Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:50

Mustaqil kinoshirkatlar “O‘zbekkino” nazoratiga o‘tkazilmoqda


O‘zbekistonda kino-videomahsulotlar ishlab chiqarishga izn olgan 700ga yaqin shirkat va 160 dan ziyod kinoteatrlarda keng ko‘lamda birdaniga taftish boshlandi. O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi¸ Respublika Bosh prokuraturasi va “O‘zbekkino” milliy agentligi vakillaridan tashkil topgan guruh mustaqil kinoshirkatlarning moliyaviy hujjatlarini va ijodiy jarayonini taftishdan o‘tkazmoqda.

O‘zbekistondagi hususiy studiyalardan biridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸
bunday taftishlardan maqsad mustaqil studiyalarni “O‘zbekkino” milliy agentligining to‘la nazoratiga o‘tkazishdir.

- Shu paytgacha mustaqil kinostudiya bir oz bo‘lsa ham mustaqil ish yuritar edi. Bundan buyon barcha ssenariylarni “O‘zbekkino” milliy agentligi tasdiqlaganidan keyingina suratga olish jarayoni boshlanishi kerakligi haqida ogoxlantirish oldik¸ deydi suhbatdosh.

“O‘zbekkino” milliy agentligidagi Ozodlik manbasi esa bu taftishlar pirovardida kinofilmlar saviyasini ko‘tarish uchun qilinayotganligini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 50 dan ziyod badiiy filmlar suratga olinib ekranlarga chiqarilmoqda, lekin bu kinolarning badiiy saviyasi yuzasidan shikoyatlar mavjud.

- Bu shikoyatlarga biz javob berishga majbur bo‘lardik. Shu bois kinostsenariylarni oldindan tasdiqlash va kino san‘ati saviyasini ko‘tarish uchun jiddiy harakatlar boshlandi¸ deydi suhbatdosh.

Kino birni o‘n qiladigan shirkatmi yo san‘at ?

Internetdagi Shov-shuv.uz nashri muharriri Jasur Hamroyev kino sohasidagi bu taftishlarni ma‘qullaydi. Suhbatdosh nazarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan kinomahsulotlar sifatini oshirish uchun jiddiy taftish va kuchli nazorat lozim.

Asli O‘zbekistonlik kinorejisser¸ Moskvadagi “Charli” kinostudiyasi rahbari Xudoybergan Yusupov esa bu nazorat kino ishlab chiqarish sur‘atini sustlashtirmasligi kerakligini ta‘kidlaydi:

- Qaysidir ma‘noda davlatning nazorati bo‘lishini qabul qilamiz¸ lekin bu nazorat ijodiy jarayonni falaj qilmasligi kerak. Boshqa tarafdan O‘zbekistondagi kinolarning ko‘pi sarflangan pulni oqlash uchun kommertsiyaga berilganini ko‘ramiz¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda Yusupov keyingi 20 yilda O‘zbekistonda suratga olingan kinolarning mavzusi va ifoda uslubi Markaziy Osiyo tomoshabini uchun Meksika seriallaridan ko‘ra tushunarliroq ekanini ta‘kidlaydi.

O‘zbekistondagi hususiy kinostudiyada tasvirchi bo‘lib ishlaydigan Rasulbek degan yigit Ozodlik bilan suhbatda kino olish jarayoni pul ko‘paytirish mexanizmiga aylanganini gapirib berdi:

- Masalan, kinoprodyuser bitta sarmoyadordan 50 ming dollar pul oladi. Keyin shu pulga kino olinadi. Olingan mahsulot kinoteatrlarga chiqariladi. Bu asnoda prodyuser xalq ta‘limi tizimi boshliqlari ko‘magida talaba va o‘quvchilarga majburlab bilet sottirishadi. Qarabsizki, bir hafta ichida sarflangan pul foydasi bilan qaytib keladi¸ deydi kinotasvirchi Rasulbek.

Toshkent san‘at institutining kinorejissura fakulьtetini tugatib, akterlik faoliyati barobarida kino suratga olishga chog‘lanayotgan Dilshodbek Kattabekov bu sohaga oid tanqidiy qarashlarini ham yashirmadi.

- Men, masalan, kino qanday suratga olish ilmini oliygohda o‘rganganman. Xozir ko‘p kinolarni o‘qimagan havaskorlar suratga olmoqda. Bu esa kinolarning sifatiga ta‘sir qilmoqda, deydi Dilshodbek Kattabekov.

Kino uchun qafas kerakmi ?

O‘zbek kinosi nazorat qilinishi kerakmi yo o‘zicha erkin rivojlansinmi, degan savol borasida suhbatdoshlar fikri ikkiga ayriladi.

Kinoni "durdona san‘at", deb bilgan Jasur Hamrayev oz bo‘lsin-soz bo‘lsin degan gapni ta‘kidlab, bemaza qovunning urug‘i kabi ko‘paygan “kinoasarlar”dan noliydi.

- Kinostsenariylar, albatta, “O‘zbekkino” milliy agentligidagi badiiy kengashlar nazoratidan o‘tishi kerak¸ shu holdagina biz kino san‘atida sifat ko‘rsatkichiga erishamiz, deydi Jasur Hamroyev

Kinorejisser Xudoybergan Yusupov esa "Bollivud" yo‘lidan ketayotgan o‘zbek kinosining soni ko‘paygani sayin sifat ham oshadi, shu bois kino erkin rivojlangani zarur, deb hisoblaydi:

- Faqat “O‘zbekkino” ma‘qullagan kinolar olinsa rivojlanish uncha bo‘lmaydi. Taroq bitta bo‘lgani uchun bir xil taraydi. Menimcha, mutlaq bo‘lmasa ham erkinlik zarur. Masalan, qushni qattiq qissangiz o‘lib qoladi¸ panjangizni katta ochsangiz qush uchib ketib qoladi. Shu masalada oltin o‘rtalikni topish va iloji bor qadar ijodiy jarayonga halal bermaslik lozim¸ deydi kinorejiser Xudoybergan Yusupov.
XS
SM
MD
LG