo‘limiga o‘zi borib¸ taslim bo‘ldi.

Joriy yilning yanvarь oyida Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 13 yashar qizaloq 25 yoshli o‘z tug‘ishgan akasidan farzand ko‘rgan edi.
XS
SM
MD
LG