Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:01

Chustlik 44 yashar fermer o‘zini osib qo‘ydi


Namangan viloyati, Chust tumani, Baymoq qishlog‘ilik fermer yakshanba, 22 iyun kuni dala shiyponida o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan norasmiy manbaning marhumning yaqinlariga tayanib aytishicha, joniga qasd qilgan chustlik o‘zining fermerligi bilan bog‘liq muammolar oldida ojiz qolgan.


Norasmiy manbadan olingan xabarni o‘z joniga qasd qilgan Qurbontoy Usmonovning 22 iyun, mahalliy vaqt bilan soat 14 da bo‘lib o‘tgan dafn marosimida qatnashgan, ismi aytilmasligi so‘ragan baymoqlik yigit tasdiqladi. 1970 yilda tug‘ilgan marhumning balog‘atga yetgan bir qizi borligi aytildi.

Dafn marosimida qatnashgan baymoqlikning aytishicha, qishloqliklar orasida “Qurbontoy vos-vos kasaliga uchrab qolgan ekan, degan gap tarqagan”.

Biz marhumning shu kunda Moskvada ishlab yurgan qishloqdoshi bilan ham bog‘landik. Uning aytishicha, Qurbontoy Usmonov bundan 2 oy muqaddam Moskvaga borgan, “xushchaqchaq, bir gapirib o‘n kuladigan, basavlat ulfat yigit edi”.

Voqea to‘g‘risida birinchi bo‘lib xabar qilgan, ismi sir qolishini istagan norasmiy manbaga ko‘ra, “Qariyb 10 yildan beri fermerlik qilib kelayotgan Qurbontoy Usmonov 22 iyun kuni ertalab ishchilarini dalaga ishga jo‘natgan va soat 9 larda dala shiyponida o‘zini osgan. Qarzi borligi uchun u yaqinda o‘z uyining 10 so‘tigini 11 ming dollarga sotgan edi.”

Manbaga ko‘ra, Qurbontoy Usmonovning qarzi uning fermer xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ozodlik manbasining yozishicha, Qurbontoy Usmonov so‘nggi yillarda o‘z joniga qasd qilgan yagona fermer emas. “Bundan 4 yil oldin qo‘shni qishloqda yashagan, fermer bo‘lib ishlagan kursdoshim o‘zini osgan, uning ham qandaydir qarzi bo‘lgani to‘g‘risida gap bo‘lgan edi”, deb yozdi manba.

Chustlik fermerning o‘z joniga qasd qilishi kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekanligining rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Ayni paytda chustlik fermerning o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risidagi xabar shu mazmundagi xabarlarning birinchisi emas.

2013 yilning avgustida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” fermerlar shirkati raisi Ismat Shodmonov o‘z joniga qasd qilgan, Ozodlik manbalarining xabariga ko‘ra, u yig‘ilishda tuman hokimi tomonidan xo‘rlanib, kaltaklanganidan so‘ng uyiga kelib o‘zini osgan edi.

2013 yilning noyabrida Sirdaryoning Boyovut tumanida yashagan 54 yashar fermer Ne‘mat Sulaymonov o‘zini osgan, huquq faollariga ko‘ra, fermer mahalliy hokimlik vakillarining bosimiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida saksondan ziyod fermer hokimiyat vakillarining zo‘ravonligidan bezib, o‘z xo‘jaligini yopishni so‘rab tuman hokimligiga ariza bergani to‘g‘risida Ozodlik joriy yil yanvarida xabar qilgan edi.

Bundan roppa-rosa bir oy oldin esa, Ozodlikning OzodMikrofoniga Namangan viloyati, Chust tumanidan bog‘langan 35 yashar sobiq fermer Abdulla Hakimov (ism o‘zgartirilgan) 2008 yildagi qurg‘oqchilikda g‘alla va paxtadan ko‘rgan zararni sug‘urta tashkiloti to‘lamagani, oradan 6 yil o‘tib bu summani bank yeri ham tortib olingan dehqondan olishga urinayotganidan arz qilgan edi.
XS
SM
MD
LG