Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:17

Rossiya gazini boyga arzon, kambag‘alga qimmat sotmoqda


Rossiya gazining narxi yevropalik iste‘molchilar uchun bir xil emas. Jamoatchilikka oshkor bo‘lgan yangi ma‘lumotlar G‘arbiy Yevropa mamlakatlari gaz uchun Rossiyaning Gazprom shirkatiga Sharqiy va Markaziy Yevropaning kambag‘alroq davlatlariga qaraganda kamroq haq to‘lashini ko‘rsatmoqda.

Nega Polsha yoki Chexiya har 1000 kub metr gaz uchun Rossiyaga 500 AQSh dollari to‘laydiyu Germaniya 400 dollargina to‘laydi?

Tahlilchilar buni "monopolistning diskriminatsion savdo siyosati", deb ta‘riflamoqdalar.

Evropaning Bolqon mintaqasidagi kambag‘al mamlakatlariga Rossiya gaz uchun yana ham yuqori narx belgilagan.

Makedoniya har 1000 kub metr gaz uchun Rossiyaga 564 AQSh dollari to‘laydi.

Aholisining o‘rtacha oyligi Germaniyadagiga qaraganda 5 marta kam bo‘lgan Bosniya-Gertsegovina uchun Rossiya har 1000 kub metr gaz narxini 515 dollar qilib belgilagan.

Gaz uchun kamroq haq to‘laydigan Yevropaning boy davlatlari Qrim yarim orolini anneksiya qilgan Rossiyaga nisbatan yumshoq munosabat qilayotgani bejiz emas ekan, demoqda kuzatuvchilar.

Mart oyida Rossiya Ukrainaning tarkibiy qismi bo‘lgan Qrim yarim orolini anneksiya qilgan edi.

Ukraina sharqida hukumat binolarini ishg‘ol qilayotgan ayirmachilarni Rossiya dastaklashi aytilmoqda.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Moskvaga nisbatan cheklangan sanktsiyalar qo‘lladi.

Germaniya, Avstriya va Frantsiya Rossiyaga nisbatan kuchliroq sanktsiyalar qo‘llanilishiga qarshilik qildi. Bu bejiz emas.

Germaniya Rossiya gazining ulkan xaridori hisoblanadi. 2013 yilda bu mamlakat Rossiyadan 40 milliard kub metr gaz sotib oldi.

Frantsiyaning ham Rossiya bilan kelishuvi bor. Parij hukumati Rossiyaga "Mistral" harbiy kemalarini yetkazib berish bo‘yicha erishilgan ko‘p millirad dollarlik shartnomaning buzilishini istamadi.

Rossiyaga har 1000 kub metr gaz uchun 397 AQSh dollari to‘laydigan Avstriya esa iyunь oyida Rossiya gazini Ukraina hududini chetlab o‘tib g‘arbiy Yevropa mamlakatlariga yetkazishni ko‘zda tutgan “Janubiy oqim” loyihasining o‘z hududidan o‘tadigan qismi bo‘yicha kelishgandi.

Bolgariya Avstriyaga qaraganda har 1000 kub metr gaz uchun Rossiyaga 100 dollar ko‘proq haq to‘laydi.

Evropa Ittifoqi va AQSh tanqidlari ortidan Bolgariya Rossiya gazini Yevropa mamlakatlariga eltadigan “Janubiy oqim” gaz quvuri qurilishidagi ishlarini to‘xtatdi.

Mazkur gaz quvurini yotqizish ishlari 2013 yil oktyabrida Bolgariyada boshlangan.

Bu quvur Bolgariya, Serbiya, Vengriya, Avstriya, Sloveniya hududlaridan o‘tib, Italiyaga gaz yetkazilishi rejalangandi.

Loyiha yiliga 63 milliard kubometr gaz yetkazish quvvatiga ega.

Rossiya MDH bo‘yicha qo‘shnilarini arzon gaz kafolati evaziga Bojxona Ittifoqiga tortishga harakat qilib keladi.

O‘tgan yilning noyabrida Ukrainaning o‘sha paytdagi prezidenti Viktor Yanukovich Evropa Ittifoqi bilan Assotsiatsiyaga kirishish bitimini imzolashdan bosh tortishi bilan Rossiya prezidenti Putin Kiyevni Rossiya, Qozog‘iston va Belarus a‘zo bo‘lgan Bojxona Ittifoqiga tortishga urindi.

Kremlь 15 milliard dollarlik kreditdan tashqari Ukrainaga gaz narxini keskin kamaytirishni va‘da qildi.

Hozir Bojxona Ittifoqi a‘zosi bo‘lgan Belarusga Rossiya har 1000 kub metr gaz uchun 166 dollar narx belgilagan.

O‘tgan yili bu Ittifoqqa qo‘shilishga xohish bildirgan Armaniston esa Rossiyaga har 1000 kub metr gaz uchun 189 dollar haq to‘laydi.

Har ikki mamlakat iste‘mol qiladigan gazning hammasini Rossiyadan oladi.

Rossiyaning tanqidchilari bo‘lgan Boltiqbo‘yi davlatlari - Estoniya, Litva va Latviya Rossiyaga har 1000 kub metr gaz uchun to‘laydigan haq 416 dollardan kam emas.

XS
SM
MD
LG