Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:11

Gulnora Karimova tug‘ilgan kuni arafasida yangi maktub paydo bo‘ldi


Karimovlar oilasining birga tushgan kamdan-kam suratlaridan biri.
Karimovlar oilasining birga tushgan kamdan-kam suratlaridan biri.

O‘zbekiston hokimiyatida ishonchli manbalari bor ekanini iddao qiladigan Uzmetronom Internet gazetasi Gulnora Karimova 8 iyul - o‘z tug‘ilgan kunini Boltiqbo‘yi davlatlaridan birida, yaqinlari davrasida nishonlagani haqida xabar paydo bo‘lgan bir paytda, runetda prezident to‘ng‘ichining hamon uy qamog‘ida ekaniga shama qiluvchi suratlar, hamda uning tutqunlikdan turib, 3 iyul – singlisi Lola tug‘ilgan kunda yozilgan navbatdagi maktubi chop etildi.

Noma‘lum blogger taqdim etadi...

“The Russian times” Internet nashrida o‘zini Asqar Qosimov deb atagan blogger tomonidan chop etilgan yangilik “O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining hayoti va salomatligi xavf ostida” deb nomlanadi.

Gulnora Karimova o‘zining 42-tavallud kunini nishonlagan 8 iyul arafasida yozilgan bu blog sarlavhasida iddao qilingan xatar, Gulnora Karimova kundaligidan yetib kelgan ayrim yozuvlarga asoslanishi aytiladi.

Islom Karimovning to‘ng‘ich qizini “temir xotin”, kuchli iroda va yo‘lboshchilik salohiyatiga ega shaxs sifatida ta‘riflagan notanish blogger, yaqinlargacha O‘zbekiston siyosiy-ijtimoiy va shou biznesi markazida bo‘lib kelgan Gulnoraning bugungi ahvoli jiddiy xavotirga asos bo‘lishini ta‘kidlaydi.

Gulnoraga nisbatn berilayotgan bu rasmda, uning o‘z qo‘riqchilari bilan dahanaki jangi, "barmoqlarimni sindirmoqchi bo‘lishdi" degan iddao bilan taqdim etilgan.
Gulnoraga nisbatn berilayotgan bu rasmda, uning o‘z qo‘riqchilari bilan dahanaki jangi, "barmoqlarimni sindirmoqchi bo‘lishdi" degan iddao bilan taqdim etilgan.

Shu mazmundagi qisqa taqdimotdan so‘ng blogger, “ishonchga molik kanallari orqali yetib kelgani” iddao qilingan Gulnora Karimova kundaligidan olingan ayrim yozuvlarni, o‘z guvohligiga ko‘ra, nuqta-vergulini ham o‘zgartirmay taqdim etadi; bu maktubga esa, Gulnoraning maxsus qo‘riqchilar qurshovida qolayotgan uyi va bu qo‘riqchilarning go‘yo prezident qizi barmoqlarini sindirayotgani aks etgan suratlarni ilova qiladi.

Gulnora Karimovaga nisbat berilayotgan fotosuratlar, qachon, qayerda olingani yohud, bu suratlarning sifatsiz bo‘lgani bois, unda tasvirlangan odamlar kimligini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Opaning singil tug‘ilgan kundagi “dil izhori”

Bugun 2014 yilning 3 iyuli: katta qizim va go‘yoki otamning sevimli nabirasi bo‘lgan Imonning 16 ga to‘lganidan beri 13 kun o‘tdi va buni hech kim eslamadi ham", deya gap boshlanadi bu maktubda.

Prezident qizi ekanini iddao qilayotgan maktub muallifi unda, o‘ziga qarshi chiqayotgan MXXning nufuzli shaxslari ishdan chetlatilganini inkor qiladi. Maktubda iddao qilinishicha, prezident rafiqasi Tatyana Karimovaga sodiq bo‘lgan MXXdagi bu shaxslar, go‘yo prezident Islom Karimovni aldash uchun, "xo‘ja ko‘rsinga" hibsga olinib, keyin qo‘yib yuborilgan va o‘z lavozimlariga qaytarilgan.

Gulnora Karimovaga nisbat berilgan maktubda, shu paytgacha prezident to‘ng‘ichi tarafidan onasi Tatьyana Karimova va singlisi Lola Karimova-Tillayevaga qarshi bildirilgan iddaolar takrorlanadi.

Lola va eri Timur Tillayev O‘zbekistonga noqonuniy tarzda tovar olib kirayotganlari, Abu Sahiy savdo kompleksidan kuniga 20 million AQSh dollari miqdorida foyda olishlari va shu kabi boshqa ayblovlarni inkor qilib, Gulnora Karimovani "tuxmat qilgani" uchun sudga berish bilan tahdid qilgan.

"Gulnora Karimova tomonidan men va mening turmush o‘rtog‘im Timur Tillayevga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida diffamatsiya, bo‘xton va po‘pisalar tarqatilayotganligi, bizga huquqshunoslarimiz bilan maslahat boshlab, Gulnora Karimovaga qarshi sudga da‘vo qilish kabi qonuniy choralarni qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishdan o‘zga chora qoldirmayapti", deya bayonot tarqatgan edi Lola Karimova-Tillayeva o‘tgan yilning dekabrida.

Singilning opaga qilgan bu ogohlantiruvi amalga ko‘chganmi, yo‘qmi Ozodlikka ma‘lum emas.

Maktub davomida o‘zini Gulnora Karimova deb atayotgan muallif, hamisha ezgulik uchun kurashib kelganini ham iddao qiladi.

Gulnora Karimovaning o‘z qo‘li bilan ëzgani iddao qilingan bu maktubi Ozodlikka yo‘llangan edi.
Gulnora Karimovaning o‘z qo‘li bilan ëzgani iddao qilingan bu maktubi Ozodlikka yo‘llangan edi.

"Men hamisha yorug‘likning qorong‘ulikdan, haqiqatning yolg‘ondan, qo‘shuvning ayiruvdan kuchliroq va ustun ekani, yolg‘onning hamisha fosh bo‘lishiga ishonganman. Men hamisha bir umr ko‘zimga yopishgan pushti ko‘zoynakni olib tashlashni istadim... maksimalistmanda. Otam meni Don Kixot sifatida ko‘rishni istagan emas – qulay kelib qolganida doim meni urishardi. Bugun esa men - haqiqatan ham masxaraga aylandim", deya noliydi maktub muallifi.

Gulnora Karimova¸ bu suratni o‘z tug‘ilgan kuni arafasida qo‘riqchilik yanada kuchaytirilganiga dalil sifatida taqdim etgan.
Gulnora Karimova¸ bu suratni o‘z tug‘ilgan kuni arafasida qo‘riqchilik yanada kuchaytirilganiga dalil sifatida taqdim etgan.

“8 iyul kungi tug‘ilgan kunimga nisbatan po‘pisalar meni yozishga majburladi” deb iddao qilgan maktub muallifi, “hozir kechayotgan voqealarning hammasi (aslida qariyb ikki yildan beri) aniq ishlangan reja asosida bormoqda”, deya ta‘kidlaydi. O‘zini prezidentning to‘ng‘ich qizi deb atagan maktub muallifining iddaosicha, o‘zining bu bo‘layotganlarga nisbatan, kutilgani kabi jim qolmagani, ko‘p narsani qorishtirib yuborgan.

Uzmetronom Gulnora Karimovaning uy qamog‘ida ekanini inkor etdi

O‘zini uy qamog‘ida qolayotgan Don Kixot deb taqdim etgan Gulnora Karimova kundaligidan olingani iddao etilgan bu “The Russian Times” Internet nashrida paydo bo‘lishi bilan ketma-ket, Gulnora Karimovaning mamlakatni tark etgani iddao qilingan xabar paydo bo‘ldi. Uzmetronom sayti o‘z ishonchli manbalariga tayanib, 8 iyul kuni 42 yoshga kirgan Karimova "tug‘ilgan kunini Boltiqbo‘yi davlatlaridan birida aziz do‘stlari davrasida nishonlayapti" deb yozdi.

“Shu paytgacha bu manbadan olingan ma‘lumotlarning barchasi to‘g‘ri chiqqan. Bu bizning juda ishonchli manbamiz”, dedi 8 iyul kuni Ozodlik muxbiri bog‘langan Uzmetronom bosh muharriri Sergey Yejkov.

“Gulnoraning Toshkent bilan yaqin aloqaga ega Latviyada ekani”ni taxmin qilgan Yejkov “Karimova O‘zbekistonni ancha oldin tark etgani va hatto, hech qachon uy qamog‘ida bo‘lmagani”ni ham iddao qildiki, Ozodlik ixtiyorida bir-biriga mutlaq teskari bo‘lgan bu ikkala iddaodan birortasini na bevosita tasdiqlash va na inkor etish imkoni hozircha bor.

"Uy qamog‘i"dan daraklar

Bundan avval Turkiya, Britaniya va AQSh nashrlari, xususan, Ozodlikka ham, oshkor etilmayotgan kanallar orqali maktub yo‘llagan Gulnora Karimova, o‘zining 2013 yil oxiridan beri uy qamog‘ida saqlanayotganini iddao qilmoqda.

Gulnoraning "qamoq"dan chiqargan suratlaridan biri.
Gulnoraning "qamoq"dan chiqargan suratlaridan biri.

Ayni paytda, Gulnoraning 21 yashar o‘g‘li Islom Karimov Rossiyaning "RenTV" kanalida 21 iyun kuni ko‘rsatilgan intervyusida onasi va betob singlisining “norasmiy uy qamog‘ida” ekani, u bilan olti oydan buyon ko‘rishmaganini ma‘lum qildi va bobosiga murojaat qilib, tibbiy yordamga muhtoj onasi va singlisining O‘zbekistondan chiqib ketishiga izn berishni so‘radi.

O‘z taqdirining bunday keskin o‘zgarishi uchun onasi Tat‘yana Akbarovna, singlisi Lola Karimova, kuyovi Timur Tillayev, shuningdek MXXdagi birinchi shaxs, xususan, aka-uka Sharifxo‘jayevlarni ayblab kelayotgan Gulnora, otasining moliyaviy-biznes hamkorlardan tuzilgan ana shu guruh tomonidan aldanayotganini ta‘kidlamoqda.

Gulnora uyida, uning sheriklari esa qamoqda...

Shveysariya, Shvetsiya va Fransiyada korruptsiya va pul yuvish jinoyatlarida gumonlanayotgan Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi biznes imperiyasi va siyosiy nufuzi 2013 yil sentyabrida sindirila boshlandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 17 fevral kuni Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri va asosiy moliyaviy sherigi deb ko‘riladigan Rustam Madumarov, yaqin yordamchisi Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyeva kabi o‘nga yaqin odamga og‘ir moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini e‘lon qildi.

Hozircha bu jinoyat ishlari tergovi qaysi bosqichda ekani noma‘lum qolmoqda.

XS
SM
MD
LG