Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:53

Toshkentda yo‘lkira 6 yilda 3 barobarga qimmatladi


15 iyundan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira haqi 800 so‘mdan 1000 so‘mga ko‘tarildi. “Toshshahartransxizmat” aktsiyadorlik kompaniyasi rasmiy vakilining Ozodlikka aytishicha, 15 iyundan metro, tramvay va avtobuslar yo‘lkiralarining oshishi yonilg‘i va ehtiyot qismlariga sarflanajak xarajatlar oshgani bilan bog‘liqdir.

15 iyundan Toshkent jamoat transportida yo‘lkira haqi 800 so‘mdan 1000 so‘mga ko‘tarildi.

Marshrut taksilar kirasi esa 1200 so‘mdan 1500 so‘mga ko‘tarilgan. Yo‘lkira haqi 25 foizga oshganini toshkentliklar avtobuslarga osilgan e‘lonlardan bildi.

“Toshshahartransxizmat” aktsiyadorlik kompaniyasi rasmiy vakilining Ozodlikka aytishicha, 15 iyundan metro, tramvay va avtobuslar yo‘lkiralarining oshishi yonilg‘i va ehtiyot qismlariga sarflanajak xarajatlar oshgani bilan bog‘liqdir.

O‘zbekiston poytaxtida jamoat transportida yurish haqi so‘nggi bor o‘tgan yilning 2 aprelida shu muddagacha bo‘lgan narxning 14,28 foizi miqdorida ko‘tarilgan, yo‘lovchilar 700 so‘m emas, balki 800 so‘mdan chipta haqi to‘lay boshlagan edilar.

Mana endi, 15 iyundan boshlab Toshkentda metro, tramvay yoki avtobusga tushadiganlar 800 so‘m o‘rniga 1000 so‘m to‘laydi. Demak, yo‘lkira bu gal 25 foizga oshirildi.

“Toshshahartransxizmat”ning o‘zini tanishtirmagan rasmiysidan so‘radik:

- Har gal 50 – 100 so‘mga oshar edi. Bu yil birdaniga 200 so‘mga oshirildi. Buning sababi nimada?

- Narxni Moliya vazirligi belgilaydi. Biz belgilamaymiz, dedi “Toshshahartransxizmat” vakili.

Uning aytishicha, ayni paytda qator toifadagi kishilarning shahar transportidan bepul foydalanish huquqi saqlab qolingan. Bundaylar qatoriga Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, 1-guruhdagi urush nogironiga hamrohlik qiluvchi kishi, 1941-1945 yillardagi urushda jabhaortida mehnat qilib, orden va medallar bilan taqdirlangan kishilar, afg‘on urushi qatnashchilari, chernobilchilar, ko‘zi ojiz nogironlar va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar kiradi.

Korxona saytida yana mana bunday deyilgan: Haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar va serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga guvohnoma berilmaydi. Ular harbiy guvohnomasi yoki kontrakt xizmat qiluvchilarning shaxsiy guvohnomasini ko‘rsatgan taqdirda shaharyo‘lovchilar transportida (taksidan tashqari) bepul yurish huquqidan foydalanadi.

Oylik chiptalar narxlari esa uyidagichadir (“Toshshahartransxizmat” rasmiy saytidan ko‘chirma):

A - (avtobus va tramvayda yurish uchun) - 100 000 so'm;

AV - (transportning bir turida (avtobus) yurish uchun ) - 80 000 so'm;

O' - (maktab (litsey) o'quvchilari uchun, maktabning (litsey) ma'lumotnomasi bo’lishi kerak) - 50 000 so'm;

T - (kollej va oliy o’quv yurti talabalari uchun, talabalik guvohnomasi bo’lishi kerak) - 50 000 so'm;

N - (pensioner va nogironlar uchun, pensiya guvohnomasi bo’lishi kerak) - 50 000 so'm.

Yo‘lkira 1000 so‘mga chiqqanini eshitgan tinglovchilarimizning aksariyati, bu pulga taksida yurgan yaxshiroq, degan fikrni bildirdi.

“Toshshahartransxizmat” vakiliga navbatdagi savolimiz shu fikrdan paydo bo‘ldi.

- Har kimning puli o‘zining cho‘ntagida. Salqinlab ketaman, degan odam metroga tushadi. Xohlagan odam taksida ketadi. Biz esa yo‘lkirani ko‘tarishga majburmiz. Chunki elektr energiyasi, ehtiyot qismlar qimmatlayapti. “Mersedes” avtobuslarimizning ehtiyot qismlari tobora qimmatlab borayapti. Chunki valyuta qimmatlayapti, dedi korxona rasmiysi.

"Gaz, svet, suv qimmatladi, nima uchun 1 apreldan yo‘lkira oshmadi, deb so‘ramagansizlar o‘z vaqtida. Mana endi, nega qimmatladi, deb vahima qilayapsizlar!" deb xafa bo‘ldi u.

Shunday qilib, Toshkentda yo‘lkira 6 yilda 3 barobarga qimmatladi: 2008 yilning 15 oktyabridan avtobus, tramvay va metro uchun yo‘l kira 350 so‘m qilib belgilangan edi.

Joriy yil 1 aprelidan O‘zbekistonda aholiga sotiladigan gaz narxi 8,9%ga, elektr energiyasi narxi 9,5% ga, issiq suv 11,7%ga oshirilgan edi. Shuningdek, sovuq suv va kanalizatsiyadan foydalanish haqi ham 1 apreldan oshirilgan.
XS
SM
MD
LG