Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:21

Islom Karimov: Turkiya va O‘zbekiston orasida o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolar takrorlanmasligi kerak


O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li bilan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li bilan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto‘g‘li 10 iyul kuni Toshkentga keldi. Toshkent xalqaro aeroportida Turkiya tashqi ishlar vazirini O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kutib olgan.

Turkiya diplomati O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan 10 iyul kuni uchrashdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvda Islom Karimov: "Ikki o‘lka orasida o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolar takrorlanmasligi kerak" dedi.

TRT xabar agentligi bu tashrifni “Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichi” deb ta‘rifladi.

Turkiya hukumatining bu maqomdagi mulozimi so‘nggi 11 yil ichida Toshkentga ilk bor safar qilmoqda.

Ahmad Dovudo‘g‘lining o‘zi Toshkentda TRT muxbiriga bergan intervyusida bu tashrifni “lavozimga kelganimdan beri buyuk hasrat bilan kutganim ziyorat” deb ta‘kidlagan va so‘zida davom etib, “Turkiya va O‘zbekiston jipslashib qudratli bo‘lsagina¸ Osiyoda barqarorlik bo‘ladi. Bu esa butun dunyo uchun muhim mujdadir” deya bildirgan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ 10 iyul kuni boshlangan rasmiy tashrif davomida o‘tkazilgan muzokaralarda, jumladan, O‘zbekiston-Turkiya iqtisodiy munosabatlari va turk ishbilarmonlari yuz tutgan muammolar yechimi muhokama qilindi.

Yana bir manbalar ta‘kidicha¸ Dovudo‘g‘li O‘zbekiston prezidenti bilan suhbatda dunyoda yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyat muhokama qilinadi.

Tashrifning ikkinchi kuni Dovuto‘g‘lining Samarqand¸ Buxoroni va Xorazmni ham ziyorat qilishi bildirildi.

Istanbuldagi “O‘zbeklar birligi” jamiyati vakili Odam Chevikning Ozodlikka aytishicha, Turkiya bilan ham siyosiy muloqotni yaxshilash tashabbusi O‘zbekiston prezidentidan chiqqan.

Toshkent va Anqara o‘rtasidagi muz tog‘lari

Turkiya 1991 yilda O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. Lekin shunga qaramasdan, 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab Toshkent-Anqara munosabatlari sovuqlashgan.

Ammo bu sovuqlikka qaramasdan¸ o‘zbekistonliklar Turkiyaga vizasiz kirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Masalan¸ bu yil Turkiyaga turist sifatida kelgan o‘zbeklar soni 130 mingni tashkil qilgan. Turkiya Iqtisod vazirligidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Turkiyaga turizm maqsadida kelganlar soni bir yilda 15 mingga ko‘paygan.

O‘tgan asrning 90-yillar boshida ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlar bir qadar iliq bo‘lgani eslanadi.

Prezident Islom Karimov rivojlanishning "Turkiya modeli"ni O‘zbekistonga tatbiq qilish orzusini ko‘p bora takrorlagan edi.

O‘sha yillarda O‘zbekiston Turk sarmoyadorlarining paxtani qayta ishlash va dehqonchilik kabi sohalarga, savdo-tijoratga ulkan sarmoyalar kiritgan mamlakatiga aylandi.

Turk litseylari qator chet tillarni biladigan iste‘dodli o‘zbek yoshlarini yetishtirib chiqaradigan o‘quv maskanlari sifatida tanildi.

Ammo sal o‘tmay litseylar yopildi va Turkiyaga ketgan o‘quvchilar O‘zbekistonga qaytarib olindi.

Ikki tomonlama munosabatlarning yomonlashuviga Turkiya O‘zbekiston muxolifati yetakchilariga boshpana bergani asosiy sabablardan biri, deb ko‘riladi.

Rasmiy Toshkentning 1999 yilgi portlashlarda Turkiyada istiqomat qilgan o‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihni aybdorga chiqargani ham Turkiya bilan munosabatlarini sovuqlashtirgan omil sifatida ko‘riladi.

O‘tgan yillarda O‘zbekistonga sarmoya yotqizgan turk tadbirkorlari Toshkent hukumati tomonidan ta‘qibga uchragan va o‘nlab turk sarmoyadori soliqlardan bo‘yin tovlaganlik va ekstremistlarga homiylik qilganlik ayblari bilan qamoqqa tashlangan.

Buning barobarida O‘zbekiston turkiy davlat rahbarlari sammitida ham ishtirok etmasdan keladi.

Turkiyaning turkiy davlatlar bo‘yicha sobiq vaziri, taniqli siyosatshunos Ahad Andijoniyga ko‘ra¸ o‘zbek-turk munosabatlarining yaxshilanishi Islom Karimovning lavozimdagi umri qachon tugashiga bog‘liq.

Prezident Islom Karimov Turkiyaga oxirgi marta 1999 yili Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashish uchun borgan edi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘onning Toshkentga tashrifi 2003 yilda amalga oshgan edi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tijorat hajmi 1,37 milliard dollar. Bu ko‘pmi yo oz ?

Turkiya Iqtisod vazirligi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ 2013 yilda Turkiyadan O‘zbekistonga 563 million dollarlik mol jo‘natilgan; O‘zbekiston esa Turkiyaga 815 million dollarlik mol sotgan.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi 1,37 milliard dollarlik tijorat hajmi ko‘pmi yo oz¸ degan savolimizga Turkiya iqtisod vazirligi mulozimi “O‘zbekiston Turkiya tijorat qiladigan mamlakatlar orasida 50- o‘rinda turadi" deya javob berdi.

Ayni kunlarda¸ rasmiy manbalarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda 400 ta turk shirkati faoliyat yuritmoqda.

Turkiyada esa o‘zbek sarmoyasi asosida 114 shirkat mavjudligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG