Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:04

Urgutda kasal qo‘y so‘ygan 8 odam kasalxonaga yotqizildi


Ozodlik manbalariga ko‘ra, qo‘ydan yuqqan kasallik oqibatida kamida 8 odam gospitalizatsiya qilingan.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, qo‘ydan yuqqan kasallik oqibatida kamida 8 odam gospitalizatsiya qilingan.

26 iyundan boshlab Samarqand viloyatining Urgut tumani Vag‘ashti qishlog‘ida yashovchi sakkiz odam kasal qo‘ylarni so‘yishi natijasida kasallanib, shifoxonaga yotqizildi. Urgutdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozircha bemorlarning kasali aniqlanmagan, lekin to‘rt kishining sog‘ligi yaxshilangan.

O‘tgan oy oxirida Vag‘ashti qishlog‘ida qo‘y va echkilar orasida kasallik tarqalgan va kasal qo‘ylar yoqib yuborilgan. Lekin qishloqdagi beshta xonadon egasi qo‘ylarini yoqishga ko‘zi qiymay, ularni so‘yib, go‘shtini yeyishgan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan vag‘ashtilik manbaga ko‘ra, kasal qo‘ylar go‘shtini yeganlarga hech narsa qilmagan, lekin qo‘ylarni so‘ygan va ularning kalla-pochasini tozalagan odamlarning badaniga yara toshib ketgan:

“Cho‘ponlar toqqa o‘tlagani olib chiqib, tushgan qo‘ylar orasida kasallik tarqalgan. Ularning hammasi yoqib yuborildi. Lekin ikkita echki va uchta qo‘yni so‘yishgan. So‘yib go‘shtini barcha oila a‘zolari yeyishgan. Yeganlarga hech narsa bo‘lmadi. Qo‘ylarni so‘ygan va ularning kalla-pochasini tozalagan odamlar kasal bo‘ldi. Ularning badanini yara bosib, shishib ketishgan. Birinchi bo‘lib 26 iyunь kuni bir erkak bolnitsaga yotdi, uni ortidan kelini ham bolnitsaga yotdi”, dedi manba.

Urgut tuman sog‘liqni saqlash tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, badaniga yara toshgan jami sakkiz kishi kasalxonaga yotqizilgan:

“Bemorlarning ahvoli yaxshi. Ijobiy o‘zgarishga ega. To‘rttasining ahvoli yaxshilangani uchun, ular shifoxonadan chiqarildi. Ularga qo‘yni so‘ygan payti, qanaqadir infeksiya kirgan bo‘lsa kerak. Bu haqda xabar topgach, hammasi darrov kasalxonaga yotqizildi”, dedi manbamiz.

Uning aytishicha, qo‘y so‘yib, kasallangan bemorlarga aniq bir tashhis qo‘yilmagan:

“Biz bir qancha infektsion kasalliklarda gumonlangandik. Lekin bu kasalliklar tasdiqlanmadi. Biz darrov tekshiruv o‘tkazdik. Ular to‘la nazoratga olingan. Lekin xavfli joyi bo‘lmagach, to‘rttasiga javob berilgan”, dedi Urgut tuman sog‘liqni saqlash tizimidagi Ozodlik manbasi.

Vag‘ashti qishlog‘ida yashovchi manbaga ko‘ra, kasal qo‘ylar voqeasidan so‘ng qishloqda ma‘lum muddat karantin joriy qilingan:

“Qishloq vrachlik ambulatoriyasidan doktorlar, Urgutdagi doktorlar, keyin Samarqanddan doktorlar keldi. 10ta-10ta bo‘lib, uyma-uy yurishdi. Qo‘ylarga ukol qilishdi. Uylarni dezinfektsiya qilishdi. Kasallangan uylardagi odamlarning hammasiga kapsula, tabletka berishdi”, dedi vag‘ashtilik manba.

Hozircha Vag‘ashti qishlog‘idagi qo‘ylarning nimadan kasallangani ham noma‘lum.

2012 yilning kuzida Jizzax va Samarqandda yuzlab qo‘ylar vaktsinadan kasallanib, qirilib ketgan edi. O‘sha paytda Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan Jizzax viloyati Veterenariya boshqarmasi mutasaddisi noma‘lum vaktsina oqibatida "xavfli shish" kasalligi tarqalgani, ammo buning inson organizmiga jiddiy zarari yo‘qligini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG