Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:21

MTS O‘zbekistonga qaytadigan bo‘ldi


MTS Rossiyaning eng yirik mobil operatori.
MTS Rossiyaning eng yirik mobil operatori.

Interfaks axborot agentligining Rossiya hukumatidagi o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha¸ O‘zbekiston hukumati MTS shirkatining mamlakat mobil aloqa bozoriga qaytib¸ o‘z faoliyatini tiklashiga ruxsat bergan. Bu haqdagi qaror Vazirlar Mahkamasining chorshanba kungi majlisida qabul qilingan.

Hukumat ichidagi Interfaks manbasining bildirishicha¸ Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq endi Rossiya mobil aloqa shirkati O‘zbekistonda MTS brendi ostida o‘z sho‘ba korxonasini ochadi. O‘zbekiston bilan sheriklikda tuziladigan bu qo‘shma korxonani ta‘sis etish haqidagi kelishuvning tez kunlarda imzolanishi kutilmoqda.

Rossiya agentligi hozircha Toshkent va rossiyalik milliarder Vladimir Yevtushenkovga qarashli Sistema holdingi o‘rtasida tuziladigan bunday qo‘shma korxona tarkibiga oid boshqa tafsilotlar yo‘qligini ma‘lum qildi.

Shu bilan birga, MTSning Moskvadagi vakolatxonasi rasmiysi Dmitriy Solodovnikov Ozodlik so‘roviga kompaniya mazkur masala yuzasidan biror izoh berishdan hozircha tiyilib turishini bildirdi.

O‘tgan oy MTSning O‘zbekistonga qaytishiga bir qadam qolganini ta‘kidlagan Rossiyadagi “Sistema” kompaniyasi rahbari Vladimir Yevtushenkov¸ buning uchun faqat bitta shartni bajarish qolganini ta‘kidlagan edi.

O‘tgan oy Sankt Peterburgdagi xalqaro iqtisodiy forumda MTSga egalik qiluvchi “Sistema” aktsionerlik-moliya kompaniyasi rahbari Evtushenkov MTS shirkati O‘zbekiston hukumati bilan mamlakatdagi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish borasida deyarli kelishib olganini aytgan edi:

- Biz O‘zbekistonga qaytish uchun deyarli hamma shartlarni kelishib olganmiz. Faqat bitta muhim shart qolmoqda. Ular bizning qaytishimizni juda xohlashayapti. Agar shu shartni kelishib olsak, joriy yilning o‘zidayoq O‘zbekistonga qaytishimiz mumkin, - deb ta‘kidladi Yevtushenkov.


"Sistema" rahbarining aytishicha, chastotalar bilan bog‘liq so‘nggi masala bo‘yicha ayni damda so‘zlashuvlar olib borilmoqda.

- Bu davlat ishtirokidagi yangi kompaniya bo‘ladi. “Sistema” shirkati esa uni nazorat qiladi, degan edi Yevtushenkov jumladan.

"Sistema” kompaniyasi matbuot kotibasi Yekaterina Tsukanova Ozodlik bilan suhbatda MTSning O‘zbekistonga qaytishi bo‘yicha Toshkent hukumati bilan bo‘layotgan so‘zlashuv detallari hali aniq emasligini aytdi.

– Vladimir Petrovich haqiqatan ham O‘zbekiston bilan so‘zlashuvlar borayotganini aytdi, lekin bu so‘zlashuvlarning detallari hali aniq emas. Qaytamiz deyilayotgani, bu MTS mamlakatda erta yoki indin ish boshlaydi, degani emas. Bu bir yoki ikki oyda hal bo‘ladigan ish ham emas. Yirik biznesmenlar bir nima haqida gapirishsa, ular strategik, uzoqni ko‘zlab gapirishadi. Vladimir Petrovich ham masalaga strategik qarayapti, dedi Tsukanova.

O‘zbekiston rasmiy idoralari MTS ning O‘zbekistonda "O‘zdunrobita" brendi bilan faoliyat yuritgan sho‘basini yirik miqdordagi soliq to‘lovlarini yashirish, pul yuvish, mijozlarning mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish kabi harakatlarda ayblab¸ 2012 yil yozida litsenziyadan mahrum qilgan edi.

Shirkat 2013 yil boshida bankrot deb e‘lon qilingan, uning mol-mulkini sotish bo‘yicha o‘tkazilgan ikkita kimoshdi savdosi esa "potentsial xaridorlardan ariza kelib tushmagani sabab" natijasiz tugagani rasman ma‘lum qilingan edi.

2013 yilning dekabrida Toshkent shahar Xo‘jalik sudi qarori ostida “O‘zdunrobita” shirkatining barcha mol-mulki ekspluatatsiya qilmaslik sharti bilan “O‘zbektelekom” milliy aloqa operatori balansiga o‘tkazilgani xabar qilingan edi.

Toshkentning MTS faoliyatini to‘xtatishi oqibatida mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan "O‘zdunrobita"ning 10 millionga yaqin mijozi bir kunda aloqasiz qolgan edi.

O‘zaro muzokaralar natijasiz qolganidan so‘ng MTS shirkati O‘zbekistondagi bo‘limining yopilishidan ko‘rgan 1 milliard dollardan oshiq zararni undirib berish uchun xalqaro arbitrajga shikoyat qilganini bildirgandi.

Vashingtondagi xalqaro markaz (ICSID) shu yil boshida shirkat shikoyat arizalarini ko‘rib chiqishni boshlaganini bildirgan edi.

O‘zbekiston bilan sherikchilikda ta‘sis etiladigan qo‘shma korxonaning o‘zbek mobil aloqa bozoriga qaytishi¸ MTSning arbitraj sudida ko‘rilaëtgan arizasining qaytarib olinishi va bu jaraënning to‘xtatilishini anglatishi mumkin.

Ayni paytda¸ Toshkent hukumatining MTS qaytishiga rasman ruxsat bergani¸ Sistema holdingi egasi ochiqlamagan so‘nggi shartning qabul qilingani tasdig‘i bo‘lishi mumkin.

Bu qanday shart ekani haqida taxminiy fikr bildirgan ayrim tahlilchilar, rasmiy Toshkent Yevtushenkovga ikki yildan buyon qochib yurgan MTSning O‘zbekistondagi shirkati rahbari Behzod Ahmedovni qidirib topishga ko‘maklashish shartini qo‘ygani farazini ilgari surdilar.

Uzoq yillar prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning yaqin biznes sherigi bo‘lgan Behzod Ahmedov¸ taxminlarga ko‘ra¸ Karimova bilan yuzaga chiqqan ziddiyat bois¸ mamlakatdan qochib ketgan.

Evropaning bir qator davlatlarida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimova va uning yaqinlari bilan bog‘liq jinoyat ishlaridagi asosiy figurant bo‘lgan Behzod Ahmedov¸ Yevropa tergovchilari uchun Karimova biznes imperiyasiga oid qimmatli ma‘lumotga ega shaxs sifatida ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG