Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:48

Toshkentda qariyalarni tunagan bosqinchi umrbod qamoqqa hukm qilindi


O‘tgan yili Toshkentda jinoyatchilarga doir fotorobotlar tarqatilgan edi.
O‘tgan yili Toshkentda jinoyatchilarga doir fotorobotlar tarqatilgan edi.

O‘zbekiston bo‘ylab "kampirlar qotillari" degan vahimali nom olgan bir necha shov-shuvli jinoyatni amalga oshirganlar ustidan¸ Bosh prokuratura tarqatgan rasmiy ma‘lumotga ko‘ra¸ yaqinda mahkama hukm chiqargan. Ulardan biri umrbod tutqunlikka¸ boshqasi esa¸ 15 yillik qamoqqa hukm etilgan.

Toshkent shahrida qariyalarni tunagan bosqinchilar ustidan 27 iyun kuni hukm chiqarildi¸ deb xabar tarqatdi 9 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Xizmatning bildirishicha, J. Qosimov va N. Urazovalar ishini ko‘rib chiqqan Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudlanuvchilarni aybdor deb topgan.

Hukmga ko‘ra, J. Qosimov umrbod qamoq jazosiga, N. Urazova esa 15 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan.

“Tergov davomida uyushgan jinoiy guruh a‘zolari J. Qosimov va N. Urazova o‘zlarini kommunal, tibbiyot yoxud ijtimoiy ta‘minot xizmatlari xodimlari sifatida tanishtirib, keksa yoshdagi fuqarolarning ishonuvchanligidan foydalanib, xonadonlariga to‘siqsiz kirib, ularga nisbatan qotillik, bosqinchilik va boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etganligi aniqlandi”, deyiladi prokuratura xabarida.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, poytaxt aholisi o‘rtasida o‘ziga xos vahima tarqatgan bu jinoyatchilarning qo‘lga olinishi jarayoni oson kechmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar IIBB va Toshkent viloyati IIB tomonidan tuzilgan maxsus tezkor guruhning qariyb 2,5 oy davom etgan qidiruvlari davomida 1000 dan oshiq gumondor so‘roq qilingan, maxsus profilaktika ro‘yxatida turuvchi 500 ga yaqin shaxs IIB izolyatorlariga keltirilgan.

Ismi sir qolishini istagan parkentlik adovkatga ko‘ra, so‘roqlar chog‘ida gumondorlar qiynoqlarga solingan. Gumondorlarni zo‘raki iqrorliklar bilan qo‘rqitib, ulardan mahalla, uy joylarini tark etmaslik bo‘yicha tilxatlar olingan.

“Agar qotillar yana biroz qo‘lga tushmaganida militsiya juda ko‘p odamga tashvish keltirardi. Shundog‘am endigina jazo muddatini o‘tab qaytgan jinoyatchilar Toshkent shahar IIBBga olib kelindi. Telefonda maishiy to‘lovlar, issiq suv, sovuq suv, gaz haqida gaplashganlarni olib borib so‘roq qilishdi”¸ deydi Ozodlik muxbiri bog‘langan bu advokat.

Shuningdek, tergov-qidiruv jarayonida “Tashteploenergiya”, Toshkent shahar elektr tarmoqlari idorasi, Toshkent shahridagi ATSlar xodimlari, vodokanal, “Maxsustrans” uyushmasi, Toshkent shahar BTI va Yer kadastr xizmati idorasi va boshqa kommunal xizmat organlarining xodimlari so‘roq qilingan.

Vahimalarni bostirish maqsadida Toshkent shahri va viloyati profilaktika inspektorlari tarafidan ko‘p qavatli uylardagi pensionerlar, boquvchisini yo‘qotgan shaxslar himoyasi tashkil etildi.

Toshkent shahar Hamza tumani M. Ashrafiy ko‘chasida istiqomat qiluvchi keksa pedagog Galina Petrovaning ta‘kidicha, noma‘lum qotillar paydo bo‘lgan kezlarda militsiya dahadagi har bir xonadonni bittalab ko‘zdan kechirgan.

Ozodlikda ma‘lumotlarga ko‘ra¸Toshkent shahridagi yolg‘iz qariyalarni tunashda gumonlangan guruh a‘zolari o‘tgan yilning 30 sentyabrь kuni qo‘lga olindi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari “Iskovuch” guruh deb atayotgan shaxslar Toshkent viloyati Zangiota tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan qo‘lga olingan.

Qo‘lga olingan shaxslar dastlab 26 sentyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumani 19-kvartalida yolg‘iz yashovchi 65 yashar ayol uyini tunashda gumonlangan edi.

Shuningdek, ularga 6 sentyabrda Chilonzor tumanidagi Muqimiy ko‘chasi 160-uy 31-xonadonda yashovchi 87 yoshli Xadicha Nosirovaning uyiga o‘g‘irlikka tushib, uning uch million so‘m pulini o‘marish aybi ham qo‘yilgan edi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, keyingi bir yil mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni o‘ttizdan oshgan.

Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning boshida qayd qilingan bo‘lib, bir xil o‘g‘irlik stsenariy asosida bir qancha guruhlar harakat qilgan.

XS
SM
MD
LG