Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:28

Facebook hijobdan bezgan eronliklar uchun isyon maydoniga aylandi


Hijobni yechmaslikka chaqiriq bitilgan e‘lon taxtasi yonida namoyishkorona ro‘molini yechib, suratga tushgan va Facebookka joylagan eronlik ayol.
Hijobni yechmaslikka chaqiriq bitilgan e‘lon taxtasi yonida namoyishkorona ro‘molini yechib, suratga tushgan va Facebookka joylagan eronlik ayol.
Londonda yashaydigan eronlik jurnalist Masih Alinajod Facebookda hamyurt ayollarining hijob kiyishga majburlanishiga qarshi aktsiya boshladi va bu majburiylikdan bezgan xotin-qizlar hijobsiz tushgan suratlarini ushbu sahifaga yo‘llamoqdalar.

Eronlik yoshgina bir ayol "Opa-singillar, hijobingizni qo‘ymang!" degan yozuv bitilgan e‘lon taxtasi yonida ro‘molini yechib suratga tushdi va Alinajod ochgan maxsus Facebook sahifasiga joyladi.

Qizil rangdagi sochlarini shamolga tutgan qora ko‘zoynaklik ayol ham qadimiy Taxti Jamshid majmuasi oldida ro‘molsiz suratga tushdi va Facebookdagi ayni sahifaga joyladi.

Yana bir necha ayol esa Kaspiy dengizi sohillarida ro‘molsiz raqs tushgani aks etgan suratni ayni ijtimoiy tarmoqqa joyladi.

Eronlik ayollarning hijobga qarshiligi namunasi o‘laroq birin-ketin sotsial tarmoqlarga yoyilayotgan bu aktsiyalarga Londonda yashayotgan quvg‘indagi jurnalist Masih Alinajod turtki bo‘ldi.

U Facebookda "Mening pinhoniy ozodligim" deb nomlangan sahifa ostida aktsiya boshladi va omma ko‘zidan panada ro‘mol yoki hijobini yechib, yayrayotgan ayollar bu aktsiyaga qo‘shilib, suratlarini yo‘llay boshladi.

Shu yil 3 may kuni ochilgan bu sahifani hozirga kelib qariyb 500 ming foydalanuvchi yoqtirdi, minglab foydalanuvchi do‘stlariga ulashdi.

Masih Alinajod boshlagan aktsiyani quvvatlagan eronlik erkaklar ham ayni tarmoqda maxsus sahifa ochdi. Unda ham eronlik ayollarning pinhoniy ozodligini quvvatlagan erkaklarning suratlari kundan-kunga oshib bormoqda.

Boshlanganidan bir oy o‘tmay Eronning ichidayu tashida yashayotgan eronliklar e‘tiborini tortgan bu aktsiya xorij matbuoti tiliga ham tushmay qolmadi.

Bundan noroziligini bildirgan Eron hukumatiga oid rasmiy axborot vositalari darhol aksil-aktsiyaga kirishdilar.

Shu kunlarda Eron rasmiy televideniyesida "buzg‘unchi jurnalist" Masih Alinajodning "giyohvand moddalar kayfi ostida yechinib olgach, London metrosida o‘g‘li ko‘z o‘ngida zo‘rlangani" iddao qilingan ko‘rsatuv berildi.

Bu iddaoni tamoman rad qilgan Masih Alinajod o‘z sahifasida Eron rasmiy televideniyesi uning zo‘rlangani haqidagi "to‘qimasi"da tilga olingan London metrosida "Mening Vatanim" deb qo‘shiq kuyladi.

"Agar men o‘z vatanimda xuddi Londonda kuylaganim kabi emin-erkin qo‘shiq kuylasam, siz nima qilasiz?" deb savol tashladi Masih Alinajod. Vatanida u kabi ayollar millionlab ekanini ta‘kidlarkan: "Siz ulardan yuz burasizmi yoki ularni ham xayolingizda zo‘rlaysizmi?" deya Eron rasmiylariga yuzlandi.



Alinajod bu nafaqat unga, balki uning sahifasida o‘z erkinliklari uchun so‘z aytish imkoniga ega bo‘lgan ayollarga nisbatan haqorat, deb bilishini aytmoqda.

- Men buni nafaqat menga, balki men ochgan sahifani minbar ko‘rib, unga suratlarini yo‘llagan va shu bilan “Biz Erondamiz, biz ovozimiz eshitilishini istaymiz. Biz hijob kiyish majburiyatiga qarshimiz!” degan ayollarga nisbatan haqorat, deb qabul qildim, dedi Masih Alinajod.

U Eron rasmiy televideniyesi ustidan sudga ariza kiritishga hozirlanmoqda.

Jurnalist shuncha shov-shuv va noroziliklarga sabab bo‘layotgan bu aktsiyasiga aslida Eronning yangi rahbari Hasan Ruhoniy berib kelayotgan umidbaxsh bayonotlar turtki bo‘lganini aytmoqda.

So‘nggi paytlarda prezident Ruhoniyning ayrim bayonotlari 1979 yildan beri yo‘nalishini o‘zgartirmay kelayotgan Eron Islom respublikasi ruhoniylari e‘tirozlariga ham sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, o‘tgan oy oxirida bergan bayonotida Hasan Ruhoniy eronliklarga ko‘proq erkinlik va haq berilishi lozimligini ta‘kidlab¸ davlatning ular hayotiga aralashuvini cheklash ehtiyojini tilga oldi.

"Odamlarni o‘z holiga qo‘yaylik. Odamlarni aqldan ozdirmaylik. Hatto, hamdardlik uchun ham odamlarning shaxsiy hayotiga aralashishni bas qilaylik. Odamlar jannatga tushish yo‘lini o‘zi tanlasin. Biz odamlarni zo‘r qo‘llab, yo darra bilan jannatga yo‘llay olmaymiz”, dedi 24 may kuni prezident Ruhoniy.

Prezidentning bunday bayonot bilan chiqishiga may oyida Eronda boshlangan noroziliklarning yangi to‘lqini – “hilpiragan ro‘mollar”ga qarshi dindorlar noroziliklari sabab bo‘ldi.

7 may kuni Tehronda 4 mingga yaqin konservativ dindor hukumatdan ro‘molini yechayotgan va hijobni “hilpirab turgan” yarim-yorti yupqa sharfga aylantirib olgan ayollar ustidan nazorat va jazoni kuchaytirishni talab qildilar.

Bu norozilik chiqishlari va o‘zining Facebookdagi aktsiyasiga qarshi rasmiy televideniye chiqishlariga munosabat bildirgan Masih Alinajod hijobga qarshi bu isyon aslida oyatullohlar dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotgan islomiy jumhuriyatning ichdan parokandaligidan berilgan mujda ekani bois¸ ularni jazavaga solayotganini ta‘kidladi.

1979 yilda bo‘lgan islomiy inqilob ortidan Eron Islomiy respublikasi tizimi joriy etilgach, ayollarga hijob o‘rash majburiyat qilib yuklandi.

Hijobni o‘rash tartibini buzgan yoki ro‘molni o‘ramagan ayollar yillardan buyon jarimaga tortiladi, omma oldida izza qilinadi yoki hibsga olinadi.

Shunga qaramay, ayollarning boshidagi yopinchiqlari yillar davomida kichiklashib, kaltalashib, yupqalashib, rangdorlashib bordi. Hozir aksar ayollar boshidagi yopinchiqlarga dindorlar tushunadigan “hijob” so‘zni qo‘llash noto‘g‘ri bo‘ladigan darajaga yetdi.

Masih Alinajod ijtimoiy tarmoqda ochgan bir sahifa ortidan bu qadar ziddiyatli noroziliklar qo‘zg‘alib ketishini sharhlayotgan tahlilchilar¸ aslida bu muammo ildizi juda chuqurligi va yagona yechim shaxs erkinliklariga yo‘l berish ekanini ta‘kidlamoqda.
XS
SM
MD
LG