Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:05

O‘sh: Millatlararo munosabat yaxshilanayapti, biroq yaralar bitmagan


Qirg‘iziston janubida 2010 yil 10 iyunida boshlanib, bir necha kun davom etgan millatlararo to‘qnashuvlarda, rasmiy sma‘lumotlarga ko‘ra, 442 kishi halok bo‘lgan.
Qirg‘iziston janubida 2010 yil 10 iyunida boshlanib, bir necha kun davom etgan millatlararo to‘qnashuvlarda, rasmiy sma‘lumotlarga ko‘ra, 442 kishi halok bo‘lgan.
O‘shlik E‘tiborxon Qoraboyevaning o‘g‘illari - 1985 yil tug‘ilgan Abdunabi va 1989 yilda tug‘ilgan Abdulaziz Qoraboyevlar mash‘um iyunь voqealari chog‘ida Sulaymon tog‘i etagida joylashgan Bo‘rkashlik mahallasidagi o‘z uyi yonida snayper o‘qidan halok bo‘lgan.

- 2010 yil 12 iyunida ikki bolamdan ayrildim. Men ketdim. Klub qishlog‘ida edim. 3 soatdan keyin bolamni o‘ldi, deb borishdi. Katta o‘g‘limni o‘ldi, deb borishdi. Kechki mahalga borib, kichik o‘g‘lim o‘ldi, - deydi o‘shlik E‘tiborxon Qoraboyeva.

E‘tiborxon opaning kichik o‘g‘li Abdulaziz Qoraboyev o‘sha paytlarda qo‘shni O‘zbekistonga olib ketilgan va Xo‘jabod klinikasida jon taslim qilgan. Uning jasadi yaqinlariga qaytarilmagan va o‘sha yerdagi sobiq “Qaroqchi”, hozirgi “Egamberdiobod” qabristoniga qo‘yilgan. Katta o‘g‘li Abdunabi esa o‘zbek-qirg‘iz chegarasi yaqinidagi “Shahidlar” qabristoniga ko‘milgan.

Suhbatdoshimiz o‘tgan vaqt mobaynida o‘g‘illarining qotillarini topish ishlari samarasiz bermaganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytadi:

- Bolalarimiz nima sababdan o‘lib ketdi? Nimaga o‘rtada qirg‘izlar bilan o‘zbeklarni yomon munosabatda qilib qo‘yishdi? Bularning tagiga yeta olmayapman. Tushunmayapman ham nima sababdan bu to‘polonlar bo‘lganiga. Mahalladagi uylar vayrona bo‘lib, kuyib ketdi, qancha-qancha qonlar to‘kildi, go‘daklar o‘ldi.

Ozodlik: Izlashdan charchadingizmi yoki kuch-quvvat qolmadimi?

- Kuch-quvvatim qolmadi. Mashinani kuydirib yuborishgan. O‘shanda bolamning o‘ligini olib qolishgan. Mashinani kim yoqib yuborganini bilmaymanu, bolam qo‘shilib yonib ketmaganiga suyunaman. Aks holda, murdasini ham ko‘rmay qolardim, deyman. Kichik o‘g‘limning murdasini ko‘rmadim-ku.

Ozodlik: Bugun o‘zingizning hayotingizda o‘zgarish bo‘ldimi? Tiklanish, hayotga yaxshi ko‘z bilan boqish kabi?

- Hayotga yaxshi ko‘z bilan qarolmayapman. Sog‘ligim borgan sayin yomonlashayapti. Qachon qarasa, bolalarim ko‘z oldimda turadi. Qabristonni qaytadan ochgan yerlarni ko‘rsam, hozirgacha yuragim yomon bo‘ladi. Ham o‘ldirildi, kamiga ishonmay, 3 oyu 3 kunda qabrini ochishdi. “Rostmi bu, yolg‘onmi?” deb ochishdi, - deydi E‘tiborxon Qoraboyeva.

O‘sh voqealaridan so‘ng jigargo‘shasini yo‘qotgan kishilarning deyarli barchasini: “Fojea aybdorlari, ijrochilari nega shu kungacha jazolanmadi, qotillar topilmadi?” degan bir xil savol o‘ylantiradi.

Iyun voqealari chog‘ida yolg‘iz o‘g‘li Almaz Asqarovdan ajragan Dilbar Ko‘chko‘nova o‘g‘lining qotillari munosib jazo olmagunicha so‘nggi nafasiga qadar kurashmoqchi. Uning o‘g‘li fojeadan bir necha oy avval O‘shga ishlagani kelgan. Iyunь voqeasi chog‘ida nobud bo‘lgan bu yigitning jasadi bir yildan keyingina topilgan. Hozir Almazni o‘ldirganlikda 5 odam gumonlanmoqda. Biroq o‘tgan 4 yil mobaynida bu ish bo‘yicha 74 marotaba sud bo‘lganiga qaramay, hali natija chiqmagan. Farzand dog‘iga chiday olmagan Dilbar Ko‘chko‘nova shu kunda kasalmand bo‘lib qolgan. Hozirda arang yurgan ona tez-tez shifoxonada davolanib turadi.

Suhbatdoshimiz qirg‘iz va o‘zbek xalqlarini bir-biriga dushman qilgan, begunoh bolalar, ayollar, qariyalar doxil 500 ga yaqin odamning umriga zomin bo‘lgan O‘sh voqealarida, eng avvalo, qirg‘iz rasmiylari va ularga ko‘maklashgan o‘zbek yetakchilari aybdor, deb hisoblaydi:

- Men ochiqchasiga aytaman: Qirg‘iziston bo‘yicha to‘polonga 5 odam eng katta aybdor. Bular Almazbek Atambayev, Roza O‘tunbayeva, Tekebayev, Temir Sariyev, Beknazarovlar aybdor. Shular prezident bo‘lish uchun, amalga erishish uchun, eplab Bakiyevni qochirib, hokimiyatni qo‘lga olish uchun shu o‘yinni chiqargan. O‘zbeklardan ham 5 kishi bo‘lgan. Qodirjon Botirov, Karomat Abdullayeva, Salohiddinov, Inomjonlar. O‘zbeklardan ham, qirg‘izlardan ham 4 erkak bir ayol. Shu 10 kishi o‘yin chiqargan, - deydi Dilbar Ko‘chko‘nova.

Ayni kunlarda O‘shda avvalgi yillarga nisbatan tinchlik hukm surmoqda. Bozor, avtobekat, oliygohlar, kasalxonalar kabi jamoatchilik joylarida ikki millat vakillari bir-biriga nisbatan yovqarashsiz munosabatda bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Mahalliy rasmiylar tomonidan ham o‘zbek va qirg‘izlar istiqomat qiluvchi hududlarda do‘stlik uchrashuvlari o‘tkazilayapti.

Iyunь voqealariga 4 yil to‘lishi arafasida Qirg‘iziston janubida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Xususan, shu yilning 5 iyunidan militsiya va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari kuchaytirilgan tartibda ishlashga o‘tgan. Ular asosan O‘sh, Jalolobod shaharlari, Qorasuv, Suzoq va Bozorqo‘rg‘on tumanlarida jamoatchilik tartibini saqlash bo‘yicha turli ishlar olib bormoqdalar.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2010 yil 10 iyunida boshlanib, bir necha kun davom etgan etnik to‘qnashuvlarda 442 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlardan 295 nafari o‘zbek, 123 nafari qirg‘iz, 1 rus, 1 pokistonlik va 1 uyg‘urdir.

O‘sh voqealari bo‘yicha 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz, 8 nafari boshqa millatlar vakillaridir.

O‘sh voqealari yuzasidan o‘tayotgan mahkamalarining ba‘zilari shu kungacha davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG