Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:59

AQSh bayrog‘i tushirilgan futbolka kiygan Nilufar Usmonova tanqid qilindi


Nilufar Usmonova.
Nilufar Usmonova.
“Bilayn” shirkati pensionerning 21 dollarini o‘g‘irladi. Qashqardaryoda 80 million so‘m pora olgan yuqori lavozimdagi mansabdor qamaldi. Toshkentlik imom oilani buzuvchi sehr-jodudan qaytardi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.


“Haydovchidan poraga uyali telefon olgan “gaishnik” qo‘lga tushdi”

Toshkent viloyati Bekobod tumanida yo‘l-patrul xizmati inspektori Ixtiyor Boltaboyev pora bilan qo‘lga tushdi (“Adolat ko‘zgusi”, 12 iyun ).

Inspektor “Spark” mashinasi egasi Davron Sultonovdan tezlikni oshirgani uchun jarima o‘rniga 40800 so‘mlik “Nokia” uyali telefonini oladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Tojikistondan giyohvand modda olib kelayotgan Davron Sultonov boshqaruvidagi mashina huquq idoralari kuzatuvida bo‘lgan. Shu bois Sultonov hamda uning sheriklari bilan birga yo‘l-patrul xizmati inspektori ham qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi YPX inspektori Ixtiyor Boltaboyevni 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan. Giyohvandlik moddalari savdosida ayblangan Davron Sultonova va uning ikki sherigiga 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.


“Bilayn” shirkati pensionerning 21 dollarini o‘g‘irladi”

Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yashovchi pensioner Svetlana Sultonova “Bilayn” operatori unga qarashli uyali aloqa raqami hisobidan bir necha oy davomida 21 dollar o‘g‘irlaganini ma‘lum qildi (“Noviy vek”, 12 iyun ).

Pensioner vaziyatni aniqlashtirish uchun Toshkentga – shirkatning bosh ofisiga kelishga majbur bo‘lgan. Ancha ovoragarchilikdan keyin shirkat vakili bilan uchrashgan.

Raqamni tekshirish jarayonida 21 dollar mablag‘ Internet paket uchun ishlatilgani ma‘lum bo‘lgan. Yolg‘iz yashovchi pensioner Internet xizmatiga ulanmagani, mazkur mablag‘ o‘g‘irlanganini aytgan. “Bilayn” shirkati vakillari esa pensionerni quruq qo‘l bilan qaytargan.

Haqqini buzilgan deb hisoblagan nafaqadagi ayol gazeta orqali “Bilayn” shirkatiga zarur chora ko‘rishni talab qilgan.


“Qashqardaryoda 80 million so‘m pora olgan yuqori lavozimdagi mansabdor qamaldi”

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiya, komunal xo‘jaliklar va obodonlashtirish masalalari bosh mutaxassisi Eshmirza Xushmurodov uyushgan jinoiy guruh tuzib, qator og‘ir jinoyatlarni sodir etgan (“Huquq”, 12 iyun ).

Yuqori lavozimdagi mansabdor shaxsiy boylik orttirish maqsadida g‘alla va paxta yetishtiriladigan yerlarni o‘zlashtirish, fuqarolardan yer uchun pora talab qilishda ayblangan.

Xushmurodov yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun jami 19 nafar fuqarodan, masalan, fuqaro Akram Yusupovdan 1000 dollar, Sevara Boqiyevadan 4,8 million so‘m, Baxtiyor Janiyevdan 10,5 million so‘m, Ra‘no Eshonqulovadan 500 ming so‘m, Gulchehra Aliboyevadan 100 dollar pora olgan.

Pora sifatida olingan mablag‘ miqdori 80 million so‘mdan oshgan. Jinoyat ishlari viloyat sudi Xushmurodov va uning sheriklariga “qonun doirasida qamoq jazosi” tayinlangan.


“Xonanda Usmonova AQSh bayrog‘i tushirilgan futbolka va yirtiq shim uchun tanqid qilindi”

Ijtimoiy tarmoqlarda AQSh bayrog‘i tushirilgan futbolka hamda yirtiq shim kiygan holdagi suratlari tarqagan xonanda Nilufar Usmonova tanqid nishoni bo‘ldi (“Darakchi”, 12 iyun ).

“Vatan deb ko‘ksingizga urib, tuproq quchib qo‘shiq aytishni bilasiz-u, nahot o‘z yurtingiz qolib, o‘zga yurt bayrog‘ini ko‘ksingizda ko‘tarib yurishga oriyatingiz yo‘l qo‘ysa?! Vatanni sevishni avvalo unga bo‘lgan hurmatdan boshlasak yomon bo‘lmasdi!” deb yozadi shou biznes nashri.

Avvalroq “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonanda Usmonovani to‘ylarga kiyib borayotgan kiyimlari milliy qadriyatlar va san‘atkor madaniyatiga zid ekani uchun ogohlantirgandi.


“Toshkentlik imom oilani buzuvchi sehr-jodudan qaytardi”

Folbinlar issiq-covuq qilib er-xotin orasiga sovuqchilik solishi holatlari ko‘paymoqda (“Oila davrasida”, 12 iyun ).

Toshkent shahri “Yakkasaroy” jome masjidi imom-xatibi Zokirjon Sharifov bir insonni boshqasiga nisbatan iliq muomalada bo‘lishi uchun “isitish” yoki odamlar orasini ajratish - “sovitish” uchun qilinadigan sehr-jodudan qaytardi. Imom-xatibga ko‘ra, sehr-jodu er-xotinlik, do‘stlik, qarindoshlik munosabatlariga salbiy ta‘sir etishi mumkin.

“Ko‘pincha sodda odamlar ilmsizlik qilib, “Mana qo‘lida tasbeh, uyida Qur‘oni karim yoki joynamozi bor ekan, namoz o‘qirkan”, deb folbinga ishonadilar... Bu ularning odamlarni o‘ziga jalb qilish usullaridan ekanini to‘g‘ri anglamaydilar” deydi imom Z.Sharifov.


“Avtomobil ming kilometr yursa, bir kishining bir yillik kislorodini “eb” qo‘yadi”

Avtomobil har 1000 kilometr yurganda mashinasi egasi bir yil davomida iste‘mol qiladigan kislorodni “eb” qo‘yadi (“Inson va qonun”, 10 iyun ).

Bitta yengil avtomobil kun davomida bir kilogrammgacha zararli gaz tarqatadi. Oqibatda o‘pka saratoni va boshqa og‘ir kasalliklar yuzaga keladi.

Gazeta havo ifloslanishining oldini olish uchun archazorlarni ko‘paytirishni taklif qiladi. O‘zbekistoning “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, atmosferaga salbiy ta‘siri uchun korxona va tashkilotlarga to‘lovlar belgilangan.

Maqolada amerikalik mutaxassis Luis Batmanning “Yo insonlar havodagi tutunni kamaytiradilar, yo tutun Yer yuzidagi insonlarni kamaytiradi” degan fikri keltiriladi.
XS
SM
MD
LG