Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:38

Urganch aeroporti MDHda "eng yaxshi" deb topildi


O‘zbekistonning Urganch xalqaro aeroporti Rossiyaning “Aeroport” fuqaro aviatsiyasi uyushmasi tarafidan “MDH mamlakatlari ichida 2013 yilning eng yaxshi aeroporti”, deb topildi.

Bu haqda Ozodlikka mazkur uyushma bosh direktori Viktor Gorbachyov ma‘lum qildi.

- Biz har yili yilning eng yaxshi aeroporti nominatsiyasi bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida tanlov o‘tkazib boramiz. U yerda uchta nominatsiya bor. Shu nominatsiyalardan biri bo‘yicha Urganch g‘olib bo‘ldi, - dedi Viktor Gorbachyov.

Tanlovda MDH hududidagi 100 mingdan 500 minggacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan aeroportlar qatnashgan.

- Tanlovda MDHning Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Moldova, O‘zbekiston kabi mamlakatlaridan jami 25 ta aeroport qatnashdi. Urganch aeroporti o‘zida ishlab chiqarishni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun bu nominatsiyada g‘olib bo‘ldi. Ya‘ni aeroportga xizmatni takomillashtirish uchun 2013 yilda katta miqdorda sarmoya yotqizilgan, aerovokzal ta‘mirlangan, - dedi Aeroport” fuqaro aviatsiyasi uyushmasi bosh direktori Viktor Gorbachyov.

Eslatamiz, o‘tgan yili Urganch xalqaro aeroportining yangi terminali ishga tushirilgan. Yangi terminal soatiga 300 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega ekani aytiladi.

Terminalda 200 kishiga mo‘ljallangan VIP i CIP zallari va Duty-free do‘konlari bor. Ayni paytda Urganch aeroporti orqali uchgan yo‘lovchilarning ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Facebook, Twitter orqali bu yerda xizmat ko‘rsatish darajasi qoniqarli emasligidan shikoyat qilgan holatlar ham bo‘lgan.

Urganch aeroportida yo‘lovchilarni "myasorubka"dan o‘tkazishadi

Ozodlikka WhatsApp orqali Urganch aeroportida soatlab davom etadigan bojxona tekshiruvlar haqida shikoyat qilgan xorazmlik yo‘lovchilardan biri xalqaro maqomga ega mazkur aeroportda xorijdan kelayotgan va xorijga jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilar bojxona ko‘rigidan "go‘shtmaydalagichdan o‘tkazilganday” qattiq tekshiruvdan o‘tkazilishini aytgan.

- Xuddi myasorubkadan o‘tkazganday, birma-bir tekshirib o‘tkazishadi. Yo‘lovchilar ikki-uch soatga qolib ketishadi. Shuning uchun men doim Urganchga boradigan bo‘lsam, Moskvadan to‘g‘ri Urganchga uchadigan reysga bilet olmayman, Toshkent orqali uchadiganiga olaman, - deb aytgan Rossiyada ishlovchi Ozodlik mushtariylaridan biri.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkatiga ko‘ra, o‘tgan yili Urganch aeroporti 143 mingdan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Ularni uchdan bir qismi xorijlik sayyohlardir.

Kelasi yildan Urganchni Yevropaning uchta yirik shahri bilan bog‘lovchi reyslar ochilishi kutilayapti.

Urganch aeroporti xalqaro aeroport maqomiga ega bo‘lib, uning qo‘nalg‘asiga A-310, Boing-767, 757, 747, RJ-85, Tu-154, Il-76, Il-96 kabi katta uchoqlar bemalol qo‘nishi mumkin.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonga keladigan sayyohlar kamligi bois dabdabali aeroportlarning qurilishi o‘zini oqlamaydi.
XS
SM
MD
LG